Al-Xorazmiyning munosib vorisi

18:48 14 Sentyabr 2022 Jamiyat
1000 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Yurtimizda uchinchi Renessans poydevorini barpo etish, taraqqiyotga erishish uchun zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirishni, raqamli boshqaruv va ilgʻor axborot texnologiyalarini hayotga tatbiq qilishni zamonning oʻzi talab etmoqda. Bu borada ilm-fan ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan, yoshlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatadigan yuksak malakali professor-oʻqituvchilar, haqiqiy ziyolilarning oʻrni muhimligini Prezidentimiz hamisha taʼkidlab keladi.

Mamlakatimizda matematika fanining rivojlanishida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V. Romanovskiy nomidagi Matematika institutining salmoqli hissasi bor. Bu dargohda T. Sarimsoqov, S. Sirojiddinov, M. Salohitdinov, T. Joʻrayev singari mashhur oʻzbek olimlari tomonidan yaratilgan funksional analiz va algebra, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika ilmiy maktablari dunyo matematika hamjamiyati tomonidan tan olingan va alohida eʼtirof etilgan.

Mamlakatimiz ilm-fanini yangi sifat bosqichiga koʻtarish jarayoni iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga qiziqtirish hamda xalqaro ilmiy aloqalarni mustahkamlashga asos boʻlmoqda. Bu borada matematika fani va taʼlimini rivojlantirish, olimlarning yangi avlodini tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Bugungi kunda yurtimizda ulugʻ alloma bobomiz Fl-Xorazmiyning munosib vorislari sifatida matematika fanini va matematika taʼlimini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotgan olimlarimizning olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari dunyo miqyosida tan olinayotgani har birimizda faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotadi.

Ana shunday insonlardan biri — fizika-matematika fanlari doktori, fan arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni Shavkat Ayupov qariyb chorak asrdan buyon Matematika institutiga rahbarlik qilib keladi. Shu davr mobaynida bu dargohda olimlarning yangi avlodlari, buyuk alloma bobomiz al-Xorazmiyning izdoshlari yetishib chiqdi, ular tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar dunyo olimlari eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Keyingi yillarda institutda haqiqiy ijodiy muhit yaratildi va xalqaro aloqalar yanada rivojlantirildi. Kadrlar tayyorlash, ayniqsa, yosh fan doktorlarini kamolga yetkazish sezilarli darajada faollashdi. Institutga xalqaro grantlar olib kelindi. Masalan, olim rahbarligida Germaniyaning “DFG” fondi yoʻnalishi boʻyicha Bonn universitetining Amaliy matematika instituti bilan birgalikda loyihalar bajarildi. Oʻzbekiston — AQSH matematiklari ilmiy konferensiyalari uyushtirildi. AQSH milliy fondi hamkorligida amerikalik talaba va magistrlar uchun tashkil qilingan uch yillik yozgi maktab Matematika institutida oʻz faoliyatini muvaffaqiyatli olib bordi.

Ilm olishni igna bilan quduq qazishga mengzashadi. Bu — olimlar mehnatiga dono va zukko xalqimiz tomonidan berilgan baho. Shu bilan birga, kimningdir boshlagan ilmiy ishi nisbatan tezroq natija beradi, tezroq el-yurt nazariga tushib, hurmat-eʼtiborga sazovor boʻladi.

Toshkentda oddiy ziyoli oila xonadonlaridan birida tugʻilgan Shavkat Ayupovda oʻquvchilik yillaridayoq matematika faniga alohida qiziqish bor edi. U shu yoʻnalishda shahar va respublika matematika olimpiadalarida gʻolib boʻlib, Novosibirskdagi yozgi fizika-matematika maktabi bellashuvlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 1969-yili oʻrta maktabni oltin medal bilan bitirgach, Toshkent davlat universitetining (hozirgi OʻzMU) mexanika-matematika fakultetiga oʻqishga kirdi va 1974-yili uni “Funksional analiz” mutaxassisligi boʻyicha imtiyozli diplom bilan tamomlab, aspiranturaga qabul qilindi.

Mashaqqatli ilmiy izlanishlar va tadqiqotlar natijasida Shavkat Ayupov 25 yoshida fizika-matematika fanlari nomzodi, 31 yoshida fizika-matematika fanlari doktori, 43 yoshida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy akademigi boʻldi. 2003-yilda Butunjahon fanlar akademiyasi aʼzoligiga saylangan. Italiyadagi Nazariy fizika markaziga 6 yil davomida assotsiativ aʼzo boʻlgan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston matematikasi uchun yangi yoʻnalish boʻlgan algebra va operativ algebra sohalarini boshlab, hozir ham davom ettiryapti.

Uning dastlabki ilmiy ishlari noarximed normali maydonlar ustidagi topologik vektor fazolar nazariyasiga, maxsus halqalar gomomorfizmlariga va topologik modullarning ikkilik nazariyasiga bagʻishlangan. 1977-yilda mazkur sohadagi turkum ishlari uchun Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining yosh olimlarga beriladigan mukofotiga sazovor boʻlgan.

Oʻsha yillarda universitet rektori, akademik Toshmuhammad Sarimsoqov tashabbusi bilan Toshkentda nokommutativ (kvant) ehtimollar nazariyasi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar boshlangan boʻlib, bir qator yosh matematiklar bu yangi sohaning tartiblangan algebraik tuzilmalar nazariyasi bilan bogʻliq muammolar boʻyicha shugʻullanayotgan edi. Shavkat Ayupov tartiblangan Yordan algebralari va noassotsiativ integrallash nazariyasi, ularning kvant ehtimollar nazariyasiga tatbiqi yuzasidan ulkan dasturni bajardi. Bu tadqiqotlar natijasi olimning 1983-yilda “Fan” nashriyoti tomonidan T. Sarimsoqov, J. Hojiyev, V. Chilin hammuallifligida yozilgan “Tartiblangan algebralar” monografiyasida oʻz aksini topdi.

— Yoshligimdan matematikaga qiziqishim yuqori edi, — deydi Shavkat Ayupov. — Oʻsha vaqtlari akademik Sirojiddinov rahbarligida matematika boʻyicha respublika olimpiadalari oʻtkazilardi. Men oldin oʻsha bahslarda qatnashib, yaxshi natija koʻrsatdim. Keyin sobiq ittifoq miqyosida Novosibirsk shahrida oʻtkazilgan olimpiada gʻolibi boʻldim. Oʻshanda matematik boʻlaman, deb uzil-kesil qaror qildim va ToshDU (hozirgi OʻzMU) mexanika-matematika fakultetiga oʻqishga kirdim. 3-kursda kafedralarga taqsimlash vaqtida aynan Sarimsoqov rahbarligidagi funksional analiz kafedrasiga oʻtganman. Shu paytdan boshlab, butun ilmiy va ilmiy-tashkiliy faoliyatim akademik Toshmuhammad Sarimsoqov domla bilan birga boʻlgan. Men akademiklikka saylanganimda ham domla hayot edi. Buni ustozning 100-yilligiga bagʻishlab chiqarilgan kitobda yozgandim: “T. Sarimsoqov domla talabaligimdan akademikligimgacha birga boʻlgan, ustozlik qilgan”.

Mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamdagi islohotlar jarayonida matematika fani rivojiga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Yaqinda Urganchda, 130 gektardan ziyod hududda buyuk matematik bobomiz al-Xorazmiy sharafiga bunyod etiladigan shaharcha qurilishi poydevoriga kapsula qoʻygan Prezidentimiz bugungi zamonaviy ilm-fanning, elektron kashfiyotlarning tub zamini Al-Xorazmiy bobomizning mislsiz ilmiy merosi bilan bogʻliqligini, biz bu bilan nafaqat faxrlanishimiz, balki unga munosib boʻlishimiz kerakligini alohida taʼkidladi. Shaharchada Al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet barpo etilib, uning qoshida isteʼdodli bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab quriladi. Ularda oʻqigan yoshlar ilm-fan, innovatsiya va madaniyat markazlarida faoliyat koʻrsatib, buyuk ajdodimiz anʼanalarini davom ettiradi.

Matematika instituti eski binosining shart-sharoiti juda nochor va gʻarib edi. Olimlar bu yerga hatto xorijlik hamkasblarini, hamkor mutaxassislarni taklif qilishga uyalishardi. Bundan ikki yil avval mamlakatimizda matematika ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Matematika ilm-fani va taʼlimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Matematika instituti uchun yangi, zamonaviy, innovatsion bino barpo etildi. 2020-yil 7-may kuni “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Shu asosda Matematika fani va taʼlimini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda uning boʻlinmalari ochildi.

Institutning yangi binosida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish uchun barcha sharoit hozirlangan. 7 ta ilmiy laboratoriya va “Yosh matematiklar” markazi faoliyat yuritadi. Binoning turli qavatlarida axborot-resurs markazi va seminar xonalari, akademik va tadqiqotchilar uchun kabinetlar, kutubxona, majlislar zali, oshxona joylashgan. Xonalar eng ilgʻor texnika va uskunalar bilan jihozlangan.

Bunday eʼtibor ilm-fan fidoyilari boʻlgan olimlarni ragʻbatlantirdi, ularning kuchiga-kuch, gʻayratiga-gʻayrat qoʻshdi. Matematikaga oid yoʻnalishlarda taʼlim olayotgan talabalar va tadqiqotchilar uchun akademik T. Sarimsoqov nomidagi stipendiya taʼsis etildi. Shuningdek, “Akademik Qori-Niyoziy merosi” ilmiy-metodik markazi tomonidan yoshlarni ragʻbatlantirish maqsadida oʻquvchilar va talabalar oʻrtasida matematika fan olimpiadalari, magistrantlar, doktorantlar va yosh olimlar uchun turli tanlovlar oʻtkazib kelinmoqda. Bakalavriat va magistratura talabalari uchun akademik Qori-Niyoziy stipendiyasi joriy qilingan.

Yoshlarning matematika faniga qiziqishini oshirish maqsadida davriy ravishda akademiklar, professor-oʻqituvchilar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi”, “Ustoz — shogird”, “Mahorat darslari” kabi tadbirlar oʻtkaziladi. Institutda matematika oʻqitish metodikasi yoʻnalishida tashkil etilgan ilmiy kengash yosh olimlarga ilmiy ishlar ustida izlanishlar olib borishda zarur koʻrsatmalar, tavsiyalar beradi. Bu esa matematika taʼlimi rivojiga munosib hissa qoʻshadigan ilmiy ishlar salmogʻini oshirishga xizmat qilmoqda.

Institutning hududiy boʻlinmalarida mamlakatimiz va xorijiy davlatlardan sohaning yetakchi olim va mutaxassislari, yosh tadqiqotchilari ishtirokida turli mavzularga bagʻishlangan xalqaro ilmiy konferensiyalar oʻtkazilib turiladi. Bu yerda matematika taʼlimi boʻyicha oʻquv-uslubiy materiallarni muvofiqlashtirish laboratoriyasi tashkil etilgan. Olimlar Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda maktablar uchun matematika fani darsliklarining yangi avlodini tayyorlash bilan shugʻullanishmoqda. Bunday darsliklar avval muhokamadan oʻtkazilib, zarur va foydali koʻrsatmalar asosida tasdiqlanganidan soʻnggina chop etilishiga ruxsat beriladi. Laboratoriya xodimlari tomonidan respublikaning barcha xalq taʼlimi sohasida hududiy malaka oshirish boʻlinmalaridagi tinglovchilariga turli mahorat darslari oʻtkazib kelinadi.

Uzluksiz taʼlim tizimida matematika fanlariga oid barcha islohotlar, turli tanlovlarni onlayn ravishda oʻtkazuvchi, sohaga oid zamonaviy adabiyotlar haqida maʼlumot beruvchi “Oʻzbekiston matematiklari” telegram kanali, Milliy matematika onlayn platformalari faoliyat yuritmoqda.

Bu kabi ishlar, bir tomondan, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlasa, ikkinchi tomondan, ilmiy faoliyatga qobiliyati bor yoshlarni saralab olish imkoniyatini beradi.

Shavkat Ayupov oʻz ilmiy tadqiqotlarida Yordan algebralarida shartli kutilmalar va martingallar nazariyasini rivojlantirdi, statistik va individual ergodik teoremalar, martingallar yaqinlashishi haqidagi teoremalar, kuchaytirilgan katta sonlar qonunini isbotladi. Olim 1994-yilda Oliy matematik tadqiqotlar instituti (IRMA, Fransiya) direktori professor J. Lode taklifiga koʻra Strasburg universitetida ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Oʻsha yillarda J. Lode gomologiyalar nazariyasidan kelib chiqqan holda Li algebrasining umumlashmasi — Leybnis algebrasi tushunchasini ilmiy tadqiqot yoʻnalishiga kiritgan edi. Shundan soʻng bu algebralar matematikaning turli sohalarida oʻz tatbiqini topdi. Fransiyadan qaytgach, Shavkat Ayupov shogirdlari bilan Leybnis algebrasi nazariyasini rivojlantirishga kirishdi. Bu sohadagi tadqiqotlarga koʻplab iqtidorli yosh matematiklarimiz hamda Ispaniya, Fransiya, Malayziya va boshqa mamlakatlardagi mutaxassislar qoʻshildi. Olingan dastlabki natijalar “Algebra va Operator nazariyasi” (“Algebra and Operator theory”) monografiyasiga kiritildi.

Hozir olim rahbarlik qilayotgan algebra ilmiy maktabida Li algebralari nazariyasidagi koʻplab klassik va muhim natijalar Leybnis algebralari uchun umumlashtirilgan va unga xos boʻlgan xususiyatlar aniqlangan. Ayni paytda Oʻzbekiston ushbu yoʻnalish boʻyicha yetakchi ilmiy markazga aylanganini alohida taʼkidlash lozim. Shavkat Ayupov va shogirdlarining ushbu yoʻnalish rivojiga qoʻshgan hissasi jahon hamjamiyati tomonidan tan olindi. Ushbu keng qamrovli tadqiqotlar Amerika matematika hamjamiyatining klassifikatorida Leybnis algebralari boʻlimi ochilishiga turtki boʻldi.

— Matematika fanining tamal toshini Al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy kabi ulugʻ bobolarimiz qoʻygan va bu fan aynan yurtimizda rivojlangan, — deydi Sh. Ayupov. — Lekin oxirgi yigirma yilda bu sohadagi mutaxassislarning matematikadan bilim darajasi pasayib ketdi. Chunki oʻqituvchilarga kerakli eʼtibor, munosib maosh berilmadi. Matematika murakkab fan, deb taʼlim dargohlarida oʻtiladigan mashgʻulotlar toʻrt semestrdan ikki semestrga tushirildi, uning nufuzi yildan-yilga pasayib ketdi. Buning salbiy oqibatlari hozir jamiyatimizning hamma yoʻnalishlarida sezilyapti.

Sohadagi islohotlarga faqat miqdor jihatidan yondashilib, sifat koʻrsatkichlariga eʼtibor yetarlicha boʻlmadi. Ilmiy darajalar olishdagi himoyalar soni oʻrinsiz oshirildi, turli reytinglarda ishtirok etish uchun toʻlov asosida koʻplab sifatsiz maqolalar chop etildi, xorijiy davlatlarda 10 — 15 yillar oldin himoya qilingan ishlarni oʻzbek tiliga oʻgirish orqali ilmiy darajalar olishga harakatlar boʻldi. Bularning hammasini koʻrib-bilib tursak hamki, qoʻlimizdan hech narsa kelmas edi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bu esa bilimli kadrlar yetishmasligiga olib keldi. Shukrki, hozirgi kunda sohada adolat mezonlari aniq belgilab olingan. Matematika fani oʻqituvchisining mahoratiga koʻp narsa bogʻliq. U qiziqtira olsagina, oʻquvchi bu fanni oʻzlashtirishga kirishadi. Adabiyot, tarix fanlarini mustaqil oʻrganish mumkindir, ammo matematikani oʻrganishda pedagogning tajribasi, ustozning oʻrni muhim. Bugun bu fanni rivojlantirish islohotlar jarayonida iqtisodiyotimizni mustahkam izga qoʻyib olishga imkon beradi.

Maʼlumki, ilgari matematik modellar fizika, mexanikada qoʻllanib kelinardi. Hozirga kelib esa dunyo boʻyicha boshqa sohalarda ham matematik modellar yaratilyapti. Masalan, deylik, biologiyaga matematik modellarni qoʻllash mumkin. Epidemiyalarni modellashtirish, yaʼni statistikaga qarab, biror kasallikning tarqalishi qanaqa boʻladi, uni qanday bartaraf qilish mumkin, ana shularni oldindan tadqiq etish imkoniyati bor. Shu maʼnoda, matematika hamma fanlarga asos boʻla oladi. Ularni oʻrganib, rivojlantirib, natijalarini amaliyotga qoʻllash matematikaning vazifasi.

Biz jajji kichkintoylardan tortib maktab ostonasiga qadam bosgan oʻgʻil-qizlarimizgacha uzluksiz matematik bilimlar berishni yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Maktab va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishimiz, ilm-fan va taʼlim integratsiyasini uzviy olib borishimiz kerak. Ilgari olimlarimiz repetitorlik bilan shugʻullanib, qoʻshimcha mablagʻ topishgani sir emas. Endilikda institutda “Yosh matematiklar” oʻquv markazi tashkil etilgan boʻlib, u yerda oliy oʻquv yurtlariga kirishni xohlovchilar matematika fanidan tayyorgarlik koʻrishadi.

Yuqorida taʼkidlangan “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga koʻra, matematika sohasidagi yutuqlar uchun Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofot uchta yoʻnalishda beriladigan boʻldi. Birinchisi, xalqaro miqyosdagi matematika boʻyicha fundamental yutuqlar uchun, ikkinchisi, matematikaning amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq qilingani uchun, uchinchisi esa yosh matematiklarga beriladi. Albatta, katta miqdordagi ragʻbatlantirishning bu turi olimlarimiz, yoshlarimizni ushbu fan yoʻnalishlarida izlanishlar olib borishga undaydi. Mazkur mukofotning xorijlik olimlarga ham berilishi koʻzda tutilgan.

Jurnalistlardan biri Shavkat Ayupovga: “Eng baxtli va qaygʻuli kunlaringizni eslaysizmi?”, deb savol berganida u: ”Eng quvonchlisi — farzandlarim tugʻilganida, eng qaygʻuli kunim — 1995-yilda ustozim, akademik Toshmuhammad Sarimsoqovni abadiy yoʻqotganimizda boʻlgan”, deb javob bergan edi.

Soʻnggi yillarda Shavkat Ayupov oʻz shogirdlari bilan sust-additiv funksionallar fazosining topologik va kategoriyaviy xossalarini ham oʻrganmoqda. Uning 8 ta monografiya va 300 dan ortiq ilmiy maqolalari eʼlon qilingan boʻlib, ularning koʻpchiligi chet davlatlarning nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarida chop etilgan. Olim oliy oʻquv yurtlari uchun koʻplab darslik va oʻquv qoʻllanmalarning muallifidir. Uni AQSH, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Malayziya, Fransiya, Xitoy, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardagi universitetlarga va yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlariga birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish uchun tez-tez taklif qilib turishadi. Shavkat Ayupov ilmiy maktabi Sichuan universiteti (Xitoy) hamda Janubiy Fan va texnologiya universiteti qoshidagi Xalqaro matematika markazi (Xitoy) bilan yaqin hamkorlikda ish olib boradi.

Akademik olim “Oʻzbek matematika jurnali”, “Matematika instituti byulleteni” hamda “Fizika, matematika va informatika” jurnallari bosh muharriri, Oliy attestatsiya komissiyasi rayosati hamda Oliy Majlis Senati aʼzosi hisoblanadi. U butun kuch-gʻayratini Oʻzbekistonda matematika fani va taʼlimi saviyasini koʻtarish, iqtidorli yoshlarni qidirib topish va fanga jalb qilishga safarbar etib kelmoqda.

Shavkat Ayupov sermahsul ilmiy va ilmiy-tashkiliy ishlar bilan birga salmoqli pedagogik va jamoatchilik faoliyatini ham olib bormoqda. Olim 30 yildirki, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining Algebra va funksional analiz kafedrasi professori sifatida yosh tadqiqtotchilarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilib, oʻtgan yillar davomida 14 nafar fan doktori va 40 dan ziyod fan nomzodlari tayyorladi. Ulardan koʻpchiligi yurtimizdagi va chet ellardagi universitet va ilmiy markazlarda faoliyat koʻrsatmoqda.

Joriy yilning 18 — 22-iyulida Portugaliyada boʻlib oʻtgan nufuzli xalqaro matematiklar konferensiyasida koʻplab mamlakatlar olimlari qatori Oʻzbekistondan akademik Shavkat Ayupov boshchiligida Farhod Eshmatov, Rustam Turdiboyev singari olimlarimiz oʻz maʼruzalari bilan qatnashib, yuksak eʼtirofga sazovor boʻlishdi.

Oʻzbekiston Qahramoni, akademik Shavkat Ayupov olimlarimizning olib borayotgan ilmiy tadqiqotlari va ularning xalqaro darajada tan olinayotganini Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda ilm-fanga berilayotgan yuksak eʼtibor natijasi, deb biladi. Bunday imkoniyatlar, eʼtiroflar va xalqaro natijalar yoshlarimizning ilm-fanga boʻlgan qiziqishini yanada orttirib, yangi-yangi kashfiyotlar yaratilishiga xizmat qilishiga ishonadi.

Mansurxon TOIROV, fizika-matematika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?