Akmal Saidov Turkiya Bosh Ombudsmani bilan uchrashdi

19:30 18 Iyun 2021 Jamiyat
334 0

18-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Turkiya Bosh Ombudsmani Sherif Malkoch bilan uchrashdi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston — Turkiya munosabatlari ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlik doirasida izchil rivojlanmoqda. Oliy va yuqori darajadagi, xususan, parlamentlar, vazirlik va idoralar, ishbilarmon va ilmiy-akademik doiralar, shuningdek viloyatlar oʻrtasidagi aloqalar tobora muntazamlik kasb etib bormoqda.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning mamlakatimizga amalga oshirgan tashriflari ikki tomonlama munosabatlarning rivojiga keng yoʻl ochib berdi.

A.Saidov Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiyaning Ombudsman instituti oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalari 2018-yildan buyon izchil amalga oshirilayotganini qayd etdi. Keyingi ikki yilda har ikki tashkilot rahbarlarining oʻzaro tashriflari yana-da faollashdi.

Sh.Malkoch Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar haqida soʻz yuritar ekan, xalqlarimizning tili, madaniyati va dini bir ekanini taʼkidladi. Oʻzbekiston nafaqat turkiy dunyo madaniyati va maʼnaviyati, ilm-fani va maʼrifati yuksalishiga, balki butun jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ allomalar yurti ekaniga urgʻu berar ekan, mamlakatda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga katta eʼtibor qaratilayotganini eʼtirof etdi.

Turkiya Bosh Ombudsmani shu yil 12-13-avgust kunlari mamlakatimizda oʻtkaziladigan Yoshlar huquqlari boʻyicha jahon konferensiyasi hamda noyabr oyida tashkil etiladigan Markaziy Osiyo mamlakatlarining inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari kengashida ishtirok etish uchun taklif etildi. Mehmon taklifni minnatdorlik bilan qabul qildi.

Muloqotda tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga koʻtarish istiqbollari ham muhokama qilindi. Xususan, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiyaning Ombudsman instituti oʻrtasida oʻzaro anglashuv toʻgʻrisida Memorandum imzolash masalasi koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida inson huquqlari sohasida axborot almashishni yana-da rivojlantirish xususida fikr yuritildi. Ayniqsa, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar faoliyatiga doir masalalar yuzasidan muntazam axborot almashishning muhimligi taʼkidlandi.

Maʼlumot uchun: Turkiyaning Ombudsman instituti 2012-yilda tashkil topgan. Uning asosiy maqsadi davlat boshqaruvi organlari ustidan kelib tushadigan shikoyatlarni mustaqil va samarali tarzda koʻrib chiqish hamda Turkiya Parlamentiga hisobot berishdir.

Turkiya Parlamenti Ombudsmani 2018-yilda Toshkentda tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining inson huquqlari boʻyicha milliy institutlari kengashi hamda Samarqandda boʻlib oʻtgan Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi ishida ishtirok etgan.

Oʻz navbatida, Turkiya Parlamenti Ombudsmani taklifiga koʻra, 2019-yili 18-19-noyabr kunlari Istanbul shahrida “Samarali davlat boshqaruvi tamoyillari va Ombudsman” mavzuida oʻtkazilgan dunyo Ombudsmanlarining ikkinchi xalqaro konferensiyasida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili qatnashgan.

Shu kunlarda Sh.Malkoch boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlarning korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari va ombudsmanlarining Toshkentda boʻlib oʻtayotgan 4-yigʻilishida ishtirok etish uchun rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻlib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?