Axloqsiz sahnalar tufayli keng muhokamalarga sabab boʻlgan serial taqdiri nima boʻldi?

20:48 20 Yanvar 2022 Jamiyat
1477 0

Foto: Халқ сўзи

Ijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalida namoyish etilgan “Sabriya” teleserialidagi ayrim axloqsiz sahnalar keng muhokamalarga sabab boʻldi. Behayo harakatlar bilan ifodalangan sahnalar hamda kuchli aktyorlar jamoasi boʻlishiga qaramay, sayoz yozilgan ssenariy ham tanqidlar yomgʻiri ostida qoldi. Serialdagi voqealar aslida ham shundaymi?

“Sabriya” serialida namoyish etilgan sahnalar yuzasidan OAV vakillari oʻz fikr-mulohazalarini bildira boshladi. Holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 18-yanvar kuni dastlabki oʻrganish ishlari olib borilayotgani aytildi. “Holat yuzasidan tekshiruv ishlari Agentlik tomonidan nazoratga olinib, ekspertiza tayinlandi. Ekspertiza natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi", – deyilgan xabarda.

Shundan soʻng Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Gender tengligini taʼminlash boʻyicha komissiyasi aʼzosi Saida Mirziyoyeva praym-taym vaqti namoyish etilayotgan, millionlab teletomoshabinlarning diqqatini tortgan serial yuzasidan oʻz munosabatini bildirdi: “Badiiy saviya haqida gapirib ham oʻtirmayman, unaqa narsaning oʻzi yoʻq. Serial mualliflari orasida birorta ayol yoʻqligiga ham ishonchim komil. Chunki hech qaysi filmda ayollarga nisbatan bu qadar nafrat koʻrmaganman. Syujetda giyohvand moddalarni isteʼmol qilish boʻyicha aniq va batafsil yoʻriqnoma koʻrsatishdan maqsad nimaligi ham tushunarsiz. Bu holatdan hech qanday xulosa chiqarilmagan. Hamkasb-ayollar oʻrtasidagi zahar-zaqqumga toʻla raqobat gʻoyasi-ku, umuman, ayollarni odam oʻrnida koʻrmaydigan latifabozlardan ilhomlanib yozilgandek. Va nihoyat, eng yoqimsiz va jirkanch epizodlar – ayollarga nisbatan zoʻravonlik sahnalari hamda isnoddan qutulishning yagona “toʻgʻri” yoʻli – oʻz joniga qasd qilish bilan bogʻliq. Naqadar “dono” maslahat!” Shuningdek, S. Mirziyoyeva serialni oʻzbekistonlik ayollarning obroʻyiga jiddiy putur yetkazayotgan sayoz mahsulot, deb atagan.

Bir qator tanqidiy fikrlardan keyin “Sevimli” telekanali bosh prodyuseri Amira Rashidova serialning faqatgina bir epizodi tarqalgani, unda giyohvand yigit qizga hamla qilmoqchi boʻlgan harakati aks etganini aytdi. “Ssenariyda koʻrsatilgan zoʻravonlik sahnasini rejissyor odam tanasini, qon va urushni koʻrsatmay suratga olgan. Ochiq zoʻravonlik, behayo yoki axloqsiz sahnalar koʻrsatilmagan. Qolaversa, giyohvand zoʻravon oʻz amaliga yarasha jazosini serialning shu qismida olgani koʻrsatilgan. Yovuzlikni koʻrsatmay, yomon odamlarning borligini berkitib yashaydigan zamonda emasmiz, Xudoga shukr. “Sabriya” serialidagi voqealar xam real insonlar hayotidan olingan”, – deydi “Sevimli” bosh prodyuseri. Shuningdek, Amira Rashidova serial rejissyor Nasiba Tursunovaning suratga olgan ilk ishi ekanligini taʼkidlagan hamda uch-toʻrt yil oldin oʻzbek telekanallarini bosib ketgan turk seriallari xususida toʻxtalib, milliy seriallar oʻtish davrida ekanini ham izohlagan.

Joriy yilning 20-yanvar kuni Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan serial haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi: “Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab boʻlgan “Sevimli” telekanalida namoyish etilayotgan “Sabriya” seriali haqiqatdan ham badiiy va mazmunan sayoz. Bu rejissyorning dastlabki ishlaridan biri ekanligiga qaramasdan telekanal Badiiy kengashi zarur darajada oʻz taklif, tavsiya va amaliy yordam bermaganligi maʼlum boʻldi. Jamoatchilik va teletomoshabinlarning bu serialga nisbatan bildirilayotgan tanqidiy fikrlarini telekanali taʼsischilari va ijodiy jamoasi albatta inobatga olib, zarur tashkiliy chora-tadbirlarni koʻrishi darkor”. Firdavs Abduxoliqov nodavlat telekanallarda efirga uzatilayotgan seriallarning asosiy qismi xususiy prodakshn studiyalari tomonidan ishlab chiqilganini ham aytib, mazkur studiyalarning tadbirkorlik faoliyatiga aralashmasdan, suratga olinayotgan kino mahsulotlarini badiiy va gʻoyaviy mazmunini baholaydigan maxsus konsultativ Badiiy kengash tashkil etishni taklif qildi. Ushbu Kengash tashkil etilgan taqdirda kino sanʼati sohasidagi malakali, yetuk va professional mutaxassislar jalb etilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, 20-yanvar kuni “Sevimli” telekanali taʼsischilarining umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov kanal Kuzatuv kengashi raisi vazifasini bajaruvchi etib saylandi. Taʼsischilar qarori bilan Bosh direktor vazifasini bajaruvchi A. Xoʻjayev va bosh muharrir Q. Saydaliyev oʻz vazifasidan ozod etildi. Shu paytga qadar OʻzEOAVMA bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan J.Safoyev kanal bosh direktori vazifasiga tayinlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?