Aytilgan summadan ortiqroq boʻlishi ham mumkin – Yangi Oʻzbekiston universiteti uchun kontrakt summasi tasdiqlanmaganini maʼlum qilindi

18:19 24 Iyul 2021 Jamiyat
605 0

Yaqinda Yangi Oʻzbekiston universitetining saytida oliygohda kontraktda oʻqishning narxlari eʼlon qilingan edi. Unga koʻra, mahalliy talabalar uchun bir semestrga 24 mln 850 ming soʻm (bir yil uchun 49 mln 700 ming soʻm); xorijiy talabalar uchun esa bir semestrga 5 ming dollar (bir yil uchun 10 ming dollar) etib belgilangani maʼlum qilingan.

Bu narxlar ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan edi. Prezident taʼlim muassasalari agentligi rahbari Hilola Umarova kecha, 23-iyul kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida “Xalq soʻzi” muxbiri Inobat AHATOVAning savoliga javob berar ekan, bu narxlar hali tasdiqlanmaganini maʼlum qildi.

“Tasdiqlanmagan! Hisob-kitob boʻyicha balki juda qimmat hamdir. Chunki bu universitetiga top darajadagi universitetlarning dasturi kelyapti. Hurmatli Prezident iqtidorli yoshlarimiz uchun eng zoʻr mutaxassislarni Oʻzbekistonga taklif qilgan. Yangi Oʻzbekiston universitetida kontrakt miqdori aytilgan summadan ham ortiqroq boʻlishi mumkin, balki pastroq boʻlar, aniq emas”, dedi Hilola Umarova.

Eslatib oʻtamiz, yangi universitetda qabul imtihonlarini Kembrij universiteti oʻtkazadi. Oʻquv reja va dasturlari Massachusets texnologiya instituti hamda Myunxen texnika universiteti bilan birgalikda ishlab chiqiladi.

Sentyabrda ish boshlaydigan OTMda 5 ta — muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?