Aytilgan gap — otilgan oʻq

18:22 02 Aprel 2024 Jamiyat
306 0

Parlamentga saylov jarayoni qizgʻin va beayov oʻtishidan koʻpchilikning xabari bor. Qonun chiqaruvchi organga saylanish, Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputati boʻlish hech qachon oson kechmagan. Nomzodlarning bu yoʻlda xalq orzu-istaklari roʻyobiga xizmat qiluvchi tashabbuslarni ilgari surganiga ham, tanish-bilish ortidan quvganiga ham, odamlar qulogʻiga lagʻmon osib, qop-qop vaʼdalar berganiga ham guvoh boʻlamiz.

Biroq… vaqt — oqar daryo. Kunlar oʻtib, elak suvdan koʻtariladi. Saylovchilar deputatdan oʻz dasturidagi qaysi bandlar hayotga koʻchganini soʻrab qolishi ham bor. Toʻgʻri, xalqimiz andishali. Baʼzi vaʼdabozlarning yoqasidan tutib, haqini soʻraganini hali eshitmdik... Mayli, bunday boʻlmasin, lekin har bir insonning vijdoni — eng oliy hakam, kishi unga hisob berganda yuzi qizarib qolmasligi kerak.

Xalq deputatlari Quvasoy shahar Kengashi deputati Azamjon Qosimov aytilgan gapni otilgan oʻq deb biluvchilardan. Harqalay u saylov jarayonida eʼlon qilgan dasturi ijobati uchun tinmay intilib kelyapti.

Yaqinda bu inson yangi tashabbusga qoʻl urdi. Eʼtiborlisi yoshlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadi roʻyobi uchun bu safar oʻzi homiy boʻldi. Yaʼni shaharning «Lashkar» mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli 12-umumiy oʻrta taʼlim maktabi hududida qarovsiz qolgan eski binoning oʻrniga oʻz hisobidan yoshlar uchun zamonaviy kutubxona qurishga kirishdi. Shu orqali ertamiz egalarining bir necha yillik muammosini hal etiladigan boʻldi.

Ramazon oyining ulugʻ kunlarida katta avlod vakillarining duolari bilan yangi kutubxonaga poydevor qoʻyildi hamda qurilish ishlari avj pallaga kirdi.

— Bilimli yoshlarimiz Oʻzbekistonni barcha sohada eng ilgʻor davlatlardan biriga aylantiradi, — deydi Azamjon Qosimov. — Har qanday davlatning kelajagi bu uning maʼrifatli, aqlli yoshlaridir. Shu bois, yoshlarni kitob bilan doʻst, oshno qilishimiz kerak. Chunki kitob oʻqigan kishi oʻzini kuchliroq, aqlliroq, insonparvarroq sezadi. Mazkur kutubxonani ham yoshlarni maʼrifatli, aqlli qilib tarbiyalash maqsadida barpo etmoqdamiz. Zero, kitob oʻqish — aqlni charxlash demakdir!

Azamjon Qosimovning bu xayrli ishi baʼzi mudrab yotgan deputatlarni hushyor torttirsa, uygʻoqlariga esa yana bir oʻrnak boʻlsa ne ajab! Zero, ushbu xabardan maqsadimiz ham shu.

Shohsulton TOʻXTAMATOV,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?