Ayiq oppogʻim deydi, kirpi yumshogʻim deydi...

17:55 08 Avgust 2020 Jamiyat
304 0

Yaqinda Senatning oltinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullandi. Shubhasiz, yangi qonun jamiyatimizda uchrab turgan noxush illatga qarshi kurashni kuchaytirishga, odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qiladi. Quyida yosh mushtariyimizning kuyunchaklik bilan bildirgan fikr-mulohazalari ham ushbu masalaning nechogʻli dolzarb ekanligini bildiradi.

Menimcha, umri davomida har kim bir martagina boʻlsa ham sotuvchilik qiladi. Kimdir sinfdoshlariga, kimdir yaqinlariga, kimdir yetti yot kimsalarga nimadir sotishi aniq. Men hayotni bir bozor deb bilaman. Bu bozorda yaxshilik qilib, evaziga savob oladiganlar ham, yomonlik qilib, juda arzonga koʻpgina gunohlarga ega chiqadiganlar ham bor.

Lekin qachondir odam bozori haqida eshitganmisiz? Odamlar sotiladigan, sotib olinadigan, chaqaloqlar pullanadigan bozor bor-ku… Faqat uning sirli jihati shuki, koʻzga koʻrinmaydi. Zamonning zaylini qarang, odam bozorini koʻzimiz bilan koʻrmasak ham, sotib olayotgan, sotayotganlarni gohi-gohida uchratib qolamiz. Televizor va ijtimoiy tarmoqlar orqali “Oʻz farzandini pullamoqchi boʻlgan ona qoʻlga olindi”, “Chet elga sotilayotgan qizlar soʻnggi daqiqalarda qutqarib qolindi” singari xabarlar tez-tez qulogʻimizga chalinib turadi. Toʻgʻrisini aytganda, bunday xabarlarga oʻrganib ham qoldik. Eshitsak, parvoyimizga ham kelmaydi. Eʼtibor ham bermaymiz. Ammo qachongacha bunday yashay olamiz? Yana qancha davom etadi bu nomaʼqulchiliklar? Birinchi sinflik paytimda radiodan “Odam savdosidan ehtiyot boʻling”, degan xabarni eshitgandim. Oradan oʻn bir yil oʻtibdi. Bugun ham shu xabarni eshityapman. Demak, oʻn bir yil davomida ildizi qoʻporilmagan illat qon-qonimizga “singish”ga ulguribdi-da…

Odam savdosi. Shu soʻz birikmasini eshitganimda boshqacha boʻlib ketaman. Toʻgʻri, mol yetishtirilgan poliz ekinlari sotiladi, meva-chevalar, uy va mashina sotiladi. Lekin, odam sotish… Ochigʻini aytganda, bu haqida oʻylashning oʻzi ham qalbimni tirnaydi. Bunday qabihlikka maʼnaviy dunyosi oʻta qashshoq boʻlib, haq bilan nohaqni ajrata olmaydigan, toʻgʻri tarbiya koʻrmagan, oilaviy muhitda nosogʻlom oʻsgan, yashashni yeb-ichish va yaxshi kiyinishdan iborat deb biladigan, odamiyligidan asar ham qolmagan, qilgʻilikni qilib qoʻyib, “Hayot majbur qildi, shayton yoʻldan urdi”, deb aybni boshqalarga toʻnkaydiganlar qoʻl urishadi. Aslida ular yaqin atrofimizdagi biz bilgan, tanigan insonlarimiz hisoblanishadi. Qaysidir sportchi jahon chempioni boʻlsa, “Bizning uka-da, bizning qarindosh-da, bizning millatdosh-da”, deb faxrlanishni qoyil qilamiz-ku. Kechirasiz, odam sotayotganlar, oʻz farzandini pullayotganlar ham “Bizning millatdoshlarimiz, bizning qarindoshlarimiz” boʻlishadi.

Hamma narsa oilada koʻrilgan tarbiyaga bogʻliq. Bolaligingizda “Hayvonga oʻxshama”, degan tanbehni balki eshitgandirsiz, balki yoʻq. Ammo men eshitganman. Qadrdonim, bor aqlingiz, salohiyatingiz, ilmingiz bilan ayting-chi, sigirning oʻz buzogʻini, otning oʻz toychogʻini, tuyaning oʻz boʻtalogʻini, echkining oʻz ulogʻini, qoʻyning oʻz qoʻzisini sotganini, biron bir manfaat yoʻlida pullaganini eshitganmisiz? Ha yashang, albatta, eshitmagansiz. Hozir yozganlarimni oʻqib turib, hayvonlarning bunday ishlarni qilishga aqli yetmaydi-ku, deb oʻylayotgandirsiz. Juda toʻgʻri, ularda aql yoʻq. Ammo naql borki, "Ayiq qop-qora boʻlsa-da bolasini oppogʻim, tipratikan esa yumshogʻim" deb avaylab, asrar ekan. Lekin, nega bizlar aqlli, tasavvur va tafakkur olamiga ega shaxs boʻla turib, odam, eng yomoni farzandimizni sotishdek nomaqbul ishga qoʻl uryapmiz? Bu savolga javob topish mushkul emas. Javobi shuki, befarqmiz, oʻta-oʻta befarqmiz. Otalar ishdan kelgach televizor koʻrishdan boshqasiga ortmasa, onalar telefonda soatlab suhbatlashishdan boʻshamasa… Balki, bugun ana shunday oilalarda tarbiyalanayotgan farzandlardan ertaga odam savdosi bilan shugʻullanishda koʻpchilikni ortda qoldiradigan mugʻombirlar yetishib chiqar...

Bu kabi illatlarning oldini olish uchun vijdonimizni tezroq uygʻotishimiz kerak. Yurtimizda odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha tinimsiz harakatlar qilinmoqda. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan odamiylikka toʻgʻri kelmaydigan savdo bilan shugʻullanadiganlarni qabihlikdan qaytarish uchun tunu kun mehnat qilinmoqda. Ayni savdosi pishgan joyida ushlanayotgan va televideniye qarshisida yosh toʻkib, “adashdim”dan boshqasiga oʻtmaydigan ustasifaranglar yaxshiyamki, oʻz vaqtida qoʻlga olinyapti.

Bitta narsaga achinaman. Hayotda boʻsh beshikka qarab tunu kun yosh toʻkadigan ayollar bor. Oʻzimning ayajonim ham oʻn uch yil farzand koʻrmagan ekan. Ana shunday munis va Yaratganning sinovida sinalayotgan ayollar oldida oʻz farzandini qaysidir manfaat yoʻlida sotayotganlarni ona deb boʻladimi? Moddiyot uchun maʼnaviyatdan kechib, oʻz birodarini, oʻz millatdoshini, oʻz vatandoshini sotmoqchi boʻlganlarni inson deb boʻladimi? Yoʻq, albatta. Bitta haqiqat bor. Odam savdosi bilan odamlar shugʻullanmaydi. Ularga ulardan yaxshi boʻlgan hayvon sifatini ham berib boʻlmaydi. Ular arosatda qolganlar hisoblanadi. Arosatdagilar haqida ortiq fikr bildira olmayman. Faqat yana va yana bir narsani iltimos qilaman. Bu illatga qarshi kurashga barchamiz masʼulmiz. Eʼtiborli boʻlaylik.

Yorqinjon HAYITBOYEV,
Guliston davlat universiteti talabasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?