“Air Products” kompaniyasi “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi sanoat majmuasiga 1 milliard dollarlik sarmoya kiritmoqda

2023-yilning 25-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, “Air Products” va “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻrtasida shartnoma imzolandi.
Shartnomada “Air Products” kompaniyasi tomonidan 1 milliard dollarlik investitsiya evaziga Qashqadaryo viloyatida barpo etilgan “Uzbekistan GTL” zavodga tabiiy gazni qayta ishlash qurilmasini sotib olish va ishlatish nazarda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2021-yil 25-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqaruvchi – “Uzbekistan GTL” majmuasi ishga tushirilgan edi. Ushbu majmua dunyoda beshinchi hisoblanadi. Bunga qadar Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika va Malayziyada ham shunday yirik majmualar qurilgan.
“Oʻsish surʼati yuqori boʻlgan mamlakat – Oʻzbekistonda davlat koʻmagi bilan ushbu strategik hamkorlik orqali eng ilgʻor texnologiyalar va bilimlarimizni qoʻllash imkoniyatiga ega boʻlamiz. Bu shartnoma “Oʻzbekneftgaz” AJga yuqori sifatli arzon yoqilgʻi ishlab chiqarish imkonini beradi. Biz ushbu uzoq muddatli va barqaror sheriklikni rivojlantirishni kutmoqdamiz, shuningdek, Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorliklarni rivojlantirish imkoniyatlaridan mamnunmiz”, deb taʼkidladi “Air Products” kompaniyasining Direktorlar kengashi raisi, prezidenti va bosh direktori Seyfi Gasemi.
Shuningdek, “Air Products” kompaniyaning tajribasidan foydalanish orqali “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish, zararli chiqindilarni kamaytirishga erishiladi.
Maʼlumot uchun qayd etish joizki, “Air Products” kompaniyasi dunyodagi yetakchi sanoat gazi ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanib, jahon bozorida 80 yildan ziyod vaqt davomida faoliyat yuritmoqda. Kompaniyaning asosiy faoliyati – atmosfera va texnologik gazlarni ishlab chiqarish va turli tarmoqlar, jumladan, neftni qayta ishlash va neft kimyosi uchun tegishli asbob-uskunalar ishlab chiqarishdan iborat.
Bundan tashqari, “Air Products” suyultirilgan gaz ishlab chiqarish texnologiyasi va uskunalarini yetkazib berish boʻyicha jahonda yetakchi hisoblanadi, shuningdek, butun dunyo boʻylab turbo mashinalar, membrana tizimlari va kriogen konteynerlarni yetkazib beradi.
Kompaniya 2022-yilda 50 dan ortiq mamlakatlarda 12,7 mlrd dollarlik sotuvlarni amalga oshirdi va joriy bozor kapitallashuvi taxminan 60 mlrd dollarni tashkil etdi. “Air Products” kompaniyasining maqsadi – atrof-muhitga foyda keltiradigan innovatsion yechimlarni yaratish, barqaror rivojlanish uchun ishlash, mijozlar, hamjamiyat va dunyo oldida turgan muammolarni hal qilish imkoniyatlarini qayta koʻrib chiqishga qaratilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring