Aholining huquq va manfaatlari, islohotlar ruhi ifodalangan hujjat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va bir guruh deputatlar Andijon viloyatida mahalla faollari, ishlab chiqarish korxonasi mehnat jamoalari, fermer xoʻjaliklari rahbarlari bilan uchrashib, yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilgan normalar, ularning mazmun-mohiyati, ahamiyati toʻgʻrisida maʼlumotlar berdilar.
Muloqotlarda soʻzga chiqqanlar yangilanayotgan Bosh qomusimizda xalqimizning fikri, xohish-irodasi, barcha toifalarning — yoshlar, ayollar, nogironligi boʻlgan shaxslar, oʻqituvchilarning huquq va manfaatlari aks etgani, yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar ruhi ifodalangani, undagi normalar fuqarolarning farovon yashashiga, davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdilar.
Ortiqali IBRAGIMOV, Oltinkoʻl tumanidagi “Boʻston” MFY raisi:
— Mahallamizda 3,5 ming aholi istiqomat qiladi. Oxirgi besh yilda mahallamizda 6 ta sanoat korxonasi, 1 ta tibbiyot muassasasi bunyod etilib ishga tushdi. Ayni vaqtda ularda 300 dan ziyod mahallamiz fuqarolari mehnat qilishmoqda. Fuqarolarimiz yaratilgan shart-sharoitlardan juda xursand. Eʼtiborlisi, soʻnggi ikki yilda “Ochiq byudjet” axborot portalida 4 ta loyihamiz gʻolib boʻldi. Mahallamizga ichimlik suv tarmoqlari tortildi, simyogʻochlar toʻliq yangilandi, asfaltlanmagan koʻcha qolmadi, desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun adolatli haq olish, davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olish, shaharsozlik, byudjet sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish kabi huquqlarning kiritilishi fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytiradi.
Avazbek ISMOILOV, pensioner, Oltinkoʻl tumanidagi “Boʻston” MFY faoli:
— Mahalla — inson qadr-qimmati yaqqol koʻrinadigan mehr-oqibat maskani ekanligi bilan qadrlidir. Bizda azal-azaldan qattaga hurmat, kichikka izzat, nochorga koʻmak, bir-biriga mehr, odob-ahloq tarbiyasi mahalla qadriyati sifatida shakllangan. Bu qadriyatlarimizga juda koʻp xalqlar havas qilishadi. Ularni asrab-avaylashimiz kerak. Asosiy qomusimizga kiritilgan “Fuqarolar Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart” degan qoida har birimizga oʻzimizning madaniyatimizni, maʼnaviyatimizni asrash va kelajak avlod — yoshlarimizga yetkazishda masʼuliyat yuklaydi.
Gulbahor TEMIROVA, Paxtaobod tumanidagi “Al-Hakim” korxonasi ish yurituvchisi:
— Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan yuksak darajadagi eʼtibor, yaratilayotgan imkoniyatlardan juda mamnunmiz. Xususan, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yosh qizlarimizning taʼlim olishiga katta imkoniyatlar yaratilmoqda. Xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalasi Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, qonunlar va turli qarorlar qabul qilinishida ishtirokini yanada kengaytirish imkoniyatini beradi. Biz, albatta referendumda faol ishtirok etamiz.
Ulugʻbek QOSIMOV, “Komiljon umid boʻstoni” fermer xoʻjaligi rahbari:
— Uzoq yillar mobaynida yurtimizda yerga nisbatan xususiy mulkning toʻlaqonli joriy etilmaganligi haqiqiy mulkdorlar qatlamining yetarlicha shakllanmasligiga olib keldi. Bugungi kunda fuqarolarga tegishli uy-joylar, tadbirkorlarga tegishli binolar joylashgan yer uchastkalari ularga mulk huquqi asosida tegishli emas, yaʼni bino oʻziniki, yer davlatniki. Bozor iqtisodiyoti yerni ham xususiy mulk asosida ularga tegishli boʻlishini talab etadi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda Yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk boʻlishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Hech bir mubolagʻasiz aytish mumkinki, mazkur norma haqiqiy inqilobiy yangiliklaridan biri boʻlib, mulkchilik munosabatlaridagi katta kemtikni toʻldiradi, mulkdorlar qatlamining kengayishiga xizmat qiladi.
Hududdagi uchrashuv va muloqotlar davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Samarqand davlat universiteti — Markaziy Osiyodagi noyob oliy taʼlim dargohi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring