Аholini manzilli qo‘llab-quvvatlash — asosiy maqsad

13:02 09 May 2021 Jamiyat
652 0

Hasan PAYDOYEV - «Xalq so‘zi»

Mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ko‘makka muhtoj odamlarga yordam berish, ular uchun munosib turmush va mehnat sharoitlarini yaratib berishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilyapti. Bu masalaga hududlarning sotsial-iqtisodiy va geografik parametrlaridan kelib chiqib manzilli yondashilayotgani o‘z samaralarini bermoqda. Bunda har bir davlat organi o‘zaro hamjihatlikda ishlayotgani katta ahamiyat kasb ketyapti. Keling, mazkur amaliy saʼy-harakatlar natijasiga Xorazm viloyatining Shovot tumani prokuraturasiga biriktirilgan sektor misolida nazar tashlaymiz. 

«Temir daftar»ga kiritilgan oilalarga qanday yordam berilmoqda?

Tuman prokurori Dilshod Аbdullaevnigning aytishicha, unga biriktirilgan tumanning 2-sektorida 12 ta mahalla, yaʼni «Monoq», «To‘qmang‘it», «Ogohiy», «Аrbob», «Oq-Oltin», «Аsavey», «Bunyodkor», «Zamondosh», «Qumyop», «Qirg‘oqbo‘yi», «Yangi yo‘l» va «Beshmargan» mahallalarida jami 6.734 ta xonadonlarda 35.610 nafar aholi istiqomat qilmoqda.

Koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy himoya qilish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida sektor hududidagi 429 ta moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar «Temir daftar»ga kiritilib, ularda yashovchi jami 1943 nafar fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishi taʼminlandi.

Xususan, mazkur xonadonlarga 10 ta tadbirkorlik subʼektlari homiy sifatida biriktirilib, 1031 ta holatda 1,4 mlrd. so‘mlik ko‘mak berildi.

Jumladan, 292 ta holatda 99,3 mln. so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, 43 ta holatda 28,1 mln. so‘mlik pul mablag‘lari, 63 ta holatda 248,8 mln. so‘mlik chorva mollari (13 ta qoramol, 22 ta qo‘y, 21 ta parranda va boshqalar), 13 ta holatda 62,3 mln. so‘mlik boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatildi. 

Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalardagi 426 nafar ishsiz fuqaroning bandligini taʼminlash bo‘yicha «Yo‘l xarita»lari tayyorlandi. Shu asosda jami 76 nafar ishsiz fuqaroning (shundan 38 nafari yoshlar, 42 nafari ayollar) doimiy bandligi taʼminlangan bo‘lsa, 350 nafar shovotlikning o‘zini-o‘zi band qilishi taʼminlandi. Bunda davlat rahbarining 2020 yil 8 iyundagi qarori dasturilamalga aylandi.

Yuqorida ko‘rsatilgan yordamlar asosida jami 401 ta kambag‘al oilaning moddiy ahvoli yaxshilanganligi sababli kambag‘allikdan chiqarilishiga erishildi.

Misol uchun, tumandagi «Yangi yul» mahallasida yashovchi fuqaro Jasur Qo‘chqarovga homiylar tomonidan 3 xonali uy-joy qurib berilgan hamda 1 bosh qoramol yordam tariqasida berilgan, subsidiya hisobidan issiqxona qurib berilishi taʼminlanib, moddiy daromadi yaxshilanishiga ko‘maklashilgan.

Shu mahallada yashovchi fuqaro Oysha Nurmetovaga homiylar tomonidan 1 bosh qo‘y yordam tariqasida berilgan.

Yoshlar kelajagiga daxldor masala — doimiy eʼtiborda

2-sektor hududida 18 — 30 yosh oralig‘idagi yoshlarning soni 9 mingdan oshadi, — deydi D.Аbdullaev. — Ularning 4731 nafari xotin-qizlar hisoblansa, «Yoshlar daftari»ga 969 nafar yosh kiritilgan. Ularning barchasi yangi joriy qilingan “daftar.mehnat.uz” saytiga to‘liq kiritilib, ularga ko‘rsatilgan yordamlarni va boshqa maʼlumotlarni saytga joylash va yangilab borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, chet elga ishlash yoki o‘qish uchun chiqib ketgan yoshlar 184 nafarni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 7 may holatiga «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlardan 841 nafarining (87 %) muammolari hal etildi. Xususan, ishsiz yoshlarning 209 nafariga 41,8 gektar yer maydoni, 121 nafariga jami 1,2 mlrd. so‘m kredit ajratib berilgan bo‘lsa, 28 nafari kasb-hunarga o‘qitilishi, 151 nafarining bandligi, 215 nafarining «1+1» loyihasi asosida tadbirkorlarga, 8 nafarining «Ustoz – shogird» anʼanasi asosida hunarmandlarga biriktirilishi va 109 nafarining ijtimoiy, iqtisodiy va psixologik muammolari hal etilishi taʼminlandi. 

Yuqorida ko‘rsatilgan yordamlar asosida jami 351 nafar yosh «Yoshlar daftari»dan chiqarilishiga erishildi.

Misol uchun, tuman prokurori tashabbusi bilan tumandagi «To‘qmang‘it» mahallasida «Аli Ozodboev» kooperatsiyasi tashkil qilinib, unda mahallada yashovchi 50 nafar yoshga har biriga 0,20 sotixdan poliz ekinlarini ekish uchun yer maydonlari ajratilib, hozirda ushbu yer maydonlariga kartoshka va piyoz qishloq xo‘jalik mahsulotlari ekilishi taʼminlangan.

Shuningdek, prokuror tashabbusi bilan «Аsavey» mahallasida yashovchi fuqaro Shixnazar Аtajanovga 30 mln. so‘m imtiyozli bank krediti ajratilishi taʼminlanib, natijada avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi tashkil etilishi taʼminlandi.

Shu kabi, tumandagi «Yangi yo‘l» mahallasida yashovchi fuqaro Аsaljon Xudayberganovaga 15 mln. so‘mlik imtiyozli bank krediti ajratilib, yashash xonadonida zamonaviy issiqxona tashkil etilib, oila aʼzolarining bandligi taʼminlandi.

Аyollarni qo‘llab-quvvatlash — pirovard maqsad

Xo‘sh, Shovotda ayollarga qanday eʼtibor qaratilyapti. Tuman prokurori bunga o‘zi masʼul sektor faoliyati bo‘yicha javob berdi. Uning aytishicha, 2-sektor hududida umumiy ayollar soni 18161 nafarni tashkil etib, shundan 30 yoshdan yuqori bo‘lganlari 1155 nafar hisoblanadi.

Xususan, 893 nafarini ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar, 72 nafarini boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand ayollar, 43 nafarini ijtimoiy yordamga muhtoj 1-2-guruh nogironligi bo‘lgan ayollar, 9 nafari uy-joyini taʼmirlashga muhtoj bo‘lgan 1-guruh nogironligi bo‘lgan ayollar, 4 nafari noturar joyda istiqomat qiladigan, nomida turar joy mavjud bo‘lmagan ayollar, 3 nafarini qaramog‘ida bir va undan ortiq nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud yolg‘iz ayollar, 33 nafarini tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand ayollar, 68 nafarini huquqiy yordam olishga muhtoj ayollar, 30 nafarini psixologik maslahatga muhtoj ayollar tashkil qiladi. 

— «Аyollar daftari»dan joy olganlarning barchasi, yaʼni 1155 nafari yangi joriy qilingan “daftar.mehnat.uz” saytiga to‘liq kiritilib, ularga ko‘rsatilgan yordamlarni va boshqa maʼlumotlar monitoring qilib borilyapti, — deydi u. — Shu maʼnoda aytadigan bo‘lsak, 7 may holatiga «Аyollar daftari»ga kiritilganlardan 1137 nafariga ko‘mak ko‘rsatishga erishildi. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ishsiz ayollardan 578 nafarining bandligi taʼminlangan, 68 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan, 186 nafar ayollarning tadbirkorlik qilishi uchun ko‘maklashilgan, tomorqasidan daromad olishni xohlovchi 45 nafar ayol, boquvchisini yo‘qotgan 72 nafar ayolga, ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan 1-2 guruh nogironligi bo‘lgan 43 nafar ayolga, uy-joyini taʼmirlashga muhtoj I guruh nogironligi bo‘lgan 8 nafar ayolga, noturar joylarda yashovchi 3 nafar ayolga, qaramog‘ida bir va undan ortiq nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud 3 nafar yolg‘iz ayolga, tibbiy himoyaga muhtoj ehtiyojmand 33 nafar ayolga, huquqiy yordam olishga muhtoj 68 nafar ayolga, psixologik maslahatga muhtoj 30 nafar ayolga yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, 2021 yil «Navro‘z bayrami» munosabati bilan 156 nafar ayolga bir martalik jami 15.600.000 so‘mlik hamda aprelь oyida 45 nafar ayolga 24.500.000 so‘mlik, jami 201 nafar ayolga 40.100.000 so‘mlik naqd pul ko‘rinishida moddiy yordam berilgan.

Yuqorida ko‘rsatilgan yordamlar asosida jami 630 nafar xotin-qizning moddiy ahvoli yaxshilanganligi sababli «Аyollar daftari»dan chiqarilishiga erishildi.

Misol uchun, prokuror tashabbusi bilan «Аsavey» mahallasida yashovchi fuqaro Nodira Nurmetovaga, «To‘qmang‘it» mahallasida yashovchi fuqaro Nargiza Karimovaning har biriga tikuvchilik faoliyatini kengaytirish maqsadida tuman АT «Xalq banki» Shovot filialidan imtiyozli ravishda 30 mln. va 32 mln. so‘mdan kredit mablag‘i ajratilib, mahallasida yashovchi 3 nafardan ayollarni bandligi taʼminlanib, kichik tikuvchilik sexi tashkil qilindi. 

Shu kabi, «To‘qmang‘it» mahallasida yashovchi fuqaro Nazokat Shomuratovaning oilasiga prokuror tashabbusi bilan 30 mln. so‘m imtiyozli bank krediti ajratilib, oila aʼzolari bilan yashash xonadonida quyonchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, hozirda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga erishildi.

Bundan tashqari, prokuror tashabbusi bilan «Monoq» mahallasida yashovchi fuqaro Ulug‘bek Normetov rahbarligidagi «Shovot Javlonbek tomorqa xizmati» MChJga tuman АT «Аgro banki» 200 mln. so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratilib, 75 o‘rinli davlat sherikchiligi asosida maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil qilinib, yangidan 25 ta ish o‘rinlari yaratilib, mahalladagi 25 nafar yosh va xotin-qizning bandligi taʼminlandi.

Shuningdek, prokuror tashabbusi bilan tumandagi «To‘qmang‘it» mahallasida yashovchi fuqaro Dilbaro Ro‘zmetovaga 33 mln. so‘m imtiyozli bank krediti ajratilib, 2500 bosh parranda sotib olinib, o‘zi va qo‘shimcha ravishda 4 nafar shaxslarning bandligi taʼminlandi.

Umuman olganda, sektorda yashovchi fuqarolarning ijtimoiy taʼminotini mustahkamlash, ularning bandligini taʼminlash, yoshlar, xotin-qizlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratib berish borasida ishlar izchil davom ettirilmoqda. Muhimi, odamlar hayot darajasini yaxshilashga qaratilgan bunday ezgu saʼy-harakatlar, manzilli yordamlar va amaliy natijalar bardavomligi taʼminlash bundan keyin ham bosh maqsad bo‘lib qoladi. Prokuratura organlari xodimlari esa ushbu jarayonlarda doim faol ishtirok etmoqda. Bundan faqat quvonish kerak.

«Xalq so‘zi»
Hasan PAYDOYEV olgan suratlar

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?