Aholini baliq va baliq mahsulotlari bilan taʼminlash ishlari qanday?

18:42 16 Iyun 2022 Iqtisodiyot
698 0

Arxiv surat

Milliy matbuot markazida «Oʻzbekbaliqsanoat» uyushmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahliliga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 28-yanvardagi tegishli Farmoniga muvofiq Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uni Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida baliqchilikni rivojlantirish va baliq yetishtirish hajmini koʻpaytirish boʻyicha bir qator chora-tadbirlar belgilab berilgan.

Mazkur dasturda hosildorligi past boʻlgan 31 ming gektar sunʼiy suv havzalarini bosqichma-bosqich intensivlashtirish va baliq yetishtirish hosildorligini 4-5 barobarga oshirish, baliqchilik klasterlari sonini 15 taga oshirish, 10 mingta aholi xonadonlarida kooperatsiya usulida intensiv baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyish, qimmatbaho sovuq suv baliqlari yetishtiruvchi korxonalar quvvatini 2 barobarga oshirish, qayta ishlash va omuxta yem korxonalari sonini 84 taga yetkazish hamda baliq yetishtirish hajmini 2 barobarga oshirish kabilar koʻzda tutilgan.

Maʼlum qilinishicha, ana shu vazifalardan kelib chiqib, baliqchilik sohasini rivojlantirish boʻyicha 2022-yilda viloyatlar kesimida dasturlar ishlab chiqilgan. Ularga koʻra, baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish uchun umumiy qiymati 1,0 trln. soʻmlik 289 ta loyihalar roʻyxati shakllantirilgan.

«Oʻzbekbaliqsanoat» uyushmasi boʻlim boshligʻi Suhrob Egamberdiyevning aytishicha, Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanidagi “Uchqoʻrgʻon forel” fermer xoʻjaligi tomonidan “Sohil” MFY 1 gektar maydonda 100 ta kichik basseynlar oʻrnatish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu korxona chavoq va basseyn va omuhta yem yetkazib beradi. Bundan tashqari, joriy yilda jami 21 ta taʼminotchi korxonalar tomonidan baliq chavoqlari, yem mahsulotlari va zarur asbob-uskunalarni 10 mingta aholi xonadonlariga yetkazib berilib, kooperatsiya usulida baliq yetishtirish tizimi tashkil etiladi.

«Oʻzbekbaliqsanoat» uyushmasi oʻrinbosari Maqsud Ostonovning qayd etishicha, baliqchilik xoʻjaliklari rahbarlari va aholining intensiv usulda baliq yetishtirishning afzalliklari xususidagi bilimlarini boyitish maqsadida respublikaning turli hududlarida 36 ta nazariy va amaliy seminarlar tashkil etilgan.

Aholini tadbirkorlikka jalb etish va oʻqitish uchun respublika miqyosida 15 ta “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularda aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish texnologiyasini oʻrgatish boʻyicha kurslar olib borilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasida Oʻzbekiston Respublikasi suv zaxiralaridan oqilona va samarali foydalanish barobarida aholining baliq va baliq mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish maqsadida intensivlashtirish jarayonlarini joriy qilish koʻzda tutilgan. Mazkur vazifa ijrosi doirasida 4 ming gektardan ortiq sunʼiy suv havzalarini intensivlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Baliqchilik tarmogʻida naslchilik ishlari va baliq chavoqlari yetishtirishni yanada rivojlantirish maqsadida hududlarda faoliyat yuritayotgan 19 ta baliqchilik xoʻjaliklariga naslchilik xoʻjaligi maqomi berilgan. Hozirda mazkur xoʻjaliklarda karpsimon oilasiga mansub baliq turlarining naslini yangilash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Malikadiana ISROFILOVA, Mushtariy ORTIQOVA, OʻzDJTU talabalari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?