Aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish koʻlami yanada kengayadi
Mamlakatimizda keyingi yillarda sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish, sohani jahon andozalariga moslashtirish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, aholi salomatligini saqlash borasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash boʻyicha tizimli va keng koʻlamli ishlar qilinmoqda.
Yaqinda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmon ham sohadagi islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, sogʻliqni saqlash vazirligining kelgusi faoliyatida muhim dasturilamal boʻlishi, shubhasiz.
Ushbu hujjat sogʻliqni saqlash sohasida boshqaruvni takomillashtirish, sohada olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar samaradorligini oshirish, ajratilayotgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanishni tashkil etish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sohaning kelgusi istiqbollarini belgilash orqali tibbiy xizmat sifati va koʻlamini kengaytirib borishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Farmon bilan Salomatlik va strategik rivojlanish instituti tashkil etilishi belgilandi. Bu albatta, aholi orasida sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklarning oldini olish, fuqarolarning tibbiy madaniyatini rivojlantirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirgan xolda, uning samaradorligini oshirish imkonini kengaytiradi.
Shuningdek, ushbu institut tashkil etilayotganining yana bir muhim jihati — tibbiy statistikani shakllantirib, statistik koʻrsatkichlarni muntazam tahlil qilgan holda, ilgʻor va maqbul xorijiy tajriba asosida sogʻliqni saqlash tizimi faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari, sohaning rivojlanish ssenariylari va strategiyalari boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishidir.
Bundan tashqari, «2024-2026-yillarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, toʻgʻri ovqatlanishni tizimli targʻib qilish va ommalashtirish dasturi” hamda “Aholi salomatligi — 2030» milliy strategiyasi ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Ularda belgilanayotgan chora-tadbirlar birlamchi tibbiy–sanitariya xizmatini aholiga yanada yaqinlashtirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tizimni toʻliq raqamlashtirish, kadrlar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, tizimda qogʻozbozlik, byurokratiya va bemorlarning navbat kutib qolishiga chek qoʻyadi.
Qayd etish joiz, Farmon bilan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi Sogʻliqni saqlash vazirligi tuzilmasiga oʻtkazilyapti. Bu oʻz navbatida, sohaga ajratilayotgan byudjet mablagʻlaridan samarali foydalanish, davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari joriy etilishini tezlashtirish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini yanada kengaytirish va undan barcha hudud aholisi teng foydalanishi uchun zamin yaratadi.
Shu bilan birga, tibbiyotning turli yoʻnalishlari boʻyicha alohida faoliyat yuritib kelgan jamgʻarmalarni birlashtirgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etiladigan boʻldi.
Jamgʻarma mablagʻlari tibbiyot muassasalarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash, xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik masalalari, onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasallikka chalingan bemorlarga mamlakatimizda va xorijda yuqori texnologik tibbiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlash hamda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning respublikamizda amalga oshirilmaydigan jarrohlik amaliyotlarini xorijda oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarga sarflanadi. Bu kabi yoʻnalishlarning yagona jamgʻarma mablagʻlari orqali amalga oshirilishi masalaning ahamiyatidan kelib chiqib, mablagʻlarning maqsadli sarflanishi, muammolarning oʻz vaqtida yechilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Muxtasar qilib aytganda, belgilangan vazifalar sogʻliqni saqlash sohasida olib borilayotgan ishlarni tizimli tashkil etish, tibbiy xizmat qulayligi, sifati va samaradorligi yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Zumrad BEKATOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Bosh prokuratura Allamjonov suiqasdiga oid qoʻshimcha axborotni ochiqladi
- 2025-yilda ish haqi, pensiya va nafaqalar qanchaga oshirilishi maʼlum boʻldi
- DXX va Mudofaa vazirligi rahbariyatidagi tayinlovlar rasmiy eʼlon qilindi
- Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi Yangihayot va Bektemir tumanlariga tashrif buyurdi — Fotoreportaj
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring