Aholi eʼtirozlariga nima sabab boʻlmoqda?

20:30 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
352 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda fraksiya aʼzolari tomonidan dastlab “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda ayrim fuqarolarning xonadonlarida yovvoyi hayvonlar saqlab kelinayotgani, ularni jamoat joylarida hech qanday himoya choralari koʻrilmasdan olib yurish holatlari sodir etilayotgani hamda bu kabi holatlar atrofdagi boshqa fuqarolarning hayoti va sogʻligʻi uchun jiddiy xavf tugʻdirayotgani aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan qonunchilik hujjatlari oʻrtasidagi tafovutlarni bartaraf etish, sohadagi ruxsat berish tartib-taomillarini samarali amalga oshirish, yovvoyi hayvonlarni aholi turar joylarida saqlashda fuqarolar hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish hamda yovvoyi hayvonlar bilan bogʻliq noxush holatlar oldini olish koʻzda tutilgan.

Yigʻilishda fraksiya aʼzolari yovvoyi hayvonlarni noqonuniy ravishda boqqanlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, bu borada vakolatni davlat organi faoliyati samaradorligini yanada oshirish yuzasidan takliflar bildirishdi.

Qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni saqlash va foydalanish tartibini belgilashga, shuningdek yuqorida keltirilgan noxush holatlar natijasida aholi sogʻligʻiga zarar yetkazilishing oldini olishga xizmat qiladi. Qizgʻin bahs-munozaralarlan soʻng qonun loyihasi fraksiya deputatlari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Shuningdek, yigʻilishda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari atroflicha muhokama qilinib, maʼqullandi.

Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?