A.Haitov: Suv xoʻjaligini rivojlantirishning 10 yilga moʻljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi

19:22 17 Iyul 2020 Siyosat
420 0

Suv — hayot manbai, moʻl hosil garovi. Azaldan xalqimiz suvni tabiatning bebaho neʼmati deb bilgan va uni tejab, oqilona foydalanishga eʼtibor bergan. Xalqimizning suvni zarga, suvchini zargarga mengzashida ham chuqur maʼno bor. Negaki, u tufayli muborak zamin gul va bogʻlarga aylanadi.

Shu boisdan soʻnggi yillarda mamlakatimizda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va barqarorligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotir.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlar koʻlamini kengaytirishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.

Nega deganda, mazkur Farmonga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi. Unga koʻra, mamlakat suv xoʻjaligi sohasida 10 yilda qator koʻrsatkichlarini yaxshilab, suv hisobini yuritishda raqamli texnologiyalarni joriy etadi.

Suv omborlari, sel-suv omborlari va boshqa suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini hamda ishonchli ishlashini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarining joriy qilinishini yana-da kengaytirish va davlat tomonidan ragʻbatlantirib borish, ushbu sohaga xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb qilish Konsepsiyaning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilandi.

Mazkur hujjatda 2030-yilga qadar quyidagi koʻrsatkichlarga erishish ham nazarda tutilgan:

birinchidan, sugʻorish tizimlarining foydali ish koeffitsiyentini 0,63 dan 0,73 gacha oshirish;

ikkinchidan, suv taʼminoti past darajada boʻlgan sugʻoriladigan yer maydonlarini 560 ming gektardan 190 ming gektargacha kamaytirish;

uchinchidan, shoʻrlangan sugʻoriladigan yer maydonlarini 226 ming gektarga kamaytirish;

toʻrtinchidan, Suv xoʻjaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalarining yillik elektr energiyasi isteʼmolini 25 foizga kamaytirish;

beshinchidan, 100 ta yirik suv xoʻjaligi obyektlarida suvni boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish;

Shu bilan birga, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda suvni tejaydigan texnologiyalar bilan qamrab olingan yerlarning umumiy maydonini 2 million gektargacha, shu jumladan, tomchilab sugʻorish texnologiyasini 600 ming gektargacha yetkazish hamda suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida 50 ta loyihani amalga oshirish belgilab qoʻyilgani ham diqqatga sazovordir.

Muhim vazifalardan yana biri – Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarni 2020−2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha «Yoʻl xarita"si tasdiqlanib, unda suv resurslarini boshqarish, suvdan samarali foydalanish va suvni isteʼmol qilish boʻyicha samarali mexanizmlarni joriy etish maqsadida Suv kodeksi ishlab chiqiladi.

Davlatimiz rahbari farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga zimmasiga ham alohida vazifalar yuklandi. Endilikda Konsepsiyaning oʻz vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatiladi.

Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida vazirliklar va idoralar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining axborotlari har chorakda Senat, Qonunchilik palatasi va tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib boriladi.

Xulosa qilib aytganda, dehqonchilik keng rivojlangan yurtimizda suv resurslarini oqilona boshqarish muhim ahamiyatga ega. Sohaga oid mazkur farmon 2020-2030-yillarda aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror taʼminlash, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,

OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?