«Agrobank” qaynotamni yaqin qarindosh emas deb kafillikka qabul qilmadi

23:36 18 Oktyabr 2021 Iqtisodiyot
1215 0

Arxiv surat

Tahririyatimizga oʻquvchilarimizdan biridan murojaat kelib tushdi. Uni qanday boʻlsa, shundayligicha eʼlon qilishni maʼqul topdik.

“Oʻzim oliy maʼlumotliman. Qarshi davlat universitetini bitirganman. Ikkinchi mutaxassislikni egallash uchun shu universitetning ingliz tili yoʻnalishi boʻyicha 3-bosqichda tahsil olyapman.

“Taʼlim krediti” olish maqsadida “Agrobank”ning Qashqadaryo viloyatidagi boshqarmasiga murojaat qildim. Tabiiyki, bank kredit ajratish uchun garov yoki kafillik soʻraydi. Kafillik uchun qaynotam – Norboʻta Gʻoziyevning ish haqini taqdim qilganimda bank xodimlari “Qaynotangiz yaqin qarindosh emas” deb uni kafillikka qabul qilishmadi.

Hayron boʻldim, axir biz bir oila aʼzosimizku! Ikki farzandim, qaynotam, qaynonam, turmush oʻrtogʻim bilan ahil-totuv turmush kechiryapmiz. Qaynotamning oylik maoshi menga ajratilishi kerak boʻlgan 8 mln. 600 ming soʻm kreditga kafillikka bemalol yetadi.

Yaqinda “Agrobank”dan xat oldim. Unda “Taʼlim krediti” boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qarz oluvchilarning qarz yuki meʼyoriga oʻrnatilgan cheklov boʻyicha toʻlov qobiliyati yetarli emasligi sababli kredit ajratish rad etildi, deyilgan. Vaholanki, qaynotamning oʻzi bir yilda 50 mln. soʻmdan ziyod maosh oladi. Nahotki shuncha pul 8,6 mln. soʻm kredit olish uchun kafillikka yaramasa?

Bank mutasaddilari bunga nima deydi?», yozmoqda Qarshi davlat universiteti talabasi Maftuna Mannonova.

“Xalq soʻzi” ushbu murojaat yuzasidan ikkinchi tomonga ham minbar berishga tayyor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?