Agentlik xalqaro kredit mablagʻlaridan foydalanish jarayonlarining shaffofligini taʼminlaydi

13:53 26 Noyabr 2020 Jamiyat
601 0

Joriy yilning 25-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror Qishloq aholi punktlarining meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilash, hududlarni kompleks rivojlantirish, yoʻl-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish orqali aholining turmush madaniyatini yuksaltirishni koʻzda tutadi.

Qarorda “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Fargʻona (4 ta tuman, 57 ta mahallaga 32 mln$.), Andijon (5 ta tuman, 72 ta mahallaga 37 mln.$), Namangan (5 ta tuman, 132 ta mahallaga 66 mln. $), Sirdaryo (3 ta tuman, 17 ta mahallaga 9 mln. $) va Jizzax (4 ta tuman, 28 ta mahallaga 20 mln. $) viloyatlarining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdan nisbatan ortda qolayotgan 21 ta tumanining infratuzilmasi, kommunal sohasi, ijtimoiy obyektlar holatini 5 yil davomida tubdan yangilash koʻzda tutilgan. Ushbu loyiha uchun Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining jami 182 million AQSH dollari miqdoridagi (30 yil muddatga berilgan) qarz mablagʻlari va Oʻzbekiston Respublikasining 1,6 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga esa mazkur loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatish vazifasi yuklatildi.

Agentlik mazkur vazifani oʻz vaqtida va samarali bajarilishi uchun tegishli choralarni koʻrishini maʼlum qilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?