Agar tashkilot yengil avtomobilni sotib olsa, QQSni hisobga olish huquqiga egami? — mutaxassis javobi

19:42 17 Avgust 2022 Jamiyat
401 0

Foto: Illustrativ surat

Agar tashkilot yengil avtomobilni sotib olsa, QQSni hisobga olish huquqiga egami? 

— Yengil avtomobilni QQS bilan sotib olayotgan yuridik shaxs, oʻzi tomonidan byudjetga toʻlanishi lozim boʻlgan QQS summasini sotib olingan transport vositasi boʻyicha yetkazib beruvchiga toʻlangan QQS summasiga kamaytirishga haqli.

Buning uchun soliq toʻlovchi sotib olingan avtomobil boʻyicha “kiruvchi” QQSni hisobga olishi mumkin.

QQS barcha holatlarda ham hisobga olinavermaydi. Buning uchun bir vaqtning oʻzida qator shartlar bajarilishi kerak:

1) QQS summasi koʻrsatilgan hisobvaraq-fakturaning mavjudligi;

2) avtomobilning tegishli birlamchi hujjatlar asosida qabul qilinganligi;

3) sotib olingan avtomobildan QQS solinadigan operatsiyalar boʻyicha foydalanish.

Ayni shu joyda, sotib olingan avtomobil QQS solinadigan operatsiyalar uchun foydalanilganligiga soliq organi tomonidan norozilik bildirilishi mumkin. Biroq, avtomobilni sotib olish toʻgʻrisidagi shartnomani tuzayotganda, avtomobilni sotib olish va uni yuridik shaxs balansiga qoʻyish, undan tadbirkorlik yoki boshqa daromad keltiradigan faoliyatda foydalanishni nazarda tutadi, deb hisoblanadi.

Soliq organlari qanday holatlarda sotib olingan avtomobil uchun QQSni hisobga olinishini rad etishlari mumkin

Agar yengil avtomobilni sotib olish amalga oshirilayotgan faoliyat turi bilan bogʻliq boʻlmasa, Soliq kodeksining 267-moddasiga asosan QQS summasi hisobga olinmaydi.

Soliq toʻlovchida avtomobil uning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq qatnovlarni amalga oshirishda foydalanganligini tasdiqlovchi hujjatli dalillar (birlamchi hujjatlar) boʻlishi kerak. Bunday hujjatlar tegishli tarzda rasmiylashtirilgan (joʻnash va boradigan joylar, qaytish vaqti, bosib oʻtilgan masofa, yoqilgʻi sarfi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar) yoʻl varaqalari boʻlishi mumkin.

Soliq toʻlovchining hujjatlarida avtomobil shaxsiy qatnovlar uchun emas, balki kompaniyaning maqsadlariga erishish uchun foydalanganligini aks ettiruvchi xoʻjalik hayoti faktlari qayd etilishi kerak.

Agar soliq toʻlovchi tomonidan sotib olingan yengil avtomobillar soliq toʻlovchining faoliyat turiga bogʻliq boʻlmagan boshqa maqsadlarda foydalanilayotganligi soliq organi tomonidan dalilar bilan isbotlansa, sotib olish chogʻida toʻlangan QQS summalari hisobga olinmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?