Soʻnggi yuz-yuz ellik yilda maʼrifatni rad etish oqibatida oʻzini tanimaydigan xalq boʻlib qoldik — A.Qodirov

Hokimiyatning yagona manbasi insonlardir. Ularning haq-huquqlari kafolatlanishi jamiyatning xotirjamligi va taraqqiyotini taʼminlaydi. Inson huquqini taʼminlash mohiyatan har qanday hokimiyatning fundamental vazifasi boʻlishi kerak.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi maʼruzasida mazmunan shu fikrni taʼkidladi. Hatto hayvonni kamsitishni taqiqlagan dinga eʼtiqod qiluvchi xalqni insonga azob berish, qiynoqqa solish, bola yoki ayolni tahqirlashdek muammosi boʻlishi mumkinmi?
Afsuski, soʻnggi yuz-yuz ellik yilda maʼrifatni rad etish, tarbiyani unutish, minglab yillarda qilingan qanoatlardan voz kechish oqibatida oʻzini tanimaydigan xalq boʻlib qoldik. Besh yoshidan muqaddas kitoblarni yod olgan Buxoriy va Navoiylarimizning qoʻlidagi kitobini otib yuborib chang bosgan paxta dalasiga haydab soldik. Ilm-maʼrifat tarqatuvchisi oʻqituvchilikni eng haqir kasbga aylantirib, oyoqosti qilib, koʻcha tozalatdik.
Hozir esa, chumoliga ozor berishni gunoh deb bilgan xalq ichida inson joniga azob berishdan zavqlanadiganlar, onasining roziligisiz ikki dunyosining kuyib ketishiga eʼtiqod qiladigan xalq ichida ayolni tahqirlashdan gʻururlanadiganlar, “tirnoqqa zorlik”ni qargʻish deb biladigan xalq ichida bolani xoʻrlaydiganlarni koʻrib hayron boʻlib oʻtiribmiz.
Bu biz emasmiz.
Prezidentimiz har imkoniyatda jahon hamjamiyatiga Oʻzbekistonda uygʻonish davri boshlanganini, oʻzbek xalqi oʻzligiga qaytish islohotlarini boshidan kechirayotganligini, mashaqqatli oʻzgarishlar davrida hamkorlarimizni qoʻllab-quvvatlashidan umid qilayotganini taʼkidlash bilan birga soʻz erkinligini taraqqiyotning voz kechib boʻlmas sharti sifatida eʼtirof etmoqda. Bu juda chuqur maʼnoli va mazmunli eʼtirof. Oʻzbek xalqi soʻz erkinligini chuqur anglaydigan, uni adolatni oyoqosti qilish emas, balki himoya qilish uchun foydalanadigan xalqdir. Aynan shu maʼnoda qadriyatlari tiklanayotgan yangi Oʻzbekistonda insonni qadrlash va soʻz erkinligini taʼminlashda yoʻl koʻrsatuvchi emas, vaqt kerak xolos.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
“Milliy tiklanish” DP fraksiyasi rahbari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Kun fotosi: Hokim fuqarolarning xonadonini oqlab berdi
- Kun fotosi: Namangan viloyati hokimining vaqtinchalik uyi deyarli tayyor boʻldi
- Toshqulov rektorlar nobud boʻlgan 5 nafar talabaning janozasida qatnashib marhumlarning ota-onalariga moddiy yordam berilganini maʼlum qildi
- Kun fotosi: Buxoroda 1000 ta “konteyner uy” imtiyozli kredit asosida muhtoj oilalarga tarqatiladi
- Gʻaniyev taqdimot vaqtida qiyinchilikka duch keldi, Prezident uning rejalaridan qoniqmadi
- Kun fotosi: Buxoro viloyati hokimi ham konteynerga koʻchib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring