Afsonaga aylangan “daraxt”. Yoki bitta “buxanka” uchun vertolyotda uchgan futbolchi haqida

02:26 23 Aprel 2020 Sport
1002 0

Sportga muhabbat Robert Levandovskiga ona suti orqali oʻtgan, desak adashmaymiz. U sportsevarlar oilasida dunyoga kelgan. Shu tufayli ham Robertning kelajakda kim boʻlishi oila davrasida hatto muhokama ham qilinmagan. Otasi Kshishtof Polsha chempionati ikkinchi ligasida toʻp surgan, dzyudo boʻyicha mamlakat chempionligini qoʻlga kiritgan. Onasi Ivona esa voleybolchi edi.

Robert bolaligidan chaqqon va abjir edi.Ammo avvaliga ota-onasi uni qaysi seksiyaga berishni bilmay turishdi. Shunda otasining “Partizan” klubi bolalar komandasiga trenerlik qilayotgani qoʻl keldi. Oʻgʻil bir yil davomida uning koʻz oʻngida mashgʻulot oʻtkazdi. Keyin poytaxt Varshavadagi “Varsoviya” klubida futbol sirlarini oʻrganishga kirishdi. Oʻtloqsiz, qumloq maydon, isitilmaydigan bino, derazasi yopilmaydigan yechinish xonasi — boʻlgʻusi toʻpurar ana shunday shart-sharoitda oʻsib- ulgʻaydi.

2008-yilning bahoriga kelib Polshada Robert Levandovski haqida gapira boshlashdi.Baland boʻyli, texnikasi yuqori hujumchining gollari “Znich” komandasining muvaffaqiyatli oʻyinlariga asosiy omil boʻldi. Prushkuv shahriga polyak top-klublarining skautlari tez-tez koʻrinish bera boshlashdi. Bir safar “Lex” klubi skauti bilan bosh trener Frantishek Jmuda uning oʻyinini kuzatgani “Znich” ishtirokidagi uchrashuvga keldi.Stadionda 15 daqiqa oʻtirgach, Jmuda skautga qarata “Sen yoʻlga sarflangan benzin uchun menga pul toʻlashing kerak. Agar men daraxtni koʻrmoqchi boʻlsam, oʻrmonga borgan boʻlardim” dedi. Aftidan, Jmudaga Levandovski hech qanday taassurot qoldirmagan edi. Biroq “Znich”ning bir necha oʻyinidan keyin bu trenerning fikri oʻzgardi va oʻsha yilning yoziga kelib qahramonimiz “Lex” bilan shartnoma tuzdi. Bu unga oson kechgani yoʻq. Gap shundaki,Robert bolaligidan “Legiya” jamoasiga muxlislik qilar, aynan shu komandada oʻynash istagida edi. Lekin Jmuda qoʻl ostida toʻp surish hujumchi uchun juda foydali boʻldi.U mahoratli futbolchiga aylandi. 2008-yilning yozida komandasining UYEFA Kubogi yoʻllanmasini qoʻlga kiritishiga koʻmaklashdi. Polyak jurnallaridan birining eng umidli futbolchiga atalgan sovriniga sazovor boʻldi. Bir yil oʻtgach esa mamlakatning eng kuchli futbolchisi deb topildi.

Jmuda qahramonimizni “daraxt” deb aytganidan ikki yil oʻtganidan keyin Poznandan Yevropaning nomdor klublari skautlari qadamlari uzilmay qoldi. Robertni goh Blekbernga, goh Rotterdamga, goh Genuyaga ketadi, degan xabarlarni kun aro eshitish mumkin edi. Biroq Yurgen Klopp bilan suhbatdan benihoya taʼsirlangan Robert Dortmundning “Borussiya”sini tanladi.T oʻgʻri, bundesligadagi dastlabki mavsumni u moslashish uchun sarfladi. U paytda “Borussiya”ning oldingi chizigʻida Lukas Barrios toʻp surardi. Keyingi mavsumga kelib u oʻz oʻrnini Levandovskiga boʻshatib berishga majbur boʻldi. Bir yildan keyin esa Yevropa futbolining yulduziga aylandi. Chempionlar ligasining yarim finalida “Real”ga qarshi kechgan oʻyinda u pokerga erishdi. Madridliklar shu vaqtga qadar bir futbolchidan shuncha toʻp oʻtkazib yuborishmagan edi. Robertning “Borussiya”da uzoq qolmasligi aniq boʻlib qolgandi. Nemis futbolida esa bilamizki, hamma yoʻllar “Bavariya”ga olib boradi. Hujumchi myunxenliklar safiga borib qoʻshildi. Lekin Dortmunda polyak futbolchisidan oʻpkalanishmaydi. Chunki u bu yerda bor kuchini berib oʻynagan, muxlislar mehrini qozongan. Hozir “Liverpul” ustozi sanalgan Klopp esa uni “Dortmund uchun buyuk futbolchi” deb atagandi.

Baʼzi mutaxassislarning fikricha, Robert Levandovski oʻzining sermahsul oʻyini bilan 2015-yilda “Oltin toʻp”ga munosib edi. ”Barselona”ning Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyati, “Real” aʼzosi Krishtianu Ronalduning toʻpurarligi boʻlmaganida ehtimolki, polyak futbolchisiga bu sovrin berilardi ham.

Mutaxassislar eʼtiroficha, Levandovski pozitsiya tanlash ustasidir. U kerakli paytda kerakli joyda paydo boʻladi. Toʻp bilan juda yaxshi muomala qiladi. Texnikasi yuqori. Agar kuzatsangiz, u koʻplab gollarini toʻpni toʻxtatmay turib darvozaga yoʻllash orqali kiritadi. Bu esa darvozabonni gʻaflatda qoldirishning eng samarali yoʻlidir. Qolaversa, zamonaviy futbol hujumchidan xuddi shunday harakatni talab qiladi. Ozgina hayallash imkoniyat yoʻqqa chiqarilgani belgisi sanaladi. Afsuski, milliy chempionatimizdagi koʻplab hujumchilar aynan shu masalada oqsashadi. Bu nazarimizda futbolchining oʻz ustida qattiq ishlamasligi, bir joyda depsinib qolishi oqibatidir.

Aytmoqchi, u bolaligidan oʻziga yaxshi tanish Anna Stacherskayaga uylangan. Anna sportning karate turi bilan shugʻullanadi. Oilada ikki farzand kamol topmoqda. Futbolchining aytishicha, xotini uning eng yaqin maslahatchisi. ”Bir gal turmush oʻrtogʻim shirinliklarni kamroq yeyishni, sut kamroq ichishni maslahat berdi. Men shunga amal qildim va oʻzimni ancha yaxshi his eta boshladim” deydi Robert. Boshqalardan farqli tarzda Levandovski oʻz turmush oʻrtogʻi bilan kindik qoni toʻkilgan ona-qishlogʻi Stanslevoda dam olishni maʼqul koʻradi. Baʼzan shu bilan bogʻliq tarzda gʻalati holatlarga ham duch keladi. Bir safar non sotib olishi kerak boʻlib qoldi. Qishloqdan eng yaqin savdo doʻkoni oraligʻidagi masofa oz emas, koʻp emas, 30 kilometr. Boshqa birov boʻlganida mashinaga oʻtirar va bir zumda doʻkonga yetib olardi. Robert esa boshqacha yoʻl tutdi. Vertolyotni ijaraga oldi. Nemis jurnalistlari keyin hisoblab chiqishdi. Bir buxanka non Levandovskiga besh ming yevroga tushibdi. Qahramonimiz esa buni parvozni xush koʻrishi bilan izohlab qoʻya qoldi.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?