Afshonaning Abu Ali ibn Sino yashagan davrga xos qiyofasi yaratiladi

13:02 07 Iyun 2021 Madaniyat
650 0

Peshkulik tadbirkor, «Mironshoh Mirahmad medservis» masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Erkin Boltayev buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino tugʻilib oʻsgan qadimiy Afshona qishlogʻining X asrga xos qiyofasini yaratish ustida ish olib bormoqda.

U barpo etmoqchi boʻlgan “etnik qishloq” tarkibida Ibn Sinoning muzey koʻrinishidagi ramziy uyi ham qad rostlaydi.Unda alloma yashagan davrni eslatib turuvchi kitoblar, lavhlar, dorivor oʻsimliklar, tibbiy asbob – uskunalar, jarrohlik stoli, hammom, tancha, tandir, zuluk bilan davolash, turli muolaja usullari koʻrgazma tariqasida tashkil etiladi.Kigizdan qadimiy usulda poyabzal tikish, mashhur «zandanicha» matosi toʻqishni yoʻlga qoʻyish, qamishdan boʻyra toʻqish, quritilgan mevalardan turli shifobaxsh damlamalar tayyorlash, parhez nonlar yopish orqali sayyohlar koʻz oʻngida buyuk alloma yashagan davr gavdalantiriladi.

Yaqinda viloyat hokimi B. Zaripov boshchiligidagi bir guruh mutasaddilar Afshonada boʻlib, ushbu loyiha bilan atroflicha tanishdilar.Tadbirkorga 62 sotix yer maydoni ajratiladigan boʻldi.

Aytish joizki, ushbu oʻziga xos loyiha davlatimiz rahbarining 2019-yil 13-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora – tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshiriladi.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?