“Afrosiyob” poyezdiga nisbatan qoʻporuvchilik qilganlar uzoq muddatga qamaldi

19:24 14 Avgust 2025 Jamiyat
260 0

“Afrosiyob” tezyurar poyezdiga nisbatan qoʻporuvchilik harakati sodir etgan temiryoʻlchilar uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, “Temiryoʻlinfratuzilma” AJ Buxoro mintaqaviy temir yoʻl uzeli “Ziyovuddin temir yoʻl masofasi” korxonasida temir yoʻl toʻsiqlari boʻyicha brigadir lavozimida faoliyat yurituvchi, Navoiy shahrida yashovchi 1988-yilda tugʻilgan fuqaro 2023-yilning dekabr oyida korxonada brigadir shtat birligi tugatilgach, u yoʻl sozlovchisi va temir yoʻl toʻsiqlari qoʻriqchisi vazifasiga ishga oʻtkazilgan. Bundan norozi boʻlgan sobiq brigadir buni rahbariyatga koʻrsatib qoʻyish maqsadida Karmana tumanida yashovchi 1992-yilda tugʻilgan hamkasbi bilan jinoiy reja tuzgan.

Joriy yilning 14-yanvar kuni kechki vaqt ular Samarqand viloyatining Paxtachi tumani “Burqut” MFY hududida joylashgan “Ziyovuddin-Navoiy” temir yoʻl bekatlari oraligʻining 3872-km hududiga borib, ogʻirligi 110 kg boʻlgan temir-beton shpalni “Afrosiyob” elektropoyezdi harakatlanuvchi temir yoʻl relsi ustiga koʻndalang holatda qoʻyib, voqea joyidan yashiringan.

Foto: DXX

Oradan 15-20 daqiqa oʻtib, “Toshkent-Buxoro” yoʻnalishida 159 km/s tezlikda harakatlanayotgan, jami 148 nafar yoʻlovchisi boʻlgan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi temir-beton shpal bilan toʻqnashadi. Oqibatda poyezdning harakatlantiruvchi qismlariga jiddiy shikast yetadi.

DXXning Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida mazkur shaxslar ushlanib, ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 161-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Navbahor tuman sudi tomonidan esa qonunbuzarlar qoʻporuvchilik harakatini sodir etganlikda aybdor deb topilib, ularning biriga 13-yil, ikkinchisiga esa 12-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, qoʻporuvchilik harakati natijasida jinoyatchilar tomonidan “Afrosiyob” poyezdiga 260 mln soʻm miqdorida zarar yetkazilganligi bois, ushbu pul mablagʻi davlat hisobiga undirib olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер