Afrikada yana bir xavfli virus tarqaldi. Qurbonlar ham bor

19:54 18 Iyul 2022 Dunyo
831 0

Arxiv surat

Gana kuchli gemorragik isitmani keltirib chiqaruvchi xavfli Marburg virusi bilan bogʻliq ikkita holat haqida xabar berdi. Ushbu infeksiya Ebola virusi bilan bir oilaga tegishli. 

Tashxis tasdiqlangan ikkala bemor ham shifoxonada vafot etgan. Infeksiya mamlakatning janubiy Ashanti mintaqasida aniqlangan. Hukumati vaziyatni jiddiy nazoratda ekanini, ayni paytda 98 kishi qattiq karantinga olinganini maʼlum qildi.

Ushbu virusdan oʻlim darajasi 50 foizni tashkil qiladi. Ammo Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti simptomlarni davolash imkoniyatlari cheklangan mamlakatlarda bu koʻrsatkich yuqoriroq ekanligi haqida ogohlantirgan. Marburg virusi tana suyuqliklari — qon, ter va tupurik orqali yuqadi. Dastlabki bosqichlarda bemorda bosh va mushaklarning ogʻrigʻi, titroq va charchoq kuzatiladi.

Ammo vaqt oʻtishi bilan simptomlar kuchayadi. Jigar bilan bogʻliq muammolar kuzatilib, vazn yoʻqotish, ogʻiz va burundan qon ketishi mumkin. Kasallik odatda uch hafta davom etadi. Bemorning hayotini saqlab qolish uchun jigar faoliyatini qoʻllab turish va tana haroratiga eʼtibor qaratish lozim.

Kerakli dori-darmonlar tanqis boʻlgan mamlakatlarda virus bemorlarning oʻlimiga olib keladi.

Marburg virusining tashuvchilari odatda uchar tulkilar hisoblanadi. Gana va boshqa Afrika mamlakatlari maʼmurlari aholini ushbu sutemizuvchilar yashaydigan gʻorlarga yaqinlashmaslikka va har qanday goʻshtni ehtiyotkorlik bilan pishirishga chaqirdi.

Virus birinchi marta 1967-yilda Germaniyada aniqlanganligi sababli Marburg nomini olgan. Oʻshanda u yetti kishini umriga zomin boʻlgan. Keyin Yevropada u bilan bogʻliq boshqa holatlar kuzatilmagan.

2005-yilda Angolada Marburg virusidan 200 nafardan ortiq odam hayotdan koʻz yumgan. Bu hozirgacha kuzatilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Ushbu infeksiya bilan zararlanish holatlari Kongo, Keniya, Janubiy Afrika va Ugandada ham qayd etilgan.

Markaziy va Sharqiy Afrika mamlakatlari Marburg virusining tarqalishidan eng koʻp zarar koʻradi. Ammo u bilan zararlanish holatlari juda kam uchraydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер