Afgʻonistondagi yarashuv jarayonida Oʻzbekistonning tutgan oʻrni qanday? — “The Diplomat” jurnali bunga aniq javob qaytardi

19:36 19 Avgust 2020 Siyosat
794 0

Joriy yilning 18-avgust kuni Amerikaning yetakchi “The Diplomat” nashri veb-saytida “Afgʻonistondagi yarashuv jarayonida Oʻzbekistonning oʻrni” deb nomlangan tahliliy maqola eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

“The Diplomat” jurnali AQSHdagi nufuzli ijtimoiy-siyosiy nashrdir. Jurnal oʻzining sahifalarida tashqi siyosat tendensiyalari, globallashuv va geosiyosat, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, jahon moliya, biznes va xalqaro savdo bilan bogʻliq dunyodagi voqealar boʻyicha yetakchi xorijiy ekspertlar baholari va sharhlarini eʼlon qiladi. Jurnalning bir oylik oʻquvchilari soni 2 milliondan ziyod.

Material muallifi “Corsair LLC” konsalting kompaniyasi rahbari Jeyms Dyurso boʻlib, u tashqi siyosat va milliy xavfsizlik boʻyicha ekspert, 20 yil davomida AQSH flotida tahlilchi boʻlib xizmat qilgan.

Maqolada taʼkidlanishicha, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Prezidenti etib saylanishi mintaqaning Afgʻonistonga boʻlgan qarashlarini oʻzgartirib, Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning bir qismi sifatida tan olishga imkon berdi. Muallif taʼkidlaganidek, 2018-yilgi Toshkent deklaratsiyasi Afgʻoniston ichidagi muzokaralarni qoʻllab-quvvatladi va bu Markaziy Osiyo barcha davlatlarining Afgʻoniston muzokaralari jarayonidagi manfaatlarini rasmiy ravishda tasdiqladi.

Jeyms Dyursonning soʻzlariga koʻra, noyabr oyi oxiriga qadar Afgʻonistondagi AQSH qoʻshinlari sonining 5 minggacha qisqartirilishi, shuningdek, NATO ishtirokining pasayishiga va qator gumanitar dasturlarning qisqarishiga olib kelishi mumkin. Xorijiy hukumatlar xarajatlarni qisqartirganda, kamaygan tashqi yordam oʻrnini qoplash uchun iqtisodiyotni rivojlantirish, COVID-19 pandemiyasi natijasida yoʻqotilgan iqtisodiy faollikni tiklash va demobilizatsiya qilingan “Tolibon” jangarilarini ish bilan taʼminlash kerak boʻladi, deyiladi maqolada.

Sovet qoʻshinlari Afgʻonistondan olib chiqilganidan va tashqi yordam toʻxtatilganidan keyin Najibulloh hukumati agʻdarilgan edi. Ammo bugungi Kobul 1992-yillardagidan farqli ravishda qoʻshnilarining Afgʻonistonni Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga yordam berishiga umid qilishi mumkin. Bu hukumatning agʻdarilishi va fuqarolik urushining oldini olishga imkon beradi, deydi ekspert.

Bunday sharoitda, muallif taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston eng yaxshi geografik joylashuvga ega va mintaqada katta iqtisodiyotga ega Qozogʻiston bilan hamkorlikda Afgʻonistonning mintaqaviy jarayonlarga qoʻshilishi masalasida yetakchi oʻrinni egallashi uchun zarur boʻlgan insoniy va tabiiy resurslarga ega.

Birinchidan, mintaqaviy transport integratsiyasi afgʻon yarashuvini tezlashtiradi. Termizning yuk tashish markazi va “Navoiy” xalqaro aeroporti Afgʻoniston uchun “savdo eshigi” boʻlishi mumkin. Bu Afgʻoniston uchun janubiy yoʻnalishda muqobil ravishda Pokistonning Karachi va Gvadar portlari orqali Eronning Chobahor portiga chiqishni taʼminlaydi. Kobul, shuningdek, eksport transport yoʻlaklari boʻyicha Xitoy va Pokiston bilan muzokaralarda oʻz oʻrnini mustahkamlashi mumkin. Bundan tashqari, Oʻzbekistonning avtomobil va temir yoʻl tarmogʻini modernizatsiya qilishi Kobul bilan Markaziy Osiyo mintaqasi oʻrtasida logistika aloqalarini taʼminlashda ijobiy omil hisoblanadi.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston afgʻon yoshlariga Termiz shahridagi Taʼlim markazi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining qoʻshma loyihasini amalga oshirish orqali sifatli bilim olish imkoniyatini taqdim eta oladi. Afgʻoniston fuqarolarining Oʻzbekiston hududida kunduzgi taʼlim olish imkoniyati biznesni yuritish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini, mehnat standartlari, moliyaviy shaffoflikni oʻrganishga yordam beradi. Bu amalda aholisi yuqori darajada diversifikatsiyalangan – oʻzaro ishonch va bagʻrikenglik ruhi ustuvor Oʻzbekiston qanchalik samarali va tinch yoʻl bilan harakat qilayotganini afgʻonlarga namoyish qilishi mumkin.

Uchinchidan, Oʻzbekiston, ehtimol, oʻzining xorijiy va sarmoyadorlarni jalb etishiga imkon bergan keng va chuqur islohotlarining ijobiy tajribasiga asoslanib, toliblar ishtirokidagi Afgʻonistonning yangi hukumati uchun yoʻl koʻrsatuvchi boʻlishi kerakdir. “Tolibon” rahbarlari, ehtimol, “gʻalaba” dan keyin qabilalarga yaxshi ish vaʼda qilgan va Kobul hukumati, NNT yoki parlament delegatsiyalaridan oʻrganadigan narsalari yoʻq deb oʻylashadi.

Oʻzbekiston sarmoyadorlar zoʻravonlik va korrupsiya bilan tanilgan bozorga kirmasligini tushuntirishi kerak. Masalan, AQSH Geologik xizmati maʼlumotlariga koʻra, Afgʻonistonda urush sharoitida muhim boʻlgan 1 trillion dollarlik qazilma boyliklari bor.

Tahlilchining taʼkidlashicha, NATO Afgʻonistondan chiqib ketganidan soʻng, Afgʻoniston ishtirokida mintaqaviy rivojlanishni taʼminlash uchun Oʻzbekiston zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Bu masala boʻyicha AQSH, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan davlatlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi infratuzilma va boshqa loyihalarni moliyalashtirish orqali Toshkentga siyosiy va iqtisodiy jihatdan yordam berishlari shart.

Xususan, Amerika Qoʻshma Shtatlari “S5 + 1” va “AQSH-Afgʻoniston-Oʻzbekiston” kabi uch tomonlama muloqot shaklidan nafaqat vaziyatni baholashda, balki qarorlarni qabul qilish uchun ham foydalanishi mumkin. Muallifning fikriga koʻra, ushbu platformalar doirasidagi yuqori darajadagi uchrashuvlar amaliy qarorlarni qabul qilishga qaratilgan boʻlishi kerak. Faqat shu tarzda barcha jalb qilingan tomonlar oʻrtasidagi munosabatlar yana-da ravshan va mustahkam boʻladi, deydi Jeyms Dyurso.

Material yakunida Jeyms Dyurso Prezident Shavkat Mirziyoyevning quyidagi soʻzlarini keltiradi: “ Afgʻoniston xavfsizligi – bu Oʻzbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir”. U Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari Afgʻonistonga global iqtisodiyotga qoʻshilish imkoniyatidan foydalanishda yordam berishga, Afgʻonistonning terrorizm oʻchogʻi, narkotiklar, qurol-yarogʻ va odamlar savdosi markaziga aylanishiga yoʻl qoʻymaslikka tayyor ekanliklarini taʼkidlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?