Afgʻoniston va Pokiston yetakchilari Toshkentga keladi

11:48 12 Iyul 2021 Siyosat
558 0

Maʼlumki, 15-16-iyul kunlari Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi. Ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etish uchun Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon tashrif bilan Oʻzbekistonda keladi.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun brifingda maʼlum qildi.

Sh.Asadovning aniqlik kiritishicha, Pokiston Bosh vaziri rasmiy tashrif bilan, Afgʻoniston rahbari esa xalqaro konferensiya doirasida amaliy tashrif bilan kelmoqda.

Ushbu konferensiya, shubhasiz, joriy haftaning eng muhim tadbiri boʻladi. Uning ishida, avval qayd etilganidek, Afgʻoniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga videomurojaat yoʻllaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalar, ishonch va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Yalpi va shoʻba majlislarida mintaqaviy bogʻliqlikni yana-da chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan, savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror oʻsishni taʼminlashdagi oʻrni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali doʻstlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Afgʻoniston Prezidenti, Pokiston Bosh vaziri, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?