“Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga

21:09 26 Iyul 2022 Siyosat
641 0

Foto: president.uz

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

“Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusidagi Toshkent xalqaro konferensiyasining barcha ishtirokchilarini qutlashdan bagʻoyat mamnunman.

Ushbu forumni oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlagani uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish janoblariga alohida minnatdorlik bildiraman.

Anjuman ishida BMT Bosh kotibining vakili janob Markus Potsel ishtirok etayotgani Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi maqsadlarga qatʼiy sodiq ekanidan dalolat beradi.

Yevropa Ittifoqi va Yevropa mamlakatlari, Xitoy, Rossiya, AQSH, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yaqin va Oʻrta Sharq, Osiyo-Tinch okeani mintaqalari davlatlari maxsus vakillarining konferensiyada ishtirok etayotgani esa bugungi uchrashuvning ahamiyatini yanada kuchaytirmoqda. Sizlar Afgʻoniston muammolarini hal etish va afgʻon xalqiga yordam koʻrsatish boʻyicha qarorlar qabul qilishda bevosita qatnashib kelmoqdasiz.

Biz bugungi forumda Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar va yetakchi tahlil markazlari vakillarini koʻrib turganimizdan xursandmiz.

Anjumanda ishtirok etayotgan Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi janob Amir Xon Muttaqiy boshchiligidagi nufuzli Afgʻoniston delegatsiyasini ham qutlaymiz.

Mazkur konferensiya Afgʻonistonning yangi hukumati bilan afgʻon xalqi va butun xalqaro hamjamiyat manfaatlarini har tomonlama hisobga olishga asoslangan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan amaliy fikr almashish uchun imkon yaratadi, deb ishonamiz.

 

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

 

Oʻzbek va afgʻon xalqlari ming yillar davomida yonma-yon yashab keladi. Bizni umumiy madaniy, maʼnaviy va tarixiy qadriyatlar, yagona din va buyuk ajdodlarimizning merosi birlashtirib turadi.

Taʼkidlash kerakki, Amudaryoning narigi sohilida tinchlik boʻlmasa, Oʻzbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib boʻlmaydi.

Shu sababli oʻzining yangi tarixida chuqur ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar inqirozga duch kelayotgan Afgʻonistonga nisbatan dunyoda eʼtibor susayib borayotgani xavotir uygʻotmasdan qolmaydi.

Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 1990-yillardagi xatolarni qayta takrorlamaydi, ularni chetlab oʻta oladi va bu maqsadga albatta erishish lozim.

Afgʻonistonning xalqaro maydonda yakkalab qoʻyilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar. Shu bois bunday holatga yoʻl qoʻymaslik muhimdir, chunki gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda.

Hozirgi paytda Afgʻoniston Muvaqqat hukumati mamlakatda tinchlikni qaror toptirish boʻyicha muayyan qadamlar qoʻymoqda, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona aloqalar, xalqaro hamjamiyat bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga harakat qilmoqda. Biz ushbu saʼy-harakatlarni ragʻbatlantirishimiz va qoʻllab-quvvatlashimiz zarur.

Shu bilan birga, davlat boshqaruvida afgʻon jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlik oʻrnatishning fundamental asosi boʻlib qolmoqda.

Biz Afgʻonistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va koʻrinishlarining oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun oʻzining qatʼiy irodasini namoyon etib, keskin choralar koʻrishga chaqiramiz.

Bunday yondashuv Muvaqqat hukumatga boʻlgan ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afgʻoniston uchun yon-atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan doʻstlik, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish boʻyicha aniq istiqbollar ochadi.

 

Qadrli doʻstlar!

 

Yaqinda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Janubiy va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiya ham Afgʻonistonda tinchlikni saqlash xalqaro xavfsizlikni taʼminlash uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqladi.

Biz, butun xalqaro hamjamiyat afgʻon xalqi bilan birdamlikni namoyon etishimiz zarur. Biz oʻz saʼy-harakatlarimizni Afgʻonistonni tinch, barqaror va farovon oʻlkaga, terrorizm, urush va narkotik moddalardan xoli mamlakatga aylantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga safarbar qilishimiz lozim.

Afgʻoniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yoʻnalishimizga aylanishi zarur. Ayni shunday qarash jafokash afgʻon zaminida mustahkam tinchlik oʻrnatishning muhim sharti hisoblandi. Bu yoʻnalish, xususan, mamlakatning mintaqalararo iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvini, infratuzilmalarga doir va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni oʻz ichiga oladi.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar jihatdan qayta tiklashga koʻmaklashish borasidagi xalqaro saʼy-harakatlarga, jumladan, yirik transmintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surgan holda, salmoqli hissa qoʻshmoqda.

Soʻzimning nihoyasida bugungi konferensiya foydali bahs-munozaralar uchun hamda Afgʻoniston xalqining manfaatlari va orzu-intilishlariga javob beradigan, oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishda samarali muloqot maydoni boʻladi, deb umid qilaman.

Konferensiya faoliyatiga, uning barcha ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер