Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot

08:39 27 Iyul 2022 Siyosat
769 0

Asosiy maqsad — koʻp millatli afgʻon xalqi hamda butun dunyo manfaatlari yoʻlida Afgʻonistonda barqarorlik, xavfsizlik, urushdan keyingi tiklanish hamda uning mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga integratsiyalashuviga koʻmaklashish boʻyicha jahon hamjamiyatining yondashuvlari boʻyicha kompleks chora-tadbirlar va takliflarni ishlab chiqish.

Anjuman Afgʻoniston boʻyicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi (2018-yil 27-mart) hamda “Markaziy va Janubiy Osiyo: oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi (2021-yil 15—16-iyul)ning mantiqiy davomi boʻldi.

Anjumanning ahamiyati va dolzarbligi, kun tartibidagi asosiy masalalar, kutilayotgan natijalar haqida “Yuksalish” umummilliy harakati ekspertlari fikr bildirdi.

Fundamental yondashuv  Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishi

Rustam MAHMUDOV, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti:

— Afgʻoniston boʻyicha uchinchi xalqaro konferensiya bir necha nuqtayi nazardan muhim voqeadir. Avvalo, bu tadbir Oʻzbekiston Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishmamlakatni tiklash, tinchlikni mustahkamlash, shuningdek, tarqoqlashgan mintaqaviy aloqalarga qoʻshilish boʻyicha izchil yoʻnalishni davom ettirayotganini yana bir bor koʻrsatadi. 2021-yil avgust oyida Afgʻonistonda vaziyat keskin oʻzgarib, hokimiyat tepasiga “Tolibon” kelganiga qaramay, Oʻzbekistonning strategik maqsadi oʻzgarishsiz qoldi.

Anjumanning dolzarbligi Afgʻonistonning qariyb bir yil oʻtib hamon beqarorlik holatida qolayotgani bilan ham bogʻliq. Ha, “Tolibon” muvaqqat hukumat tuzdi, kuch tuzilmalarini yaratdi, umuman olganda, mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilmoqda, biroq asosiy beqarorlik ogʻir ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatga borib taqalmoqda.

Xalqaro hisob-kitoblarga koʻra, 20 millionga yaqin afgʻon yoki mamlakat aholisining yarmi ochlik va toʻyib ovqatlanmaslik muammosiga duch kelmoqda, ularning bir necha millionini bolalar tashkil qiladi. Xalqaro hamjamiyat, shu jumladan Oʻzbekiston ham vaziyat keng miqyosdagi inqirozga aylanib ketmasligi uchun afgʻon xalqiga insonparvarlik yordamini koʻrsatmoqda. Ammo ochlik muammosini hal qilishning oʻzi koʻproq fundamental yondashuvlarni talab qiladi, ularni faqatgina Afgʻon hukumati va xalqaro hamjamiyat harakatlarini yaqindan muvofiqlashtirish bilan amalga oshirish mumkin.

Asosiy yondashuvlardan biri Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishi boʻlishi kerak. Bu qiyin vazifa, lekin nazariy jihatdan amalga oshirilishi mumkin, chunki bu mamlakat bir necha trillion dollarga teng boʻlgan foydali qazilmalar koʻrinishidagi kuchli resurslarga ega.

Aynan tabiiy resurslar iqtisodiy oʻsish drayveri, valyutaning barqaror kirimi, yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholining real daromadlarini ularni mintaqaviy va global taʼminot zanjirlariga kiritish orqali oshirish omili boʻlishi mumkin. Eng jozibador aktivlar bu — mis, temir rudasi, nodir yer metallari va litiy konlari boʻlib, ularning isteʼmoli jahon iqtisodiyotining yangi texnologik tartibga oʻtishi tufayli ortib bormoqda.

Bu salohiyatni roʻyobga chiqarish uchun xorijiy investorlar oʻz texnologiyalari, bilimlari, ishlab chiqarishlari bilan kelishi uchun sharoit yaratish zarur, zotan, ularning koʻpchiligi kelishga tayyor. Biroq muammo shundaki, Afgʻonistonda hozircha xalqaro miqyosda tan olingan hukumat yoʻq va bu tabiiy resurslarni qazib olishga koʻp milliard dollarlik xorijiy sarmoya kiritish imkoniyatlarini kamaytiradi.

Shu nuqtayi nazardan, Toshkent konferensiyasi ishida “Tolibon” delegatsiyasining ishtirok etishini ijobiy hodisa sifatida baholash mumkin, chunki bu “Tolibon” va jahon hamjamiyati oʻrtasidagi muloqotda konsensusga erishish uchun yana bir qadam tashlash imkonini beradi. Eslatib oʻtamiz, muloqotlarda toʻsiq boʻlib kelayotgan masala bu – Afgʻonistonda barcha afgʻon siyosiy, etnik va diniy guruhlarini oʻz ichiga olgan inklyuziv hukumat yaratishdir.

Toshkentdagi anjuman yana shu nuqtayi nazardan ahamiyatliki, u Afgʻonistonning transport-tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarish boʻyicha loyihalarni koʻp tomonlama formatda professional muhokama qilishga qoʻshimcha turtki boʻlishi mumkin. Illo, busiz Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishi, Markaziy va Janubiy Osiyoning ishlab chiqarish, savdo tarmoqlariga qoʻshilishi haqida gapirishga hojat yoʻq.

Eng yirik loyihalar qatorida, birinchi navbatda, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Markaziy va Janubiy Osiyo: oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada eʼlon qilingan «Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar» temir yoʻli loyihasini qayd etishimiz mumkin. Shuningdek, Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston gaz quvuri loyihasini ham tilga olish oʻrinli. Loyiha Janubiy Osiyoning oʻsib borayotgan energiya taqchil bozorlariga 33 milliard kub metr turkman gazini yetkazib berishga qaratilgan.

Agar bu loyihalar amalga oshirilsa, biz Yevroosiyoda yangi geosiyosiy, transport, iqtisodiy va madaniy-gumanitar voqelik paydo boʻlishining guvohi boʻlamiz, undan barcha ishtirokchilar, jumladan, albatta, Afgʻoniston ham foyda koʻradi.

Afgʻoniston xavfsizlik omili sifatida

Ulugʻbek HASANOV, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori:

— Zamonaviy xalqaro munosabatlar Markaziy Osiyoni tashqi dunyoga qayta ochilayotgan mintaqa va koʻp yillardan beri azob chekayotgan afgʻon zaminida tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishiga umid uygʻotuvchi sifatida tanitdi. Afgʻoniston nihoyat uzoq muddatli ichki inqirozdan, ijtimoiy-iqtisodiy vayronagarchilikdan chiqish va toʻlaqonli davlat qurishga oʻtish uchun real imkoniyatga ega boʻldi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoning koʻplab davlatlari oʻz siyosatini shakllantirishga urinishlarini kuzatish mumkin va bu jarayon butun mintaqa davlatlarining mavqeyi mustahkamlangani sari aniq chizgilarga ega boʻladi. Afgʻoniston, birinchi navbatda, Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Eron va Rossiya uchun tashqi siyosiy manfaatlarning eng muhim vektori boʻlib qolmoqda.

Zamonaviy sharoitda “Tolibon” hukumati vakillari bilan muzokaralar jarayoni, ayniqsa, soʻnggi oʻn yilliklarda yuzaga kelgan gumanitar tartibsizlikni va ogʻir iqtisodiy inqirozni bartaraf etish uchun shart-sharoit yaratishga koʻmaklashish, janubiy qoʻshni bilan keng koʻlamli hamkorlik va Afgʻonistonning barqaror siyosiy kelajagini belgilash boʻyicha koʻp tomonlama saʼy-harakatlar kontekstida yangicha ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli Afgʻonistonning qoʻshni davlatlar uchun doimiy tahdidlar manbaiga aylanishining oldini olish, shuningdek, barcha etnik va diniy guruhlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ishtirokini taʼminlash muhimdir.

Mintaqa davlatlari muzokaralar jarayonining anʼanaviy va tabiiy tomonlari boʻlgan holda, Afgʻoniston hukumati vakillari bilan muvozanatli va konstruktiv munosabatlarni qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa hal qiluvchi pozitsiyaga ega boʻlgan va bundan keyin ham boʻladigan Markaziy Osiyoni Yevroosiyo xavfsizlik tizimidagi asosiy kuch sifatida belgilaydi.

Xususan, buni bir qancha xalqaro platformalar misolida yaqqol koʻrish mumkin: Afgʻoniston boʻyicha xalqaro aloqa guruhi, “SHHT – Afgʻoniston” muloqot guruhi, “Moskva formati”, “6+2” va “6+3” muloqot guruhlari, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha turli formatdagi maslahat uchrashuvlari. 2021-yil oktyabr oyi boshida Oʻzbekiston rasmiy delegatsiyasining Kobulga tashrifi va Afgʻoniston muvaqqat hukumati rahbariyati hamda aʼzolari bilan oʻtkazilgan muzokaralarda ancha konstruktiv natijalarga erishildi. Yangi sharoitda Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar trans-afgʻon temir yoʻlining geoiqtisodiy salohiyati va imkoniyatlarini rivojlantirish masalalari oʻtgan yil oxiridan buyon Oʻzbekiston-Afgʻoniston-Pokiston siyosiy maslahatlashuvlarining eʼtibor markazida boʻlib turibdi.

Katta ehtimol bilan, ushbu transmintaqaviy logistika loyihasi yaqin kelajakda Markaziy Osiyo davlatlarini eng qisqa yoʻl boʻylab (atigi 760 kilometr) bogʻlovchi va Qoraqurum yoʻlagiga va undan keyin Pokistonning Karachi, Qosim va Gvadar dengiz portlariga olib boradigan asosiy transport yoʻnalishiga aylanishi mumkin. Bu mintaqadagi deyarli barcha mavjud tranzit tarmoqlari uzunligini 30 foizga qisqartiradi va yiliga kamida 15-20 mln tonna yuk tashish imkonini beradi.

Transafgʻon loyihasining samaradorligi Xitoyni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan muqobil transmintaqaviy yoʻnalish (433 km) boʻylab bogʻlaydigan Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy temir yoʻli qurilishi bilan bogʻliq boʻlib, bu yuk tashish hajmini sezilarli darajada oshiradi. Xitoydan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlariga yuk tashishni, shuningdek, Shimoliy-Janubiy va Sharq-Gʻarbiy yoʻlaklarning yuk aylanma oqimlarini sezilarli darajada faollashtiradi.

Mintaqada muloqotning yangi formati shakllanmoqda. Davlatlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar va muvaqqat hukumatning rasmiy delegatsiyasi Afgʻonistonni urushdan keyin qayta tiklash va mamlakatdagi gumanitar inqirozni bartaraf etish boʻyicha maqbul yondashuvlarni topishga bel bogʻlagan. Zero, BMTning Afgʻonistonga yordam koʻrsatish missiyasining 2022-yil 20-iyulda eʼlon qilingan hisobotiga koʻra, “... 2022-yilda Afgʻonistonda insonparvarlik yordamiga muhtojlar soni 2021-yil boshidagi 18,4 million kishidan 24,4 million kishi (59 foiz aholi)ga koʻpayadi», deyiladi.

Aynan shu munosabat bilan «Oʻzqishloqxoʻjalikmash»ning gʻalla, urugʻlik, kaliyli oʻgʻitlar, qishloq xoʻjaligi texnikasi va sanoat mahsulotlari yetkazib berishni davom ettirish, davlatlararo temir yoʻl tarmoqlarini, Surxon-Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini, Termiz shahrida Oʻzbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan insonparvarlik yordami yuklarini qabul qilish va tarqatish markazi hamda temir yoʻllardan foydalanish va taʼmirlash boʻyicha afgʻonistonlik mutaxassis-muhandislarni tayyorlash oʻquv markazini barpo etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Ushbu saʼy-harakatlar Afgʻonistonning davlatlar hamjamiyatida huquqiy maqomiga ega boʻlishiga, xalqaro yakkalanib qolishdan xalos boʻlishga va uning mintaqaviy, jahon siyosiy va iqtisodiy munosabatlariga qoʻshilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan boʻlib, bu Markaziy va Janubiy Osiyoning butun geosiyosiy makromintaqada barqarorlikni saqlashga bevosita taʼsir qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?