“Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” xalqaro konferensiya oʻz ishini yakunladi

09:24 27 Iyul 2022 Siyosat
537 0

Joriy yilning 26-iyul kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Afgʻoniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Nufuzli anjumanda 20 dan ortiq davlatning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakillari, koʻplab xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, Afgʻoniston muvaqqat hukumati delegatsiyalari, xalqaro ekspertlar, olim va tadqiqotchilar, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda asosiy eʼtibor afgʻon zamini xalqaro terrorchi tashkilotlarning doimiy boshpanasiga aylanishiga hamda mamlakat hududi qoʻshni va boshqa davlatlar xavfsizligi uchun tahdid solishda foydalanilishiga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, ushbu zaminda umummilliy yarashuvning asosiy sharti sifatida afgʻon jamiyatining barcha qatlamlari vakillaridan iborat hukumatni shakllantirish, insonlar, ayniqsa, ayollar va barcha etnik-diniy guruhlarning huquq va erkinligini taʼminlash kabi dolzarb masalalarga qaratildi.

BMT Bosh kotibining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili M.Potsel ham oʻz nutqida hech kim urushlar takrorlanishi va Afgʻonistonni yakkalab qoʻyishni istamasligini taʼkidladi: “Mazkur muhim konferensiyani oʻtkazishning oʻzi katta yutuq hisoblanadi. Bugun ilk marta mintaqa davlatlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, yirik donorlar hamda Afgʻonistonning de-fakto hukumati ishtirok etayotgan forum oʻtkazilmoqda. Xalqaro hamjamiyatning asosiy maqsadi Afgʻonistonning oʻzi, umuman, afgʻonlar, mintaqa va dunyo manfaatlarini mujassam etgan — Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga koʻmaklashishdan iborat”.

Anjumanda soʻz olgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Xusrav Noziriy Afgʻonistonda rekonstruksiya, taraqqiyot va ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishda dolzarb hisoblangan tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik uchun barcha imkoniyatlar koʻrib chiqilayotganini qayd etdi. «Bu omillar mamlakat va uning tashqarisida oʻzaro aloqalar, investitsion faollik va savdoni qoʻllab-quvvatlashda asosiy rol oʻynaydi. IHT uchun Afgʻonistonda iqtisodiy kooperatsion aloqalarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. Biz bu muammolarga jiddiy qarashimiz, amaliy yechimlar ishlab chiqishimiz va tashabbuslar bilan chiqishimiz zarur», — dedi X.Noziriy soʻzi davomida. Uning taʼkidlashicha, Afgʻonistonni yakkalab qoʻyish mamlakatdagi mavjud muammolarni yechishga yordam bermaydi. Shuningdek, u barcha manfaatdor tomonlarni, shu jumladan, xalqaro hamjamiyatni Afgʻonistonni barqaror rivojlanishi uchun tadbirlar ishlab chiqishga, bu borada hamkorlikka yoʻnaltirilgan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishga chaqirdi.

Xalqaro tadbirda ishtirok etayotgan YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakili Munir Mamadze Afgʻonistonda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni normallashtirishda va xalq farovonligini shakllantirishda, shuningdek, taʼlim jarayonlariga ham katta eʼtibor qaratish lozimligini aytdi. Unga koʻra, Termiz shahridagi oʻquv markazi afgʻon yoshlarining sifatli taʼlim olishlari uchun tengsiz platforma vazifasini oʻtaydi.

Xitoy Xalq Respublikasining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Yuye Syayon konferensiyada chiqishi davomida Pekin Afgʻonistonni Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik deb bilishini taʼkidladi. Shu oʻrinda Xitoy hukumati transmintaqaviy, jumladan, «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yoʻli va Gʻarbiy Xitoyni Markaziy Osiyo bilan bogʻlovchi temir yoʻli qurilishini qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. “Bunday megaloyihalarni amalga oshirish afgʻon zaminida mustahkam tinchlik oʻrnatilishiga, shuningdek, mintaqaviy munosabatlarni mustahkamlashga yordam beradi”, — dedi u soʻzining yakunida.

AQSHning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tomas Vest ham soʻzga chiqib, Amerika Afgʻonistonga gumanitar yordam koʻrsatishda yirik donor boʻlib qolishini aytdi. Unga koʻra, xalqaro hamjamiyatning qatʼiy harakatlari tufayli mamlakatda gumanitar inqirozning oldini olish va aholining qish mavsumidan talofatsiz oʻtishiga erishildi.

Islom hamkorlik tashkilotining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Tarik Ali Baxit tadbirning ahamiyatini yuqori baholab, Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va ziddiyatlardan keyingi tiklanish uchun mazmunli, har tomonlama va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishga ulkan hissa qoʻshishini taʼkidladi.

Buyuk Britaniyaning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Nayjel Keysi xalqaro hamjamiyat Afgʻoniston masalasini hech qachon ikkinchi planga qoʻymaganini aytdi. Keysi xalqaro hamjamiyatning qatʼiy va oʻz vaqtida koʻrgan choralari keng koʻlamli gumanitar halokatning oldini olganini qayd etdi. Shu bilan birga u Buyuk Britaniya gumanitar yordam koʻrsatishda cheklanib qolmasligi, Afgʻonistonning iqtisodiy barqarorligi va taraqqiyoti uchun hissa qoʻshishga tayyorligini bildirdi.

Rossiya prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Zamir Kabulov anjuman doirasidagi nutqida Afgʻoniston Markaziy bankining 7 mlrd. dollar miqdoridagi muzlatilgan aktivlarini qaytarish zarurligini taʼkidlab oʻtdi. “Afgʻon xalqi bugun ogʻir iqtisodiy inqirozga uchragan va moliyaviy mablagʻlarga oʻta muhtoj”, — dedi u nutqi davomida.

Yalpi majlis yigʻilishidan soʻng Oʻzbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov hamda Afgʻoniston muvaqqat hukumati delegatsiyasi rahbari, mamlakat tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy mahalliy va xorijiy jurnalistlarning savollariga javob berishdi.

Shundan soʻng “Iqtisodiyotning tiklanishi – Afgʻonistonda mustahkam tinchlik asosi” shiori ostida mutasaddi davlat organlari ishtirokida quyidagi yoʻnalishlarda gumanitar va inftratuzilma loyihalar taqdimoti oʻtkazildi:

● «Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar» temir yoʻli qurilishi;

● “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmogʻini yotqizish;

● insonparvarlik yordamlarini koʻrsatish boʻyicha xalqaro koʻp funksiyali transport-logistika markazi;

● Termiz shahridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi faoliyati.

Xalqaro anjuman soʻngida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Afgʻonistonda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni tiklash boʻyicha hamkorlik aloqalarini kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan konferensiya yakunlari yuzasidan OAV vakillariga bayonot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер