Adolat jamiyat kuch-qudratini belgilovchi omildir

20:28 08 Sentyabr 2021 Jamiyat
412 0

Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasiga bergan intervyusini oʻqib chiqarkanman, malakatimizning uzoq oʻtmish tarixidan shu kungacha bosib oʻtgan shonli yoʻli bir-bir koʻz oldimda gavdalandi. Ayniqsa, mustaqilligimizning oʻttiz yillik bayrami arafasida taraqqiyot sari odimlayotgan davlatimizning barcha jabhadagi yutuqlari, istiqboldagi ustuvor vazifalar, xalqimiz azmu shijoati bilan amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorliklari chuqur tahlil etilgani oʻquvchini oʻziga jalb etadi.

Mazkur suhbatdagi voqelik va jarayonlar mamlakatimiz tarixi, buguni hamda kelajagini toʻliq qamrab olgan, desak, ayni haqiqat. Ajdodlarimizning bukilmas irodasi, maʼnaviy barkamolligi, yuksak ilm-maʼrifati ham yuksak tarannum etiladi.

Mamlakatimz rahbari “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasiga alohida urgʻu bergan. Chunki bugun jamiyatimizdagi har bir jarayon yangilanayotir. Intervyuda taʼkidlanganidek, “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” soʻzlari hayotimizda oʻzaro uygʻun hamda hamohang boʻlib yangrayapti, xalqimizni ulugʻ maqsadlar sari ruhlantiryapti.

Prezidentimiz bu borada batafsil toʻxtalib, shunday deydi: “Yangi Oʻzbekiston — demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan doʻstona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatdir”.

Yana bir jahat. Yurtboshimiz butun mamlakatimiz boʻylab amalga oshirilayotgan islohotlar asosi boʻlmish — Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyatini ham bayon qiladi.

Yangi Oʻzbekiston barpo etilar ekan, jamiyatimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida davlatimiz rahbari ilgari surayotgan adolat hamda shaffoflik tamoyillari toʻliq aks etadi. Negaki, bugun “inson huquq va erkinliklari”, “qonun ustuvorligi”, “ochiqlik va oshkoralik”, “soʻz erkinligi”, “din va eʼtiqod erkinligi”, “jamoatchilik nazorati”, “gender tenglik”, “xususiy mulk daxlsizligi”, “iqtisodiy faoliyat erkinligi” kabi demokratik jamiyatga xos hayotiy zaruratlar real voqelikka aylanib boʻldi.

Mamlakatimizda aholining kambagʻalik qatlami bilan jiddiy shugʻullanish masalasi dolzarb vazifalarimizdan biriga aylandi. Barcha islohotda inson manfaati, fuqarolarning farovon turmush madaniyati, erkin va barqaror jamiyat ustuvor qilib belgilangani yutuqlarimizga asos boʻlmoqda. Shu bois, bugun davlat idoralarining xalqqa yaqinlashishi, har bir boshqaruv boʻgʻinida adolat tamoyili yaqqol aks etishi talab etilayotir.

Bu bejiz emas. Chunki adolat jamiyat kuch-qudratini belgilovchi omildir. Bu ham intervyuda batafsil ifoda qilinib, sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida — poklik boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Bunday yuksak talab va vazifalarni teran anglagan, oʻz masʼuliyatini his etadigan senatorlar, deputatlar, hokimlar, huquq-tartibot idoralari masʼullari xalq dardi uning muammolarini bartaraf etish fikri bilan yashamoqda.

Ayniqsa, yillar davomida odamlarni qiynab kelgan korrupsiya, majburiy mehnat, bolalar mehnati, fuqarolarning toptalgan huquqlari, ishsizlik, kambagʻallik kabi holatlarni bartaraf etish bugungi rahbarlarning kunlik vazifasiga aylandi.

Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar negizida “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi tatbiq etildi.

Bugun bu mexanizm oʻzini oqlayapti. Joylarda, jumladan, tumanimizda ham koʻmakka muhtoj fuqarolarning ijtimoiy muammolari shu yangi uslub orqali bartaraf qilinayotir.

Shu bilan birga, Prezidentimiz bergan intervyusida milliy qadriyatlarimizga uzviy bogʻlangan “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Besh muhim tashabbus”, “Har bir oila — tadbirkor”, “Yoshlar — kelajagimiz” kabi dasturlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Bunday qadriyatlarning eʼzozlanishi tufayli xalqimiz pandemiya sharoitida bir-biri bilan doimo yelkadosh boʻlib, mehr-muruvvat koʻrsatib, ogʻir kunlarni ortda qoldirmoqda.

Umuman, intervyuni mutolaa qilib, jamiyatimiz buguni hamda kelajagi, uning istiqboli, yorqin kelajagi toʻliq aks etganini yana bir bor his etdik. Undagi har bir taraqqiyotga olib boradigan yoʻnalishlar Vatanimiz ravnaqi yoʻlida barchamizni munosib hissa qoʻshishga undaydi.

Ulugʻbek GʻANIYEV,
Chinoz tumani prokurori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?