Adliya vazirligining axboroti dastlabki tarzda eshitildi

11:12 25 Fevral 2021 Siyosat
567 0

2021-yil 24-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yilda huquqiy targʻibot va maʼrifatning holati haqidagi axboroti dastlabki tarzda eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Adliya organlari tomonidan 2020-yil davomida televideniye va radio orqali 11 mingdan ortiq chiqish qilinib, 13 mingdan ziyod nusxada plakat, buklet va flayerlar aholiga tarqatilgan. Barcha muhim qonunchilik hujjatlari boʻyicha kompleks targʻibot materiallari shaklida, yaʼni annotatsiya, slayd, flayer, infografika, videorolikdan iborat 200 dan ortiq targʻibot “paketi” tayyorlanib tegishliligi boʻyicha davlat organlari va tashkilotlariga yuborilgan.

“Bepul huquqiy maslahat bilan har bir uyga” shiori ostida huquqiy maslahat berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Loyiha doirasida

5857 ta mahalladagi 78 292 ta xonadonda suhbat oʻtkazilib, ularga bepul huquqiy maslahat, shu jumladan “Ayollar daftari”, “Temir daftar” va ijtimoiy himoyaga oid boshqa loyihalar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

“Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi” nomli insholar tanlovi doirasida maktab, oʻrta-maxsus hamda oliy taʼlim yurtlarining 17 mingdan ortiq oʻquvchi yoshlari qamrab olindi. Qolaversa, jurnalist va blogerlar uchun “Pandemiya 2020: chaqiriqlar, xulosalar, oqibatlar” tanlovi oʻtkazildi.

Bundan tashqari, “Huquqiy targʻibotni amalga oshirishda innovatsion texnologiyalarni qoʻllash” tanlovi ilk bor tashkil qilindi.

Pandemiya davrida @huquqiy_maslahatbot boti orqali fuqarolarning 8 mingdan ortiq savollariga huquqiy tushuntirishlar berildi.

Hayotiy muhim masalalar yuzasidan huquqiy qoʻllanma qayta tahrir qilinib, 20 000 nusxada tarqatildi. 2 000 nusxada “Koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar toʻplami” tayyorlandi va maqsadli tarqatildi.

Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan huquqiy targʻibot tadbirlari monitoringi natijalariga koʻra, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi namunali deb topildi.

Shu bilan birga, Transport vazirligi huzuridagi «Oʻzaviatsiya» agentligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligining jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlari qoniqarsiz deb topildi.

Shuningdek, Maktabgacha taʼlim, Energetika vazirliklari tomonidan amalga oshirilgan targʻibot tadbirlari haqidagi maʼlumotlar monitoring qilish uchun Adliya vazirligiga taqdim etilmagan, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan maʼlumotlar monitoring tugaganidan soʻng kechikib taqdim qilingan.

Bugungi kunda jamiyatimizda huquqiy ong oshyaptimi deb savol oʻrtaga tashlansa, sezilarli darajada oshyapti deb aytishga toʻliq haqlimiz. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq muhokamalardan, fuqarolarimizning oʻz pozitsiyasini erkin bildira olayotganligidan ham koʻrishimiz mumkin.

Biroq, fuqarolarimizni qiziqtirayotgan masalalar boʻyicha Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat test markazi, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan oʻz vaqtida va yetarlicha munosabat bildirilmayapti.

Huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha olib borilgan ishlar tahlili sohada qator muammolar mavjudligini ham koʻrsatmoqda. Mavjud muammolarni bartaraf etish va huquqiy madaniyatni yana-da yuksaltirish maqsadida ustuvor yoʻnalishlar ham belgilandi.

Xususan, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi darajasini baholash tartibi joriy etiladi. Unga koʻra, davlat tashkilotlari xodimlari huquqiy bilimlarini oshirish boʻyicha oʻqitiladi hamda har uch yilda avtomatlashtirilgan tizim orqali huquqiy savodxonlik darajasi baholab boriladi.

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tarkibida Innovatsion media markaz tashkil etiladi. Ushbu Markaz qonun hujjatlari mazmunini sodda, xalqchil tilda yetkazuvchi zamonaviy axborot-tahliliy media materiallarini tayyorlaydi va tarqatadi.

Majlisda koʻrib chiqilgan mazkur masala yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?