Adliya vazirligi jamoatchilikka hisobot berdi

17:50 22 Fevral 2024 Jamiyat
22 0

Bugungi kunda ochiqlik va shaffoflik davlat organlarining xalq oldidagi masʼuliyat va hisobdorlik tuygʻusini oshiruvchi eng muhim talab va tamoyillardan hisoblanadi.

Vazirlik tomonidan mana beshinchi yildirki, jurnalistlar, blogerlar hamda jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot formatida uchrashuv oʻtkazib kelinmoqda.

Bugun, 22-fevral kuni “Adliya vazirligi jamoatchilik oldida hisobot berdi” nomli media ivent oʻtkazildi. Ushbu tadbir vazirlik tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar, kutilayotgan yangi loyihalar toʻgʻrisida OAVlari va jamoatchilikni xabardor qilish, media hamjamiyat bilan yaqin muloqot oʻrnatish maqsadida tashkil etildi.

Unda “Adliya hisoboti-2023» kitobi, “Adliya vazirligidan aholiga 100 maslahat” hamda “Adliya vazirligidan yoshlarga 100 maslahat” nomli huquqiy qoʻllanmalar taqdimot qilindi.

Hisobot tadbirida vazirlik faoliyatiga oid 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi rejalar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.

Norma ijodkorligi. Huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan qonun hujjatlari loyihalarining 543 tasi yoki har uchtadan bittasi maqsadga muvofiq emas deb qaytarildi.

Oxirgi uch yil davomida qonunchilik yukini ixchamlashtirish boʻyicha dadil qadamlar tashlandi. “Tartibga solish gilyotinasi” usuli orqali 8 848 ta normativ-huquqiy hujjatlar bekor qilindi.

Normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotda qoʻllashdagi korrupsiyaviy xavflarning oldini olish maqsadida 359 ta loyiha hamda 113 ta amaldagi qonun hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazdik, natijada 582 ta korrupsiyaviy omillar aniqlandi.

Huquqiy axborotni yetkazish. Bu sohada Adliya vazirligi zamonaviy texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan samarali foydalanib kelmoqda. Birgina misol — “Huquqiy axborot” telegram kanali orqali 2 145 ta huquqiy maʼlumotlar tarqatilib, mazkur maʼlumotlar 152 mln. marotaba koʻrilgan.

Aholining huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiluvchi vazirlikning 8 ta huquqiy resurslarida (Advice.uz huquqiy portal, “Advice for business” portali, “Bola huquqlari” elektron sayti, “test.adliya.uz” sayti, Milliy huquqiy internet portal, kurslar.huquqiyportal.uz portal, hudud24.uz sayti, “Gender madad” elektron platformasi) joylashtirilgan materiallar bilan 3,4 mln. marotaba tanishildi.

Huquqiy aksiyalar va ommaviy tadbirlarda 189 mingdan ortiq fuqaroga bepul huquqiy maslahat berildi, 18 mingdan ortiq huquqiy targʻibot materiallari tarqatildi.

Inson huquqlarini taʼminlash. 2023-yilda fuqarolardan kelib tushgan shikoyatlarning 77 foizi qanoatlantirildi.

Davlat organlarida inson huquqlari sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan oʻtkazilgan oʻrganish va monitoringlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish boʻyicha 8 071 ta taqdimnoma kiritilib, 939,6 mlrd. soʻmdan ortiq pul mablagʻlari undirib berildi, fuqarolar manfaatlarida tegishli sudlarga 240 mlrd. soʻmga yaqin 11 763 ta daʼvo arizalari kiritildi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatish. Davlat xizmatlari markazlarida koʻrsatiladigan davlat xizmatlari turlari soni 335 taga yetkazildi. Kompozit davlat xizmatlari, yaʼni bitta ariza orqali bir nechta xizmatdan foydalanish imkoniyatini beruvchi davlat xizmatlarining turi 31 taga yetkazildi. Davlat xizmatlari markazlari tomonidan 13,2 млн.дан ortiq xizmatlar koʻrsatildi.

Davlat xizmatlarini koʻrsatish bosqichlari soddalashtirilishi natijasida oʻrtacha xizmat koʻrsatish vaqti 15 daqiqani tashkil etdi.

Shuningdek, vazirlik faoliyatini modernizatsiya qilishda texnologiya muhimligini anglagan holda, qulaylik va samaradorlikni oshirish uchun yangi innovatsiyalar joriy qilinmoqda.

Xususan, aholi, tadbirkorlar va vazirlik oʻrtasidagi munosabatlarni raqamlashtirish maqsadida Tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimi (new.birdarcha.uz), “Litsenziya”AT (license.gov.uz) hamda “Notarius”AT (e-notarius.uz) kabi axborot tizimlari ishlab chiqilib, takomillashtirildi.

Tadbir davomida jurnalist va jamoatchilik vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniyatiga ega boʻldi.

Manzura MATRASULOVA,

OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?