Adliya vazirligi: Xorijdagi mulklarni qaytarishda Gulnora Karimovaning roli umuman yoʻq!

22:45 18 Mart 2020 Jamiyat
1231 0

Foto: www.google.com

Adliya vazirligi Oʻzbekistonga mulklarni G.Karimovaning oʻzi qaytargani yoki qolgan mulklar bevosita u yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi taʼkidlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini maʼlum qildi.

Vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimiga koʻra, 2019-yilda xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan G.Karimovaga nisbatan oldin olib borilgan tergov harakatlari bilan qamrab olinmagan jinoyatlar haqida xabarlar kelib tushdi. Bu esa yangidan ochilgan holatlar boʻyicha yangi jinoyat ishi ochilishiga asos boʻldi. 

Tergov G.Karimova oʻziga yaqin shaxslardan iborat bir nechta uyushgan jinoiy guruh tuzib, jinoiy uyushmaga rahbarlik qilganligi, respublikaning sanoat korxonalarida faoliyat yuritib, unga jinoiy yoʻl bilan orttirilgan daromaddan ulush berib turgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga rahbarlik qilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, jinoiy ish materiallariga koʻra, G.Karimova fuqarolarga va turli kompaniyalar egalariga bosim oʻtkazish va qoʻrqitish yoʻli bilan oʻzlarining mulklarini unga qarashli kompaniyalarga qayta rasmiylashtirib berishga majburlagan.

Ish boʻyicha tergov davomida G.Karimovaning qonuniy huquq va manfaatlarini u va uning yaqin qarindoshlari tomonidan jalb etilgan 7 nafar advokat himoya qildi. Bundan tashqari, barcha tergov tergov harakatlarida advokatlarning ishtiroki taʼminlandi va ularning hech qanday cheklovlarsiz G.Karimova bilan xoli uchrashishiga imkoniyat yaratib berildi.

Tergov tadbirlari davomida Oʻzbekiston Respublikasining jinoyat-protsessual qonunchiligining buzilishiga, shuningdek gumon qilinuvchilar va ayblanuvchilarning huquqlari buzilishiga yoʻl qoʻyilmagan.

2020-yil 18-mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar sudida G. Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma aʼzolariga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi eʼlon qilindi.

Oʻtkazilgan sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar koʻrsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va toʻliq oʻrganib, sudlanuvchi G. Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, oʻzlashtirish va rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan G. Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui boʻyicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015-yil 21-avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning ogʻirlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Oldin koʻrilgan jinoiy ishlar, shuningdek, soʻnggi jinoiy ish doirasida yetkazilgan zarar miqdori 3,8 trln. soʻm va 165 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.

Shu bilan birga, G.Karimovaga oid xabarlarda mulklarni qaytarish masalasi yana koʻtarilayotganligi munosabati bilan Adliya vazirligi G.Karimovaga nisbatan boshqa davlatlarda ham tergov harakatlari olib borilayotganligini eslatib oʻtishni joiz deb hisoblaydi. Ushbu ishlar boʻyicha G.Karimova jinoiy yoʻl bilan orttirilgan mablagʻlarni legallashtirish bilan bogʻliq jinoyatlarga qoʻl urganlikda ayblanmoqda.

Xorijiy davlatlarda olib borilayotgan tergov materiallari va rasmiy manbalarda keltirilishicha, G.Karimova va unga aloqador shaxslar tomonidan Latviya, Shveysariya, Fransiya, Shvetsiya, Niderlandiya va ehtimol boshqa davlatlarda jinoiy yoʻl bilan bilan orttirilgan mablagʻlarni yuvish boʻyicha noqonuniy korrupsion sxemalar amalga oshirilgan.

Qayd etish joizki, mulklarni qaytarish boʻyicha barcha muzokaralar va tadbirlar rasmiy darajada Oʻzbekiston qonunchiligi va xalqaro huquq normalariga muvofiq olib borilmoqda.

Xususan, Bosh prokuratura va Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekistonning vakolatli idoralari ishtirokida G.Karimova tomonidan jinoiy yoʻl bilan orttirilgan 1,3 mlrd. AQSH dollaridan ortiq miqdordagi mulklarni qaytarish boʻyicha Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Mazkur mulklar xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan hibsga olinganligi munosabati bilan, ular anchadan buyon G.Karimova (uning oila aʼzolari)ning tasarrufida emas.

Shu bois, Oʻzbekistonga mulklarni G.Karimovaning oʻzi qaytarganligi yoki qolgan mulklar bevosita G.Karimova yoxud boshqa alohida shaxslar tomonidan qaytarilishi mumkinligi haqidagi taʼkidlar huquqiy asosga ega emas va shu bois haqiqatga toʻgʻri kelmaydi,– deyiladi Adliya vazirligi xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?