Adliya vazirligi delegatsiyasi Finlyandiya Milliy politsiya kengashi va “Iso Omena” xizmat koʻrsatish markazi faoliyati bilan tanishdi

13:54 24 Mart 2023 Siyosat
469 0

Adliya vazirligi delegatsiyasi Finlyandiyaga xizmat safari doirasida joriy yilning 23-mart kuni Finlyandiya Milliy politsiya kengashi tomonidan fuqarolarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar berish, jumladan ID-karta va pasport rasmiylashtirish faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Fuqarolarga ID-karta va pasport berish jarayonida Aholi registridan keng foydalanilishi, ushbu registrdan olingan maʼlumotlar yagona rasmiy manba boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Xususan, bola tugʻilgan vaqtdan boshlab Aholi registrida roʻyxatga olinib, unga oʻzgarmas shaxsiy raqam beriladi.

Ushbu registrda fuqaro haqida toʻliq maʼlumotlar, jumladan uning familiyasi, ismi, tugʻilgan sanasi, oila tarkibi, nikoh va ajrim maʼlumotlari, yashash manzili, fuqaroligi, taʼlim olganligi, kasbi, koʻchmas mulklari va boshqa shaxsiy maʼlumotlari jamlanadi.

Aholi registri barcha davlat xizmatlarini koʻrsatishda fuqaroning shaxsiga oid yagona rasmiy manba hisoblanadi. Finlar davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni koʻrsatishi shart emas, shaxsiy identifikatsiya raqamini aytishning oʻzi kifoya.

Kun davomida delegatsiya aʼzolari Espoo shahridagi “Iso Omena” xizmat koʻrsatish markazining faoliyati bilan ham tanishishdi.

Maʼlumot uchun: “Iso Omena” xizmat koʻrsatish markazi bir joyda bir nechta davlat xizmatlarini, jumladan sogʻliqni saqlash markazi, kutubxona, onalik va bolalik klinikasi, shahar/munitsipalitet xizmatlari, bandlik maʼlumotlari va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha fuqarolarga xizmat koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?