Adliya vazirligi bloger qanday holatlarda post ostidagi sharhlarni oʻchirishi kerakligi haqida maʼlumot berdi

17:04 14 Avgust 2019 Jamiyat
1114 0

Illyustrativ foto

Adliya vazirligining telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali orqali bloger qanday holatlarda post ostidagi sharhlarni oʻchirishi kerakligi haqida maʼlumot berildi.

2014-yilda “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga muvofiq (ushbu talablar blogerga ham taaluqli) veb-sayt va (yoki) veb-sayt sahifasidan quyidagi maqsadlarda foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmasligi shart:

mavjud konstitutsiyaviy tuzumni, hududiy yaxlitlikni zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etish;

urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilish;

davlat siri boʻlgan maʼlumotlarni yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;

milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, shuningdek fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborotni tarqatish;

giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targʻib qilish;

pornografiyani targʻib qilish;

qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan boshqa harakatlarni sodir etish.

Demak, postlar tagidagi sharhlarda yuqorida qayd etib oʻtilgan axborotlar mavjud boʻlgan fikrlar, chaqiriqlar boʻlsa, qonun talabiga koʻra blogerlar u sharhlarni oʻchirishi lozim boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?