Adliya idoralarida nima gap?

16:15 10 Avgust 2022 Jamiyat
277 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda adolat va huquq ustuvorligini mustahkamlash, aholiga professional xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruvni yaratish, deklarativ xususiyatga ega vazifalarni bekor qilish, funksiyalarni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini aniq belgilash va takrorlanishlarning oldini olish, shu jumladan, aholining huquqiy muammolarini hal etishda adliya organlarining roli hamda masʼuliyatini yanada kuchaytirish maqsadida shu yilning 17-mart kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda huquqiy xizmat koʻrsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu hujjat ijrosi doirasida ixchamlashtirilgan tizim faoliyatini xalqqa yanada kengroq yetkazish maqsadida Adliya vazirligi masʼul xodimlari hamda Namangan viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Tadbir qatnashchilari dastlab Namangan shahar adliya boʻlimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Ularda, ayniqsa, Namangan shahar Davlat xizmatlari markazi faoliyati yorqin taassurot qoldirdi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu DXMda kuniga 400-500 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatiladi. Markazda tashkil etilgan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish, ID-karta hamda xorijga chiqish biometrik pasportini olish xizmatlaridan aholi koʻproq foydalanmoqda. Adliya boʻlimi, Davlat xizmatlari markazi, yuridik xizmat koʻrsatish markazi va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi bir binoda, bir-biriga yaqin manzilda joylashgani tashrif buyuruvchilarga maʼqul tushayotir.

Adliya sohasiga doir har qanday murojaat bir joyning oʻzida qonuniy koʻrib chiqilishi aholi va tadbirkorlik subyektlari vaqti va naqdi tejalishiga xizmat qilishi press-tur ishtirokchilari diqqat markazida boʻldi. Bunday yondashuv, yaʼni ixcham boshqaruv tizimi huquqiy muammolarning tezkorlik bilan hal etilishida muhim omil boʻlmoqda.

Keyingi manzil Yangi Namangan tumani “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yigʻini boʻldi. Bu joyda Namangan viloyati adliya boshqarmasi hamda tuman adliya boʻlimi bilan hamkorlikda “mahallabay” oʻrganishlar olib borilgan. Ayni jarayonda 400 nafarga yaqin fuqaroning tugʻilganlik guvohnomasi yoʻqligi aniqlanib, hozirga qadar ularning 25 nafariga muddati oʻtgan tugʻilganlik guvohnomalari yozib berildi.

Press-tur Namangan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bilan yakunlandi. Unda boshqarma va tuman, shahar adliya boʻlimlari tomonidan aholi hamda tadbirkorlik subyektlari murojaatlari boʻyicha qilingan amaliy ishlar xususida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, DXM, yuridik xizmat koʻrsatish markazi hamda FHDYO sohasidagi yangiliklar haqida oʻzaro fikr almashildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?