Adabiyot ruhiyat ozigʻidir

22:56 26 May 2021 Madaniyat
559 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, xalqimiz asrlar davomida eʼzozlab kelgan milliy qadriyatlar va urf-odatlarimiz, oʻzbek xalqini jahonga bagʻrikeng, kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qiladigan ochiqkoʻngil va mehnatkash xalq sifatida tanitgan hamda tarbiyalagan asriy anʼanalarimizni asrab-avaylash, ziyolilarimizni, birinchi galda soʻz ahlini qoʻllab-quvvatlash, ularning samarali ijod qilishlari uchun qulay sharoitlarni yaratib berish borasida olib borilayotgan tizimli tadbirlarning navbatdagi muhim qadami boʻldi, desak ayni haq gapni aytgan boʻlamiz.

Bu boradagi ishlar davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani bejiz emas, albatta. Chunki bugun dunyoda, bundan hatto besh-oʻn yil oldin tasavvur ham qilib boʻlmaydigan, yaratuvchanlik va buzgʻunchilik gʻoyalari oʻrasidagi ayovsiz kurashning avj pallasiga yetganligining guvohi boʻlib turibmiz. Turli darajadagi ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqlar, ayniqsa oʻsib kelayotgan yosh avlod ongi va tafakkurini egallab olish uchun xurujlarini uzluksiz davom ettirmoqda. Albatta, bu kurashning sabab va oqibatlari haqida uzoq gapirish mumkin. Ammo shunisi ayonki, bu kurashda faqat maʼnaviy toʻkis, ajdodlari qadriyatlariga suyangan, maʼnaviy immuniteti kuchli boʻlgan, oʻzining qatʼiy milliy qarashlariga ega, keng dunyoqarashli, nima yaxshiyu nima yomonligini anglagan millatgina oʻzligini saqlab qola oladi. Aks holda qaysi millat ekanidan, insoniyat oldidagi oʻtmishdagi har qanday xizmatlaridan qatʼiy nazar mahv etilishga mahkumdir. Zero, bu buzgʻunchi gʻoyalarning, asosan Gʻarbdan oʻrtaga tashlanayotgani, goʻyo ezgu niyatlarni koʻzlagan buzgʻunchi gʻoyalar, sharq xalqlari mentaliteti va hayot tarziga yot tashabbuslarning yoyilishidan maqsad xuddi ana shundan iboratdir. Shuning uchun bugun Prezidentimiz tashabbusi bilan millatimizning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Buzgʻunchi mafkuraga oʻzimizning asrlar sinovidan oʻtgan mafkuramizni, buzgʻunchi gʻoyaga xalqimizning yaratuvchanlik gʻoyasini, buzgʻunchi soʻzga yaratuvchi soʻzni qarshi qoʻyish bugungi eng dolzarb vazifadir. Xalqimiz esa doimo soʻz ahliga eʼtiqod nazari bilan qaragan, uning soʻzini jon qulogʻi bilan eshitgan. Biror bir fikrini isboti uchun afsona va rivoyatlar, xosiyatli hadislar bilan birga shoirlardan toʻrt satrmi, ikki qatormi ibratli misollar keltirishgan. Shu sababdan ham bugun xalqimiz hazrat Alisher Navoiyni, Bobur Mirzo yoki Ogahiyni oʻzlarining ustozlari, suyanguvchi maʼnaviy pirlari sanaydilar. Maʼnaviy pirlar qadriyatlarga sadoqat, buyuk vatanparvarlik namunalarini koʻrsatgan. Dushman tugʻini majaqlagan Shayx Najmiddin Kubroni yoki Navoiyning xalq farovonligi, davlat tinchligi va maʼnaviy merosni qoʻllab quvvatlash borasidagi olamshumul ishlarini eslang. Amin boʻlamiz-ki, yuqoridagi kabi maʼnaviy pirlar, soʻz mulkining sultonlari doimo hukmdorlar, davlat himoyatida boʻlishgan. Zero ular xalq birligi, mukammalligi va yengilmasligining garovi edilar. Bu hol ularning soʻzlariga yana-da koʻproq salmoq baxsh etgan. Shuning uchun millat ruhini koʻtaradigan, uni hushyorlikka chaqiradigan soʻz hamisha ana shunday millat peshqadamlari — shoirlar va yozuvchilar, olimlar, ustozlar tilidan yangragan. Shunday ekan, hech ikkilanmay aytishimiz mumkinki, bugun mamlakatimizda salohiyatli soʻz aytish uchun yaratilayotgan imkoniyat xalqimizning ertangi kuni uchun, iqtisoddami, ijtimoiy jabhadami, maʼnaviyat va siyosatdami sodir boʻlayotgan va kutilayotgan yutuqlarimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatdir. Sababi haq gapni aytish va eshitishga ega boʻlgan xalq maʼnaviyati yuksak, dono va shijoatlidir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida” qarori xuddi ana shunday soʻz va soʻz aytuvchi salohiyatini taʼminlashga qaratilgan hujjat hisoblanadi.

Bu borada keyingi toʻrt-besh yilda amalga oshirilgan ishlarni bir xayoldan kechirsak shu qisqa davrda bu borada ham oʻn yilliklarga tatigulik ishlar hayotga tatbiq qilinganining guvohi boʻlishimiz mumkin: Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning avgust oyida oʻtkazilgan yozuvchi va shoirlar bilan tarixiy uchrashuvi, muloqoti va keyingi fikr olishuvlari natijasi oʻlaroq Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi uchun hashamatli binoning bunyod etilishi, bu binoda adabiy-badiiy jurnallarimiz “Sharq Yulduzi”, «Zvezda Vostoka», “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” va boshqa nashrlarning joylashtirilishi, Adiblar xiyobonining bunyod etilishi, joylarda oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga salmoqli hissa qoʻshgan adiblarimiz nomlari bilan ataluvchi ijod maktablarining tashkil etilishi, eng asosiysi, poytaxtda yashayotgan uy-joyga muhtoj ijodkorlarni imtiyozli shartlarda uy-joylar bilan taʼminlash choralarining koʻrilganligi mamlakatimizda ijod ahlini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarilganligining yana bir isbotidir.

Faqat biz, viloyatlarda yashab ijod qilayotgan qalam ahlining yana bir orzusi bor. Prezidentimiz tashabbusi bilan maʼnaviy-maʼrifiy sohani yozuvchi va shoirlarga erkin barakali ijod qilish uchun mukammal sharoitlar berish borasida olamshumul tadbirlar amalga oshirilayotgan bir paytda joylardagi mutasaddilar, viloyat hokimlari ham “Bizga Prezident yana qanday topshiriq berar ekan, Toshkentdan yana qanaqa koʻrsatma boʻlar ekan”, deb, kutib oʻtirmay, mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda oʻzlari ham tashabbus koʻrsatsalar nur ustiga nur boʻlardi. Chunki viloyatlarda ham juda iqtidorli ijodkorlar koʻp. Ularning koʻpchiligi, maʼlum sabablarga koʻra, oʻz ijodlarini talab darajasida targʻib qilish yoki turli adabiy nashrlar uchun tavsiya qila olmaydilar. Shuning uchun bunday ijodkorlarning asarlari ham koʻp nusxada chop etilsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj ijodkorlar mahalliy byudjet imkoniyatlaridan foydalanilib yana-da koʻproq qoʻllab-quvvatlanilsa, viloyatlarda ham oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan adiblar hayoti va faoliyati, umuman ijodkorlar, yangi asarlar targʻiboti masalalariga bagʻishlangan “Adabiyot festivallari” tashkil etilsa joylardagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligi yana-da oshgan boʻlardi. Albatta, bu borada Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyatlardagi boʻlimlari tashabbus koʻrsatishlari lozim. Uyushmaning viloyat boʻlimlari, har bir ijodkor ham oʻz faoliyatini yangi sharoit va talablar asosida qayta koʻrib chiqishlari shart.

Shundagina Prezidentimizning “Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorida koʻzda tutilgan tadbirlar toʻligʻicha amalga oshgan, uning mohiyati faqat poytaxtda emas, viloyatlarda, chekka-chekka tumanlarda yashab ijod qilayotgan ijodkorlargacha yetib borgan va ularni ham markazda istiqomat qilayotgan adiblar kabi ilhomlantirgan boʻlar edi. Buning uchun davlatimiz rahbari joylardagi hokimlarga yetarlicha imkoniyatlar yaratib bergan. Navbat faqat ishlashga, tashabbus koʻrsatishga va ushbu sohadagi ishlarni joylarda davlat siyosati talab qilayotgan darajada toʻliq va keng koʻlamda amalga oshirishga qolgan.

Shuhrat SHATKARIM,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi,
Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati axborot-kutubxona markazi yetakchi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?