Abu Bakr Varroq Termiziy qabri nega buzildi?

23:05 24 Mart 2021 Jamiyat
1389 0

2021-yilning 19-mart kuni surxondaryolik telejurnalist Sarvar Toʻrayev oʻzining Feysbukdagi sahifasi orqali “Sen oʻtmishga tosh otsang, kelajak seni zambarakdan oʻqqa tutadi!” sarlavhali post qoldirib, buyuk alloma hazrat Varroq Termiziyning qabri va uning atrofi tekislanayotganligi, hududda tadbirkor avtomashinalar turar joyi qurmoqchi boʻlgani haqida yozdi. Bu, tabiiyki, ijtimoiy tarmoqda keng muhokamalarga sabab boʻldi.

Oradan bir kun oʻtib, 20-martda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati ushbu masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unda maʼlum qilinishicha, «Termiz shahrida faoliyat koʻrsatayotgan “Complex Technical Services” MCHJga «Avtotransport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish, avtomobillarga siqilgan gaz quyish kompressor stansiyasi hamda avtotransport vositalarining zamonaviy savdo majmuasi» qurish uchun Termiz tumani “Yangiobod” mahallasi hududidagi tuman zaxira fondidan 10 gektar yaylov yer maydoni ajratilgan.

Joriy yilning 19-mart kuni olib borilgan oʻrganishlar davomida oʻziga ajratilgan yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun MCHJ tomonidan 100 metr uzoqlikda joylashgan muhofaza hududning chegara qismidan oʻzboshimchalik bilan tuproq qazib olish ishlari olib borilayotganligi aniqlandi. Eski Termiz» hududidan tuproq qazib olish ishlari toʻxtatilgan. Varroq Termiziy maqbarasiga tutash yodgorliklarga qisman ziyon yetgan. Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyekti va uning muhofaza hududida noqonuniy ishlarni olib borgani uchun “Complex Technical Services” MCHJga nisbatan oʻrnatilgan tartibda qonuniy chora koʻrish boʻyicha viloyat prokuraturasiga hujjatlar taqdim etilgan».

Afsuski, bularning hammasi endi kech. Oʻzboshimchalik bilan tuproq olish natijasida termizlik buyuk alloma Abu Bakr Varroq Termiziy qabri yoʻq qilingan. Nafaqat ulugʻ allomaning qabri, balki, shu hududdagi qariyb 3 gektarlik eski qabriston ham buzilgan.

Hokimlik rasmiy munosabatida yana quyidagilar maʼlum qilingan: “Maʼlumot uchun aytish kerakki, Termiz tumanidagi «Qoratepa”, “Fayoztepa” “Termiz shohlar” saroyi kabi oʻnlab jahonga mashhur obidalarni qamrab olgan “Eski Termiz” arxeologik hududining 500 gektarlik umumiy yer maydoni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi tegishli qarori bilan davlat muhofazasiga olingan.

Arxeologik hududning operativ boshqarish huquqi Termiz davlat muzey-qoʻriqxonasiga topshirilgan boʻlib, hududda qurilish, taʼmirlash, tekislash va boshqa ishlarni amalga oshirish qatʼiyan man etilgan.

Miloddan avvalgi IX-X asrlarda yashab, faoliyat koʻrsatgan ulugʻ alloma Abu Bakr Varroq Termiziy qabri ham ushbu arxeologiya yodgorligi hududida joylashgan boʻlib, Markaziy Osiyo xalqlari tarixida muhim oʻrin egallaydi».

Xoʻsh, Abu Bakr Varroq Termiziy kim edi?

Manbalarda keltirilishicha, Abu Bakr Varroq Termiziy diniy va dunyoviy ilmlar bilimdoni, qomusiy olim Hakim Termiziyning sodiq shogirdi, ulugʻ muhaddis Imom Termiziyning togʻasidir.

Abu Bakr Varroq Termiziy hadis, kalom, fiqh va boshqa ilmlarda ham juda benazir boʻlgan. Zamonasining shayxi, hozid, hakim va avliyo maqomiga erishgan. Qurʼoni karimdan tashqari “Tavrot” va “Injil”ni doimo sevib mutolaa qilgan. Demakki, yunon va yahudiy tillarini ham mukammal bilgan.

Koʻplab muhim manbalar qatorida Mir Alisher Navoiy oʻzining «Nasoyim ul-muhabbat» asarida «Abu Bakr Varroq Termiziy ikkinchi tabaqadandur. Asli Termizdandur, qabri ham andadur. Abu Iso Termiziyning tagʻoyisidir», deya maʼlumot beradi.

Shayx Fariddin Attor oʻzining «Tazkirat ul-avliyo» kitobida Varroq Termiziy haqida shunday maʼlumotlarni yozib qoldirgan: “ ...Ilm va hikmat xazinasi, halol va poklik yagonasi, hoʻp sohibkamol, muomala va adab bobida benazirdir».

Varroq Termiziy IX asrda Termizda tugʻilgan va shu yerdagi madrasalarda tahsil olgan. Umrinnig oxiriga qadar Termizda muqim yashagan. Yuksak bilim va hayotiy tajribasi asosida talay asarlar yozib qoldirgan. Allomaga shogird va izdosh boʻlib, koʻplab olimlar yetishib chiqqan. Varroq Termiziy vafot etgan sanasi sifatida 907-yil qayd etilgan. Termizdagi Mashohid degan joyda dafn etilgan.

Termizlik taniqli arxeolog olim Toʻxtash Annayevning bizga maʼlum qilishicha, hozir buzib tashlangan qabr va eski qabriston “Eski Termiz” hududida joylashgan boʻlib, bu yerda 30 yillarga qadar kichikroq maqbara ham boʻlgan. 80-yillarda chop etilgan mashhur tarixchi, arxeolog olim M.Ye.Massonning kitobida vayronavor maqbara koʻrinishi aks etgan rasm bor. Afsuski, bu joyga keyingi paytda yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan. Holbuki, “Eski Termiz” hududidi Termiz davlat muzey qoʻriqxonasi tarkibiga kiritilgan boʻlib, muhofaza ishlari olib borilmagan. Oqibatda esa...

— 2021-yilning yanvar oyidan yangi loyiha, yaʼni savdo va texnik xizmat faoliyatini tashkil etish uchun Termiz tumanidagi “Limonzor” massividagi avval qishloq xoʻjaligida foydalanilmaydigan yaylov, qum karyeri boʻlgan hududdan bizga ajratib berilgan 10 gektar yer maydonida qurilish ishlarini boshladik, — deydi “Comlex Tehnical Services” MCHJ direktori Mansur Musayev. — Ish jarayonida chuqurlik joylarni toʻldirish uchun ajratilgan yer maydonidan chamasi 300 metr uzoqlikdagi, yoʻllarning asfalt qoplamasi chiqindilari va boshqa maishiy chiqindilar toʻkilgan nuqtadan chiqindilar tashib keltirildi. Buning uchun Surxondaryo viloyat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hisob raqamiga 2 million 450 ming soʻm kompensatsiya toʻlovini amalga oshirdik. Chiqindilar tashib boʻlinganidan keyin tuproq qatlam ochilishi bilan turli sopol parchalariga duch kelinganidan soʻng ishlar toʻxtatildi. Bunga qadar mazkur hudud biror bir madaniy meros manbasiga taalluqli ekanidan bexabar edik. Chunki yaqin atrofda yoki koʻrinarli joylarda bu haqdagi ogohlantiruvchi belgilar mavjud emas edi. Hududda hozir ham koʻp miqdordagi maishiy chiqindilar mavjud. Aslida, ziyoratgoh joylarda hurmatda boʻlish har bir moʻmin-musulmonning burchi ekani muqaddas dinimizda koʻrsatilgan. Ming afsuski, bu joy qabriston hamda madaniy yodgorlik ekanini biz bilmaganmiz.

Shu oʻrinda bir mulohaza. Miloddan avvalgi IV – III asrlarda katta maydonni egallagan Termizning qadimgi qalʼasi oʻrnida aholi manzili boʻlgan. Miloddan avvalgi III-II asrlarga kelib Termiz Baqtriya davlatining eng rivojlangan, siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazlaridan biriga aylangani tarix kitoblaridan bizga yaxshi maʼlum.

Asrlar osha goh obod, goh vayron boʻlgan eski Termiz hududidagi madaniy inshootlarda tarixchilar, arxeologlar tomonidan izchil oʻrganilmoqda. Shunday bir sharoitda haqli savol tugʻiladi. Hozirda bu joy istagan kishi bu yerdan tuproq olishi, qadimiy obidalarni vayron qilish mumkin boʻlgan darajada “egasizmi”? Bu joylar hukumatning tegishli qarori bilan muhofazaga olingan ekan, uning ijrosi qay darajada taʼminlanmoqda? Bu hududda yana qanday ulugʻ allomalar qabri yoki madaniy meros inshootlari bor? Ularning taqdiridan xavotir olmasa boʻladimi? Bu kabi qator savollar har kimning ham koʻnglidan oʻtishi tabiiy.

Albatta, tadbirkorlik subyektiga nisbatan oʻzboshimchalik bilan madaniy inshoot va eski qabristonni buzgani uchun huquqiy baho berilar, u jazolanar. Ammo, lekin... Ming afsuski, buzilgan eski maqbara oʻrni va bu yerdagi ulugʻ alloma qabrini qayta tiklashning endi imkoni yoʻq.

Shunday ekan, sodir boʻlgan bu hodisa juda katta ogohlik bongi boʻlib yangrashi, bizni tarixni yana-da chuqur oʻrganishga, har bir madaniy meros inshootini yetarli darajada muhofazalashga undamogʻi lozim. Toki, tarixiy yodgorliklar hamda ulugʻ ajdodlarimiz qabri toptalmasin!

Ilhom RAHMATOV, 
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?