Abu Ali ibn Sino va COVID-19

19:19 25 Noyabr 2021 Jamiyat
291 0

Foto: Халқ сўзи

Buxoroda anʼanaviy XI xalqaro Abu Ali ibn Sino oʻqishlari boshlandi. Buyuk tabib, olim va faylasufning insoniyatga qoldirgan boy maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish, dunyo ahlini, jumladan, yoshlarni jahon tibbiyoti ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshgan bu ulugʻ ajdodimiz hayoti, faoliyati bilan atroflicha tanishtirish kabi xayrli maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan mazkur tadbir Ibn Sino nomidagi jamoat fondi, Buxoro viloyati hokimligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda alloma nomi bilan ataluvchi Buxoro davlat tibbiyot instituti hamkorligida oʻtkazilmoqda.

Tadbirda Xitoy, Janubiy Koreya, Isroil, Germaniya, Eron, Rossiya kabi qator davlatlar vakillari, mamlakatimiz tibbiyot va tabobat sohasining yetuk olim — mutaxassislari ishtirok etishyapti.Bu galgi oʻqishlar “Abu Ali ibn Sino va COVID-19” deya nomlandi.

Anʼanaga muvofiq, ilmiy — amaliy anjuman qatnashchilari bugun tib ilmining sultoni tugʻilgan Afshona qishlogʻini ziyorat qildilar, uning haykali poyiga gullar qoʻydilar. Ibn Sino nomidagi muzeyda boʻldilar.

— Shunday nufuzli anjumanda qatnashayotganimdan baxtiyorman,— deydi Oʻzbekiston — Koreya xalq tabobati markazi eksperti Yongil Song. — Bu yerda hamkasblarimiz bilan oʻzaro tajriba almashyapmiz. Ibn Sino taʼlimotining mazmun-mohiyatiga oid bilim va tushunchalarimizni boyityapmiz.Ushbu saboqlar pirovardida odamlar salomatligini muhofaza etishda qoʻl keladi, albatta.

Tadbir dasturi doirasida Buxoro davlat universitetida xorijiy olim va shifokorlar tomonidan mahorat saboqlari oʻtkazildi. Unda buyuk ajdodimizning qoʻlyozmalaridan tortib zamonaviy tibbiyot masalalarigacha qamrab olindi. Yoshlar markazida esa matbuot anjumani hamda sohaning yetuk mutaxassislari ishtirokida sogʻlom turmush tarzi mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Anʼanaviy Ibn Sino oʻqishlarining asosiy tadbirlari ertaga ham davom etadi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?