Abdurahmonov ishda, Mirzayev navbatchi — Hokimlar Yangi yilni qanday nishonlaydi?

20:04 31 Dekabr 2020 Jamiyat
5619 0

Bugun 2020-yilning soʻnggi kuni, ertaga esa mamlakatimizga yangi 2021-yil kirib keladi. Bugun, 31-dekabr barcha xodimlar uchun ish kuni, Mehnat kodeksiga koʻra esa barcha xodimlar ishdan bir soat avval uyga ketishlari mumkin.

Albatta, Yangi yil oilaviy bayram, bu kunda barcha oila aʼzolari dasturxon atrofiga yigʻiladi. Harbiylar, shifokorlar, ayrim davlat tashkilotlarida, smenali asosda ishlaydigan insonlar yangi yilni oʻz ishxonasida, xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda kutib oladi.

Hokimlar-chi? Oʻzbekistonda viloyat hokimlari yangi yil bayramini odatda qanday kutib oladi, oila davrasidami yoki ishxonada? “Xalq soʻzi” ayrim hokimlardan bu savollarga javob oldi.

Maʼlum boʻlishicha, Andijon viloyatida korxona-tashkilot va muassasalar rahbarlari, jumladan, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Yangi yilni oʻz ish joyida kutib oladi.

«Biz Andijon viloyatining 3 mln. 172 ming 116 nafar aholisi tinchligi, osoyishtaligiga masʼulmiz. Xalqimiz bayramni koʻngildagidek nishonlashi uchun hamma sharoitni yaratish, bayram tadbirlarini koʻngildagidek oʻtkazishlarini taʼminlash shu kunning eng katta vazifasidir. Shu sabab shu kuni viloyatdagi barcha rahbarlar oʻz ish joylarida boʻladi va Yangi yilni xizmat faoliyati davomida kutib oladilar. Biz uchun viloyatimiz aholisining tan-sihatlikda, tinchlik-xotirjamlikda oʻtgan har bir soniyasi katta bayramdir!”, deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov.

Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev ham Yangi yilda ishdan chiqishga shoshilmaydiganlardan ekan.

Viloyat muxbirimizning aniqlashicha, Sirdaryo viloyat hokimi Yangi yil bayrami kuni ishxonada oʻzi navbatchilik qiladi, bu har yili takrorlanadigan holat ekan.

Hokimning oilasi va farzandlari Yangi yil kirishidan oldin viloyatdagi Yurt bayrogʻi maydoniga kelishadi, Gʻofurjon Mirzayev ular bilan birga maydonni aylanib, sayr qiladi. Yangi yil kirish vaqti hokim birrov uyiga kirib chiqadi va yana ishga qaytadi.

Navoiy viloyat hokimi Qobul Tursunovning ham bayram kungi ish tartibi odatiy ish kunidek, tigʻiz.

Bugun ham, u hokimlikdagi kundalik qabullardan soʻng Nurota tumanidagi “Muruvvat uyi”ga borib muassasada yashovchilarni yangi yil bayrami bilan qutlab, sovgʻalarni topshirgan.

Qaytishda esa hokim Gʻozgʻon shahrida istiqomat qiluvchi ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi 96 yoshli Tursunqul ota Ergashevni bayram bilan qutlashga ham ulgurgan.

Qabuliga kelganlar bilan ham gaplashgan.

Viloyat hokimi kunning, qolgan qismidagi oʻz rejalarini quyidagicha bayon etgan.

«Biz har yili aka-uka, opa-singillar soat toʻqqizdan oʻtib, tugʻilib voyaga yetgan hovlimizga yigʻilamiz. Ota-onamizni bayram bilan qutlab, keyin tarqalamiz. Bugun ham shunday, hozir hoji boboni tabriklab, keyin uyga qaytaman. Yangi yilni oilamiz farzandlarimiz davrasida kutib olaman.

Navoiyda har yili 30 mingga yaqin kishi Yangi yilni oʻz ish oʻrinlarida kutib olishadi. Ular ishi uzluksiz tashkil etilgan NKMK va “Navoiy azot”, «Qizilqumsement», “Navoiy IES” AJlari ishchi mutaxassislari hamda sogʻliqni saqlash muassasalari va tinchlik, osoyishtaligimiz posbonlaridir. Yangi yil kirgach, mazkur korxona va tashkilotlar rahbarlari bilan bogʻlanib, bayram bilan qutlash bahonasida vaziyatdan ogoh boʻlaman. Uyda qolish yoki qolmaslikni vaziyatga qarab belgilayman», deydi Qobul Tursunov.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham yangi yil bayrami kuni odatda kun davomida ish joyida boʻladi. Ayni daqiqalarda ham viloyat hokimligida davlat ishlari bilan band. Navbatchilar ishining borishini nazoratga olgan.

Shu oʻrinda bir maʼlumot, bugungi kunda samarqandliklarni koʻtarinki kayfiyatda yangi yilni kutib olishlari uchun shaharning aholi gavjum boʻlgan 7 ta hududida bayram archalari oʻrnatilgan.

Mazkur archalar atrofida 2020-yilning 15-dekabridan 2021-yilning 15-yanvariga qadar bayram tadbirlari, konsert dasturlari va turli xil koʻngilochar tomoshalar namoyish etilmoqda.

E.Turdimov tungi vaqtda shaharning Kimyogarlar, Soʻlim va Farhod qoʻrgʻoni hamda viloyat musiqali drama teatri binosining old qismi, Temiryoʻl vokzali, Sattepo maskani va Qorasuv massivida oʻrnatilgan mazkur yangi yil archalarining barchasiga shaxsan borib, aholining bayram kayfiyati bilan qiziqadi. Shuningdek, bu joylarda fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda ularning pandemiya qoidalariga rioya qilayotganligini oʻrganadi.

Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmatining maʼlumot berishicha, viloyat hokimi bayramda kechki payt oila davrasida boʻlishga ham ulguradi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Yangi yil kirish daqiqalarida oilasi davrasida boʻladi.

Har yili Mustaqillik, Navroʻz va Yangi yil bayramlarida Prezidentimiz tabriklarini oilaviy eshitish odat tusiga kirib qolgan. Bu holat koʻpchilikda kuzatilsa kerak. Shunday ekan, telefon orqali boʻlsa ham samarqandlik qarindoshlarni tabriklab, biroz Qarshi shahridagi oʻzgarishlarni koʻzdan kechirib, ayniqsa, kommunal sohada viloyatimizda muammo chiqmasligiga amin boʻlganimdan soʻng uyga oshiqaman”, deydi viloyat hokimi.

Material viloyat muxbirlari S.Husanov, A.Shernazarov, T.Eshboyev, A.Yoʻldoshev, F.Bozorov maʼlumotlari asosida tayyorlandi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?