Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti mazmunan oʻzgardi

16:10 30 Sentyabr 2024 Siyosat
247 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-sentyabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga tashrif buyurib, yangilangan sharoitlar bilan tanishdi.

Har bir rivojlangan mamlakat kabi Oʻzbekiston ham oʻz taraqqiyotini taʼlimga asoslanib qurmoqda. Bu sohada chuqur islohotlar, katta-katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Bunda eng muhim boʻgʻin, yoshlar siyosatining poydevori – boshlangʻich va umumiy taʼlimdir.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yurtimizda 37 mingdan ziyod bolalar bogʻchasi, 10 mingdan ortiq maktab bor. Joylarda yana yangilari qurilmoqda. Lekin bu maqsadning bir qismi. Eng asosiy masala – taʼlim sifati.

Shu bois pedagog va mutaxassislar malakasi doimiy oshirib borilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21-iyunda qabul qilingan maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishga doir qarori bu tizimni yangi bosqichga koʻtardi.

Jumladan, shu sohadagi institut A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga aylantirildi. Mavjud majmua kapital taʼmirlanib, ikkita qoʻshimcha bino qurildi, barchasi zamonaviy jihozlandi. Tinglovchilar oʻrni ham, yoʻnalishlar ham koʻpaydi. Eng muhimi, malaka tizimi mazmunan boyidi.

Institut bundan 90-yil oldin, 1934-yilda ochilgan. Shunga bagʻishlab, bu yerda muzey tashkil etilgan. Unda jadid bobolarimizning ilmga eʼtibori, Abdulla Avloniy asos solgan maorif tizimi, oʻsha davrdagi darsliklar va sahna asarlari, umumiy taʼlimning rivojlanish bosqichlari aks etgan. Sunʼiy intellekt yordamida maʼrifatparvar jadidlar qiyofasi gavdalantirilgan. Shu yerda qariyb 88 ming kitob fondiga ega kutubxona ham bor. Davlatimiz rahbari ushbu muzey va kutubxonani koʻzdan kechirdi.

Muassasada malaka oshirish va qayta tayyorlashning anʼanaviy, muqobil hamda dual shakllari, shu jumladan sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida oʻqitish joriy etilgan. Situatsion oʻquv xonasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlari bilan videoaloqa orqali ulangan. Uzluksiz kasbiy taʼlim, menejerlik oʻquv kurslari, pedagoglarni attestatsiyadan oʻtkazish va malaka toifasini berish, maktabgacha va maktab taʼlimini boshqarish kabi dasturiy platformalar joriy etilgan. Bu hududlardagi direktor va oʻqituvchilarni yangi pedagogik texnologiya va uslublarga tezkor oʻqitish imkonini beradi.

Bugungi kunda maktab direktori nafaqat tajribali pedagog, balki yaxshi boshqaruvchi, maʼlum maʼnoda strateg ham boʻlishi kerak. Institut oʻquv dasturida bunga katta eʼtibor qaratilib, direktorlar maktabi tashkil etilgan.

Inklyuziv taʼlim va psixolog xonalarida shu yoʻnalishda ishlaydigan defektolog va tarbiyachilar malakasi oshiriladi. Media studiyada videodarslar tasvirga olinadi. Shuningdek, institutda konferensiya zali, kompyuter va seminar xonalari, oshxona va sharoitlar bor.

Maʼlumki, bugun mamlakatimizda aniq va tabiiy fanlarga alohida ahamiyat qaratilib, maktablar zamonaviy jihoz va oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlanmoqda. Bu oʻqituvchilardan shunga moslashishni, yangi bilim va koʻnikmalarni oʻzlashtirishni talab qiladi. “STEM” laboratoriyasi pedagoglarni shu borada qayta tayyorlash va malakasini oshirishga xizmat qiladi.

Zamonaviy taʼlim talabidan kelib chiqib, institutda oʻqish soatlari koʻpaytirildi. Oʻqituvchilarga munosib sharoit yaratish maqsadida yotoqxona zamonaviy taʼmirlanib, oʻrinlar soni oshirildi.

Prezidentimiz ushbu xonalarda boʻlib, yangi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.

Bu institut kutib oʻtiruvchi emas, targʻibotchi, yetakchi boʻlishi kerak. Hududlardagi oʻqituvchi va direktorlarni koʻproq taklif etib, barcha maktablarda sifatni oshirish zarur. Yangi zamon kishisi, kelajagimiz bunyodkorlari maktabda tarbiyalanadi. Taʼlimsiz kelajak yoʻq, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yerda dars beradigan oʻqituvchi va murabbiylarni xorijda oʻqitish, dunyodagi ilgʻor tajribalarni uygʻunlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Joriy yilning oʻtgan davrida institutda 4 ming 300 nafarga yaqin taʼlim muassasalari rahbarlari malaka oshirdi. Shuningdek, 2 ming nafarga yaqin direktor va direktorlikka nomzodlar menejerlik kurslarida oʻqitildi. “Uzluksiz kasbiy taʼlim” platformasi orqali darslarda 113 ming nafardan ortiq pedagoglar qatnashdi.

Singapur xalqaro taʼlim tashkiloti tomonidan 100 nafar maktab direktori, 200 nafar matematika va tabiiy fanlar oʻqituvchisi qayta tayyorlandi. Institut tuzilmasida Xalqaro tadqiqotlar markazi ham ish boshladi.

Umuman, mamlakatimizda maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari rahbar, pedagog hamda mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishning uzluksiz tizimi yoʻlga qoʻyiladi. 2025-yildan boshlab ular besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda malaka oshiradi. Bundan tashqari, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Kasbiy rivojlanish soati” hamda “Kasbiy rivojlanish kuni” joriy etiladi. Prezident maktablarida toʻplangan ilgʻor tajribalar uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi orqali umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga keng tatbiq qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?