Abdulaziz Komilov Jeneva shahrida oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

22:36 25 Noyabr 2020 Siyosat
206 0

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha onlayn rejimda Jeneva shahrida oʻtkazilgan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyada ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

TIVning maʼlum qilishicha, tadbir Finlyandiya Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi hukumatlari tomonidan hamda BMT koʻmagida tashkil etilgan. Konferensiya ishida 100 dan ortiq davlat, xalqaro va mintaqaviy tashkilot, fuqarolik jamiyati va OAV vakillari qatnashgan.

Anjumanda Oʻzbekiston afgʻonlararo tinchlik muzokaralari boshlanganini olqishlagan va ularning oʻtkazilishiga faol koʻmaklashgan ilk davlatlardan biri boʻlgani qayd etildi. Respublika Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotini tiklashga qaratilgan qator muhim va dolzarb tashabbuslar ilgari surilgan.

Oʻzbekistonning elektr taʼminoti, transport infrastrukturasini qurish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash sohalarida Afgʻonistonga yordam berayotgani taʼkidlandi.

Konferensiyada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish hamda uning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha hamkorlik qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Pandemiya sharoitida birodar afgʻon xalqiga Oʻzbekiston tomonidan birinchi darajali ehtiyoj mahsulotlari, oziq-ovqatlar, tibbiyot vositalarini oʻz ichiga olgan qator gumanitar yordam karvonlari yuborilgani eʼtirof etildi.

Forum qatnashchilari Afgʻonistonda tinchlik jarayonini ilgari surish va uning iqtisodiyotini tiklashga koʻmaklashish borasida Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?