Abdulaziz Komilov vatandoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi

22:48 19 Noyabr 2020 Siyosat
443 0

AQSHda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha vatandoshimiz Saidahmad Arislanovga “Shuhrat” medali va elchixonaning birinchi kotibi Faxriddin Moʻminovga “Mehr-saxovat” koʻkrak nishonini tantanali ravishda topshirdi. Bu haqda mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xabar berdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 27-avgustdagi farmoniga binoan Saidahmad Arislanov mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy salohiyatini oshirish, yosh avlodni vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga qoʻshgan munosib hissasi, mustaqillik gʻoyalariga sadoqati, fidokorona mehnati, vatanparvarligi, jamoat hayotida faol ishtirok etish orqali qoʻlga kiritilgan sharaf va hurmat uchun “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi.

Axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan “ASO Systems” kompaniyasi prezidenti Saidahmad Arislanov 18 yildan ortiq vaqt davomida AQSHda yashab keladi. U ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashda hamda turli xayriya tadbirlarini oʻtkazishda Oʻzbekiston diplomatik vakolatxonalari bilan doimiy ravishda hamkorlik qilib kelmoqda.

Xususan, u 2019-yil 22-dekabr kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovga AQSHda tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda faol ishtirok etdi. Shuningdek, joriy yil aprel oyida mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi va Bosh konsulxonasi hamda Amerika qitʼasi mamlakatlaridagi diaspora tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan “Biz Oʻzbekistonga befarq emasmiz” xayriya aksiyasining bosh koordinatori boʻldi.

Pandemiya davrida AQSH va Kanadadagi vatandoshlar 100 ming dollardan koʻproq pul yigʻdi. S.Arislanov va boshqa yurtdoshlarimizning faol yordami bilan ushbu mablagʻlar evaziga Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun 350 ta kislorod konsentrati va 200 ta pulsoksimetr sotib olindi.

Yurtdoshimiz, shuningdek, AQSHda Oʻzbekistondagi koʻmakka muhtoj fuqarolarga yordam berish uchun tashkil etilgan “Give to Get International Inc” xayriya fondining faol aʼzolaridan biri hisoblanadi.

Hozir Saidahmad Arislanov Oʻzbekiston innovatsion rivojlanish vazirligi, shuningdek, “IT Park” bilan hamkorlikda respublikamizda axborot texnologiyalari sohasida AQSHda tan olinadigan sertifikatlar berishni joriy etish loyihasi ustida ishlamoqda.

S.Arislanov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirib, Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasi, Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi, AQSH va Kanadadagi oʻzbek diaspora tashkilotlari tomonidan oʻtkazilgan “Biz Oʻzbekistonga befarq emasmiz" xayriya aksiyasini ushbu mamlakatlardagi vatandoshlarimizni jipslashtirganini taʼkidladi. «Qisqa vaqt ichida ushbu aksiya 100 ming dollardan koʻproq mablagʻ toʻpladi. Unda barcha diaspora tashkilotlari rahbarlari va faollari, Amerika ishbilarmon doiralari va mahalliy nodavlat tashkilotlari vakillari, sanʼat homiylari, olimlar va madaniyat xodimlari faol qatnashdi. Oʻzbekiston xalqi va Prezidenti mening timsolimda oʻzbek xalqining taqdiri va sogʻligʻiga befarq boʻlmagan AQSH va Kanadadagi vatandoshlarimiz hamda doʻstlarimizning kamtarona hissasini yuqori baholadi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari va Oʻzbekiston xalqiga AQSH va Kanadadagi barcha vatandoshlarimiz va doʻstlarimiz nomidan meni «Shuhrat” medali bilan taqdirlagani uchun minnatdorlik bildiraman», - dedi Saidaxad Arislanov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?