Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

13:20 26 Noyabr 2020 Siyosat
670 0

2020-yil 25-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumidagi ishtiroki doirasida Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Hva bilan uchrashdi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki tomon kun tartibining dolzarb masalalarini muhokama qildi, turli darajadagi boʻlajak qoʻshma tadbirlarning tashkiliy jihatlarini koʻrib chiqdi.

Koreya tomoni siyosat, savdo, investitsiya, moliya, AKT, fan va texnologiyalar sohasidagi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik surʼatiga yuqori baho berdi.

2019-yil ikki tomonlama munosabatlarni alohida strategik sheriklik darajasiga koʻtarilishi Oʻzbekiston-Janubiy Koreya aloqalarining teran va uzoq muddatli ekanligidan darak berishi taʼkidlandi.

Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda hamkorlik qilishning ijobiy tajribasi mamnuniyat bilan eʼtirof etilib, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishdagi birgalikdagi saʼy-harakatlarning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarning ustuvor ahamiyati qayd etildi. Oʻzaro savdoning avvalgi oʻsish surʼatlarini saqlab qolish va uning hajmlarini oshirish uchun aniq choralar koʻrishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi bildirildi.

Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Oʻzbekistonda yangi tibbiyot muassasalarini qurish boʻyicha qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi jarayoni koʻrib chiqildi.

Vazirlar tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?