9-mart holatiga koʻra 5032 nafar Oʻzbekiston fuqarosi Polshadan yurtimizga olib ketildi — Oʻzbekistonning Polshadagi elchisi

02:41 11 Mart 2022 Siyosat
955 0

Foto: Illustrativ foto

Ukrainadagi bugungi vaziyat tufayli hamyurtlarimizni Oʻzbekistonga evakuatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Albatta, vatandoshlarimiz Ukraina hududlaridan osonlik bilan olib chiqilayotgani yoʻq. Bu ishlarni tezkorlik va samarali tashkil etish davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning nazoratida.

“Xalq soʻzi” muxbiri murakkab evakuatsiya jarayonlari qanday kechayotgani haqida maʼlumot olish uchun Oʻzbekistonning Polshadagi favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Boboyev bilan bogʻlandi.

— Qariyb 12 kundan beri Oʻzbekiston fuqarolarini Polsha hududi orqali Ukrainadan Oʻzbekistonga evakuatsiya qilish boʻyicha muhim hamda murakkab jarayon davom etmoqda, — deydi elchi B. Boboyev. — Oʻzbekistonning ilk fuqarolari 27-fevral kuni ertalab Krakoves Korchova nazorat punkti orqali Ukraina — Polsha chegarasini kesib oʻtishgan edi. Fuqarolarimiz orasida yosh bolali ayollar, turli kompaniya vakillari hamda Ukrainada vaqtincha ishlayotgan va oʻqiyotgan talabalar ham bor edi. Shu kundan boshlab, chegaradan oʻtish, Oʻzbekiston fuqarolarini toʻplanish punktlariga joylashtirish hamda ularni Katovitse shahri aeroportiga yetkazish masalalari elchixona nazoratiga olindi. Elchixonada tuzilgan maxsus shtab tun-u kun ishlab turibdi.

Oʻzbekiston hukumati tomonidan fuqarolarni Katovitse shahri aeroportidan evakuatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi va u yerga zudlik bilan Polshadagi Oʻzbekiston elchixonasi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” vakillari yuborildi.

28-fevralda birinchi samolyot Toshkentga uchib ketdi. Katovitsedan Toshkentga har kuni oʻrtacha ikki-uchtadan maxsus reys tashkil etildi. Joriy yilning 9-mart holatiga koʻra, jami 23 ta qatnov amalga oshirilib, 5032 nafar Oʻzbekiston fuqarosi Polshadan Oʻzbekistonga olib ketildi. Elchixona xodimlari tomonidan ijaraga olingan avtobuslarda aeroportga oldindan yetkazib berish tashkil qilindi. 350 kilometr masofaga 100 ga yaqin qatnovlar amalga oshirildi.

Oʻzbekistonning Polshadagi elchixonasi iltimosiga koʻra, aeroportda faqat Oʻzbekiston fuqarolariga issiq ovqat tashkil etildi va yosh bolali ayollar uchun maxsus xonalar ajratildi. Aeroportda tez tibbiy yordam mashinalari navbatchiligi tashkil etildi. Evakuatsiya qilish davomida konsullik tomonidan turli sabablarga koʻra zarur hujjatlarga ega boʻlmagan Oʻzbekiston fuqarolariga 310 tadan ortiq qaytish sertifikatlari berildi.

Toshkentdagi barcha vazirlik va idoralar, Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari”, Toshkent aeroporti vazifalarni belgilangan muddatlarda benuqson amalga oshirmoqda. Ushbu jarayonlarga shaxsan Bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qilmoqda, ijrosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan nazorat qilinmoqda.

Birinchi kundan boshlab Oʻzbekiston boshqa davlatlardan farqli oʻlaroq, birinchilardan boʻlib Ukrainada oʻz fuqarolarini evakuatsiya qilishni boshlagan edi. Bu Polsha rahbariyati — shaxsan Prezident Anjey Duda, Polshaning Tashqi ishlar vazirligi hamda mamlakat parlamenti tomonidan yuqori baholandi.

Maʼlumot uchun, masalan, Qozogʻiston oʻz vatandoshlari uchun 28-fevral va 1-mart kunlari faqat ikkita, Ozarbayjon esa 5-mart kuni bitta qatnovni tashkil etdi. Tojikiston fuqarolari uchun Ukrainani mustaqil ravishda tark etish tavsiya etildi. Qirgʻiziston fuqarolari esa qoʻshni davlatlar — Moldova, Vengriya, Ruminiya, Polsha hududlariga oʻtishgan.

Joriy yilning 4-mart kuni prezidenti Anjey Duda Korchova nazorat punkti yaqinidagi chegara toʻplanish punktiga tashrif buyurdi va Oʻzbekistonning Polshadagi elchixonasi xodimlariga alohida tashakkur bildirib, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga oʻz fuqarolariga nisbatan yuksak eʼtibor hamda gʻamxoʻrligi uchun minnatdorlik izhor etdi.

Prezident Dudaning shaxsiy topshirigʻiga koʻra, meriya tomonidan Oʻzbekiston fuqarolariga Katovitse shahri aeroportiga bepul olib borish uchun avtobuslar ajratildi. Fuqarolarimizning Vatanga qaytishlarida Polsha Prezidenti va hukumati, tashqi ishlar vazirligi, migratsiya xizmatlari, politsiya, transport xodimlari, chegarachilari, Katovitse aeroporti xodimlari, shifokorlar va hatto oddiy mahalliy fuqarolar ham yordam koʻrsatdi.

Elchixonaning murojaati bilan Polsha tashqi ishlar vazirligi kirish vizasiz Polsha chegarasi va aslida Yevropa Ittifoqi chegarasidan mamlakatda 15 kun qolish ruxsati bilan, hatto PZR testisiz oʻtishga ruxsat berdi. Buning uchun Polsha hukumati va mamlakat fuqarolariga cheksiz minnatdorligimizni bildiramiz.

Oʻzbekistonning Polsha va Ukrainadagi elchixonalari evakuatsiya jarayonini jiddiy nazoratga olib, vazifalar ijrosini oxirigacha yetkazishni maqsad qilgan. Ketayotgan yoʻlovchilar elchixonalarimiz xodimlari bilan xayrlashib, iliq soʻzlar hamda tilaklar aytishyapti. Albatta, ularning ayrimlari vaziyat barqarorlashganidan keyin Ukrainaga qaytishlari mumkin. Ammo bugun ular oʻz uylariga qaytib, tinch va osoyishta yashashmoqda. Biz uchun eng muhimi shu aslida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?