85 yildan buyon hamjihatlikda

12:48 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
299 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻzbekiston koʻp millatli yurt. Bugun respublikamizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari ahillikda yashab kelmoqda. Ularning urf-odat va anʼanalariga, milliy qadriyatlariga hurmat munosabatida boʻlish milliy qonunchiligimizning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Toʻylar-toʻyga, bayramlar bayramga ulanishi shundan. Mamlakatimizda koreys xalqi vakillari istiqomat qilayotganligining 85 yilligi munosabati bilan Namanganda tashkil qilingan navbatdagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ham qardosh xalqlar birligi va qadriyatlarini tarannum etdi.

Gullar shahridagi madaniyat markazida Namangan viloyati va Davlatobod tuman hokimliklari hamda milliy madaniy markazlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda koreys, rus, tojik va qirgʻiz milliy madaniy markazlari oʻz anʼanalarini aks ettiruvchi koʻrgazmalari bilan ishtirok etdi.

Tadbirning badiiy qismida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Galina Shin hamda xalqaro tanlovlar ishtirokchisi «Asadal» milliy ansambli tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiq va raqslar, shuningdek, oʻzbek milliy raqs namunalari hamda qardosh xalqlar hamdoʻstligini ifoda etuvchi taronalar ishtirokchilarga zavqli lahzalarni hadya etdi.

— Namanganda ikki mingga yaqin diasporamiz vakillari istiqomat qiladi, — deydi viloyat koreys milliy madaniy markazi raisi, Shuhrat medali sohibasi Larisa Ni. — Oʻzbeklar bilan qadrdonlashib ketganmiz. Bu singari madaniy tadbirlar millatlar oʻrtasidagi birodarlik, ahillikni yanada mustahkamlaydi.

Anjuman soʻnggida uchrashuvda faol ishtirok etgan madaniyat va sanʼat vakillari shuningdek, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Galina Shinga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?