78 million soʻmni oʻzlashtirgan firibgarga sud hukmi eʼlon qilindi

10:48 15 Sentyabr 2021 Jamiyat
768 0

 

Tasavvur qiling, siz ishga muhtojsiz yoki yanada daromadli ish boʻlsa yoʻq demasdingiz. Axir, hamma ham yaxshi yashashni istaydi, buning uchun esa koʻp pul topish kerak. Shunda sizga yaxshigina taklif bildirishsa, tabiiyki, yoʻq demaysiz. Biroq, har qanday taklifni ham avval oʻrganib, keyin rozilik bildirish foydadan holi emas.

Baliqchi tumanida yashovchi Orifjon Olimov (ismlar oʻzgartirilgan) ham 2014-yildan buyon Rossiya Federatsiyasida mehnat qiladi. Topish-tutushi yaxshi, shekilli, ancha oʻzini tutib olgan. Unga kimdir havas bilan, kimdirhasad bilan qarashi rost.

-Bizga ham oʻrgat pul topishni, -dir yordi bir kuni yaqin tanishi. –Rossiyada ishlab, daromad ortirib, uy qursak, toʻy qilsak, deymiz.

-Bajonidil,-rozi boʻldi Orifjon ham. –Rossiya bilan Turkiya hamkorligida faoliyat yurituvchi neftni qayta ishlash zavodi bor. Oylik maoshi 600-700 AQSH dollari atrofida. Turar joy, kiyim-kechak, ovqat tekin. Ishga avtobus olib borib, olib keladi. Xullas, topganing yuz foiz oʻzingniki. Xohlasang, gaplashib beraman. Faqat, yoʻlkira va boshqa harajatlar uchun oldindan 400 dollar berishing kerak boʻladi. Poyezdga chiptani oʻzim olib beraman.

Bir oyda 600 dollar daromad topishini oʻylagan har qanday odam bu taklifga rozi boʻladi, toʻgʻrimi? Shu bois, Orifjon ham atrofiga salkam 20 nafar hamyurtlarini yigʻdi. Ularning barchasi oldindan pul toʻladi. Ishga yubormadi emas, yubordi, albatta. Biroq, vaʼdasining ustidan chiqmadi.

Hamqishloqlar Rossiyaga borib, honavayron joydan panoh topdilar. Yashashga sharoit yoʻq. Aksiga olib ish neftni qayta ishlash korxonasida emas, qurilishda ekan. Ishonchlariga kirgan Orifjon Baliqchida qolgan. Ortga qaytaylik, desa choʻntaklari boʻm-boʻsh. Shu tariqa ikki oy oʻtdi. Bu davr orasida birortasi ish haqi olmadi. Oylik maosh soʻraganlarida esa: «Sizlarning yoʻl kirangiz uchun pul toʻlaganman. Qolaversa, turar-joyingiz, ovqatingiz pul turadi. Barcha harajatlarni oylik maoshingiz hisobidan toʻlayapsiz»,-degan javobni olishdi.

Xullas, yaxshigina firibgarning qoʻliga tushib qolgan soddadil kimsalar odam savdosining qurboni boʻlishlariga ham bir bahya qoldi. Yaxshiyamki, bir yoʻlini qilib, uyga qaytdilar.

Andijon viloyat sudi Matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, jinoyat ishlari boʻyicha Oltinkoʻl tuman sudida Orifjon Olimovning xatti-harakatlari atroflicha oʻrganib chiqildi. Jinoyatchi oʻz qilmishlarini tan oldi va unga nisbatan besh yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Bundan tashqari, salkam 78 million soʻm mablagʻ jabrlanuvchilar foydasiga undirilishi yuzasidan sud qarori eʼlon qilindi.

Yemoqning qusmogʻi bor, qachonki, u nohalol luqma boʻlsa.

Saminjon HUSANOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?