62 yoshli kaktus haqida eshitganmisiz? Har tupi 4 million soʻmlik palmanichi?..
Foto: “Xalq soʻzi”
Namangan viloyatida uch haftadan buyon davom etayotgan 62-Xalqaro gullar festivali mazkur soha hududning chinakam brendiga aylanganligini yana bir karra tasdiqladi.
Ayni jarayonda bu yerdagi nafosat manzaralarini tomosha qilish, madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar tadbirlardan bahramand boʻlish niyatida qadimiy va navqiron shaharga tashrif buyurgan mehmonlar adadi 4 million kishidan ortib ketdi. Ularning 80 mingdan koʻprogʻini uzoq va yaqin xorijdan kelgan sayyohlar tashkil etayotgani nufuzli anjumanning dovrugʻi dunyo boʻylab taralayotgani nishonasidir. Buning zamirida esa Namangan ahlining mehmondoʻstligi, festival tashkilotchilarining faolligi va albatta mahalliy gulchilarning masʼuliyatli mehnati turibdi.
Aslida gulchilik namanganliklarga avlodlardan meros. Bundan oltmish ikki yil avval shaharda oʻtkazilgan moʻjazgina koʻrgazmaning ishtirokchisi boʻlgan tabiatsevar insonlarning farzandlari gʻayrati bilan oʻtgan davr orasida xayrli ish chuqur ildiz otdi. Oddiy havaskorlikdan boshlangan ishtiyoq joylarda sanʼat darajasiga koʻtarildi.
Viloyat markazida istiqomat qiluvchi Moʻminovlar sulolasi shugʻullanib kelgan kaktuschilik bunga misol. Ushbu oʻsimlikning 100 dan ortiq turi parvarishlanadigan xonadonda ilk bayramda koʻrgazmaga qoʻyilgan kaktus hamon yashnab turibdi. Uychi tumani Yorkatay qishlogʻida yashovchi Karimovlar avlodining gulchilikdagi tajribasi ham butun Oʻzbekistonga namuna. Festivalning asosiy manzili boʻlgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻining yonginasida tashkil qilingan muvaqqat bozorchada bugun toʻrt yuzdan ortiq gulchilar savdo oʻrinlarini band qilishgan.
— Gulchilik bizga bobomiz Abdukarim Qosimovdan qolgan,—deydi oltmish ikki yoshli Halima aya Karimova. – U kishining hunarini otamiz Abdurahim Karimov bizga ham oʻrgatdilar va bir gektarlik plantatsiyada toʻqqiz qiz uchun alohida gulzorlar yaratib berdilar. Ular opa-singillarning daromadli biznes manbaiga aylangan. Masalan, men oʻzim sakkiz sotixli issiqxona va ochiq maydonda yiliga ellik ming tupdan ziyod gul, manzarali buta va sitrus oʻsimliklarni parvarishlayman. Ular orasida har tupi toʻrt million soʻm atrofida sotiladigan palma koʻchatlarigacha bor.
Gulchilikka yoʻnaltirilgan oilaviy tadbirkorlikni keng yoʻlga qoʻygan Halima aya festival bozorchasidan oʻziga ajratilgan joyga oʻn ming tupga yaqin koʻchat olib kelib, qisqa vaqt ichida 30 million soʻm atrofida savdo qildi. Aytishiga qaraganda, oilaning yillik daromadi 250 million soʻmdan ortadi. Sulolaning yana bir vakilasi Nodira Karimova oʻtgan yilgi dehqonchilikdan “Gentra“ avtomashinasi olganligi, bu yilgi daromad hisobiga uni “Malibu”ga yangilash harakatida ekanligini gapirdi.
Muvaqqat bozorchada qoʻshni viloyatlardan kelgan gulchilar ham anchagina. Ulardan biri Andijon viloyati, Izboskan tumanining Botirobod qishlogʻilik Avazbek Mamadaliyev oʻzi yetishtirayotgan 30 dan ortiq turdagi gullarni keltirgan. Yigirma kun ichida 15 ming tupdan ortiqrogʻini sotishga ulgurdi.
Bugun festival manzillarining barchasi kun boʻyi, hatto, oqshomdan tunga qadar odamlar bilan gavjum. Chiroqlar yogʻdusida turfa ranglardan olovlangan shahar borliqqa nur taratyapti. Bu yerga kelgan mehmonlarning koʻpchiligi oʻz uylariga nafaqat serzavq tomoshalar shukuhi, balki, sevib xarid qilgan gul koʻchatlari bilan mamnun holda qaytmoqdalar.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring