6-Namangan okrug saylov komissiyasi faoliyatini boshladi

12:01 18 Avgust 2021 Siyosat
685 0

Shu yilning 24-oktyabr kuni mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan Prezident saylovi uchun koʻrilayotgan tayyorgarlik yuqori. Shu maʼnoda bugun Namangan viloyatida ham ushbu muhim siyosiy tadbirga allaqachon tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezident saylovini oʻtkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasi faoliyatini 15-avgustdan boshladi. Saylov okrugining ilk ish kuni barcha OAV xodimlari, jurnalistlar va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumani bilan boshlandi. Ushbu matbuot anjumani 6-Namangan okrug saylov komissiyasi faoliyatiga start berilgani va saylov okrugida yaratilgan sharoitlar bilan yana-da yaqinroq tanishishga imkoniyat yaratdi.

Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi viloyat madaniyat markazida 6-Namangan okrug saylov komissiyasi joylashgan boʻlib, shu yerda barcha jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi. Anjumanda okrug saylov komissiyasi raisi Sobitxon Turgʻunov, rais oʻrinbosari Ozodaxon Chubayeva ishtirok etib kun tartibidagi masala yuzasidan maʼruza qildi. Unda okrug saylov komissiyasi tarkibi, viloyatda saylov jarayonlariga tayyorgarlik, saylov qonunchiligidagi oʻzgarish hamda yangiliklar xususida maʼlumot beriladi. Oʻtkazilgan press tadbir shunchaki quruq maʼlumotlar berishdan holi tarzda oʻtkazilib, erkin muloqot maydoni yaratildi. Bu esa jurnalistlarning butun ommaga yetkazmoqchi boʻlgan maʼlumotlarni siyosiy terminlarsiz oddiy, sodda tarzda qabul qilganliklari anjuman ishini muvaffaqiyatli oʻtishida katta ahamiyat kasb etdi.

Maʼlumot oʻrnida shuni taʼkidlash kerakki, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish kunini belgilash va saylov kompaniyasi boshlanishini eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 23-iyuldan eʼtiboran Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berilgandi.

Shu sanadan eʼtiboran ushbu siyosiy tadbirga qizgʻin taraddud koʻrishga kirishildi. Saylov Kodeksining 9-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuzilishi belgilab qoʻyilgan.

Shundan kelib chiqqan holda okrug saylov komissiyalarini tuzish hamda ularni chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalari joylashadigan yerini koʻrsatgan holda eʼlon qilinishi saylovdan kamida yetmish besh kun oldin, yaʼni 2021-yil 10-avgustgacha amalga oshirilishi belgilangan.

Okrug saylov komissiyasining aʼzoligiga nomzodlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga saylov okruglari tuzilganidan soʻng uch kun ichida tavsiya etadi. Okrug saylov komissiyasining aʼzolari jamoatchilikning obroʻ-eʼtiborli vakillari orasidan tavsiya etiladi.

Joriy yilning 10-avgust kuni Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida viloyatimiz okrug saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar koʻrib chiqib, sessiyada tasdiqlanib, nomzodlar Markaziy saylov komissiyasiga tavsiya etildi. Shu yilning 14-avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining kengaytirilgan yigʻilishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarning, jumladan, 6-Namangan okrug saylov komissiyasi tarkibini koʻrib chiqilib tasdiqlandi. Ushbu 6-Namangan okrug saylov komissiyasi tarkibi 17 nafar kishidan iborat boʻlib, rais, rais oʻrinbosari, kotib va 14 nafar komissiya aʼzolaridir. Hududlardagi barcha okrug saylov komissiyalari faoliyatiga 2021-yilning 15-avgustidan start berildi.

Anjumanda muhim siyosiy voqeaga har jihatdan puxta hozirlik koʻrilayotgani aytildi. Shuni taʼkidlash kerakki, joriy yilning bugungi kun holatiga aholi soni 2 878 698 nafarni tashkil etadi. Bu yilgi saylovlarda dastlabki xatlovga koʻra 2021-yilning shu kun holatiga viloyat boʻyicha jami 1 761 586 nafar saylovchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Shundan, birinchi marta ovoz beruvchi yosh saylovchilar soni 41 614 nafarni va koʻzi ojizlar soni 1 448 nafarni tashkil etadi.
Saylovga puxta tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish yuzasidan yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar tashkil etildi.
Har bir sektor hududida zamonaviy qiyofaga ega boʻlgan binolar xatlov qilinib, 831 ta saylov uchastkalari tanlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?