54 ming 806 nafar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatayotgan oilaviy poliklinikada rentgen tekshiruvi yoʻq. Vaziyat yaxshilanadimi?

21:52 02 Fevral 2021 Jamiyat
859 0

Mamlakatimizda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini tubdan oshirish, tibbiyot muassasalarining resurslar salohiyatini yaxshilashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Sogʻliqni saqlashni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan islohotlar uzoq masofalarni kamaytirib, koʻp muammolarning yechimini osonlashtirdi.

Lekin shunga qaramay ushbu tizimda kutilgan natijaga erishilmayapti. Ayniqsa, fuqarolarimiz tumanlar, chekka qishloqlardagi aholi tibbiy xizmatdagi jiddiy va tub oʻzgarishlarni oʻz hayotida sezmayapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatacidagi OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari Abdulla Roʻzmetov hamda Nigora Qutlimuratovalar xalq bilan yaqindan muloqot qilish, tibbiyot muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, odamlarni oʻylantirib kelayotgan masalalarga yechim topish maqsadida Xorazm viloyatida boʻlishdi.

Xalq vakillari vohadagi uchrashuvlarini Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialidan boshladi.

Talaba yoshlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda sohada yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni tayyorlash, tibbiyot ilm-fanini rivojlantirish orqali joylardagi tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr almashildi.

Talabalarga “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasidagi oʻzgartirishlar haqida maʼlumotlar berildi.

Xalq noiblarining keyingi manzili – Urganch shahridagi 3-sonli oilaviy poliklinikasi boʻldi. Ushbu poliklinika shahardagi 54 ming 806 nafar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi.

Deputatlar muassasa faoliyati bilan tanishar ekan, bemorlar uchun yaratilgan sharoitlar, muassasaning moddiy texnika bazasi, zarur dori vositalari bilan taʼminlanganlik darajasini oʻrgandi.

Maʼlum boʻlishicha, muassasadagi ultratovush diagnostika apparati eskirgan, rentgen tekshiruvi yoʻqligi bois, aholi boshqa tibbiyot maskanlarida tekshiruv oʻtkazishga majbur. Qolaversa, oilaviy shifokorlar bemorlarning shoshilinch chaqiruvi paytida tibbiyot mashinasi yoʻqligi sababli turli qiyinchiliklarga duch kelyapti.

Bu kabi masalalar deputatlar tomonidan amaliy koʻmak berish maqsadida oʻrganilib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari koʻriladigan boʻldi.

Bugungi kunda Xorazm viloyatida 200 ga yaqin davolash profilaktika muassasalari mavjud boʻlib, ularda mehnat qilayotgan 20 mingdan ziyod tibbiyot xodimlari aholi salomatligini muhofaza qilishga oid barcha tadbirlarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

Ayni damda viloyatda12 ta markaz, 5 ta dispanser, 10 ta tuman va 3 ta shahar tibbiyot birlashmalari, aholiga birlamchi tibbiy sanitariya yordami koʻrsatuvchi 18 ta qishloq vrachlik punkti, 65 ta qishloq oilaviy poliklinikalari va boshqa davolash profilaktika muassasalari faoliyat koʻrsatyapti.

Deputatlar vohadagi uchrashuvlari doirasida viloyat koʻp tarmoqli shifoxonasining Nefrologiya boʻlimida boʻlib, bu yerda davolanayotgan bemorlar bilan muloqot qildi.

Hozirgi kunda Nefrologiya boʻlimida 20 ta bemorga moʻljallangan davolash xonalari mavjud. Viloyatda 233 nafar bemor buyrak yetishmovchiligi bilan roʻyxatga olingan. Shulardan 100 nafariga buyrak koʻchirib oʻtkazish zarur. Oʻtgan davr mobaynida 43 nafar bemorga buyrak koʻchirib oʻtkazish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

Shifokorlarning aytishicha, joriy yilda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiali Nefrologiya boʻlimi qoshida ishga tushirilishi va mazkur filialda buyrak transplantatsiyasi jarrohligi yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.

Xalq noiblari nefrologiya sohasida mavjud muammolar, sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishga toʻsqinlik qilayotgan kamchiliklar, bemorlarga yaratilgan sharoitlarni ham oʻrgandi.

Suhbatlar jarayonida keyingi 2 yilda dori-darmon va tibbiyot uskunalari bilan taʼminlanish darajasi ancha yaxshilangani shifokorlar tomonidan eʼtirof etildi. Bemorlar ham shifokor va hamshiralar xizmatidan mamnunligi bildirdi.

Parlament quyi palataci deputatlarining Xorazm viloyatidagi uchrashuvlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер