46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi Toshkentda o‘tkaziladimi?

05:51 06 Avgust 2022 Sport
837 0

Joriy yil 28-iyuldan 9-avgustga qadar bo‘lib o‘tayotgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi FIDEning eng nufuzli, har ikki yilda bir marotaba tashkil etiladigan tadbiri hisoblanib, unda dunyoning 200ga yaqin davlatlari o‘z terma jamoalari bilan ishtirok etishadi.

Bu safargi olimpiadada 188ta erkaklar hamda 162ta ayollar terma jamoalari g‘oliblik uchun dona surishmoqda. Ushbu jamoalar tarkibidan 4 nafar asosiy va bir nafar zaxira o‘yinchi o‘rin olgan.

Bundan tashqari FIDE Kongressi doirasida komissiya yig‘ilishlari bo‘lib o‘tmoqda. Komissiya yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston vakillaridan Muhiddin Madaminov xalqaro toifadagi usta unvoni talablarini bajarganligi munosabati bilan ushbu unvon komissiya a’zolari tomonidan ma’qullangan bo‘lsa, Jahongir Kamalov xalqaro toifadagi arbitr unvoniga ega bo‘ldi. Shuni alohida ta’kidlash kerak, u O‘zbekistondagi eng yosh xalqaro toifadagi arbitrga aylandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining Bosh kotibi Sunnatullo Bozorboyev xalqaro toifadagi tashkilotchi unvoni talablarini bajardi va komissiya xulosasi bilan ushbu unvonni qo‘lga kiritdi.

Yana bir e’tiborga molik masala, mazkur tadbir doirasida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilivchi mamlakatni aniqlash uchun o‘tkaziladigan Kongress hisoblanadi.

FIDE Kongressining asosiy tadbiri 2026-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezbonligi uchun tashkil etilayotgan tanlov bo‘lib, unda O‘zbekiston, Polsha hamda Zambiya davlatlari nomzod sifatida ishtirok etish uchun ariza topshirishgan. Biroq, Polsha va Zambiya tomonidan hukumat kafolat xatlari taqdim etilmaganligi bois ular so‘nggi bosqichda ishtirok eta olishmaydi.

Shu tariqa, O‘zbekiston asosiy nomzod sifatida 8-avgust kuni 200ga yaqin davlat vakillaridan iborat delegatlar tomonidan ovoz berish jarayonida ishtirok etib, 2026-yili o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezbonligini qo‘lga kiritish uchun juda yaxshi imkoniyatiga ega bo‘lib oldi. Faqat buni amalda rasmiylashtirish qoldi xolos.

2026-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezbonligi uchun Toshkent shahri tanlab olingan bo‘lib, olimpiada 2026-yilning sentyabr oyida tashkil etilishi nazarda tutilgan.

MDH davlatlari orasida shu paytgacha Armaniston (Yerevan shahri, 1996-yil), Rossiya Federatsiyasi (Moskva shahri, 1994-yil, Elista shahri, 1998-yil, Hanti-Mansiysk shahri, 2010-yil), Ozarbayjon (Baku shahri, 2016-yil) hamda Gruziya (Batumi shahri, 2018-yil) Butunjahon shaxmat olimpiadasiga mezbonlik qilgan.

2024-yilgi 45-Butunjahon shaxmat olimpiadasi esa Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?