34,2 ming quti tamaki mahsulotlari yoʻq qilindi

15:11 24 Noyabr 2022 Jamiyat
308 0

Poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi zavodlardan birida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan noqonuniy muomaladan olib qoʻyilgan tamaki mahsulotlarini keng jamoatchilik ishtirokida yoʻq qilish boʻyicha navbatdagi tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Davlat bojxona qoʻmitasining masʼul rahbar va xodimlari, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik va jamoat salomatligi boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi shahar boshqarmasi xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab Toshkent shahar va Toshkent viloyati bojxona boshqarmalarining tezkor tuzilmalari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda joriy yilda aniqlangan 4 ta holatda noqonuniy muomaladan olib qoʻyilgan va sud hukmiga koʻra yoʻq qilishi belgilangan, qiymati 297,4 million soʻmlik 34,2 ming quti tamaki mahsulotlari jamoatchilik guvohligida yoqib yuborildi.

Ushbu tamaki mahsulotlari quyidagi bojxona qonunbuzilishi holatlarida noqonuniy muomaladan olib qoʻyilib, sud hukmiga qadar vaqtincha saqlovga olingan edi. Jumladan, 2022-yil 30-mart kuni oldindan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi Zangiota tumani hududida toʻxtatilib koʻzdan kechirilganida, yukxonada xorijda ishlab chiqarilgan va raqamli markirovka kodlariga ega boʻlmagan, qiymati 63 mln. soʻmlik 7 ming quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlandi.

Joriy yilning 20 va 27-aprel kunlari poytaxtimizning Chilonzor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda avvaldan kuzatuvga olingan shaxslardan biri muqaddam noqonuniy yoʻllar bilan olib kirilgan va sifati kafolatlanmagan, qiymati 82,1 mln. soʻmlik 8,6 ming quti, yana bir shaxs esa 61,3 mln. soʻmlik 5,6 ming quti tamaki mahsulotlarini yuk mashinalariga ortayotgan vaqtida toʻxtatib qolindi.

21-iyul kuni Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan aniqlangan navbatdagi holatda esa bojxona xodimlarini chalgʻitish maqsadida qiymati 91 mln. soʻmlik 4 turdagi 13 ming quti tamaki mahsulotlari yuk mashinasidagi yogʻoch eshik romlari orasiga yashirilgani fosh qilindi.

Tamaki mahsulotlarini yoʻq qilish tadbiri doirasida jurnalistlar va blogerlar uchun brifing ham tashkil qilindi.

Brifingda Davlat bojxona qoʻmitasining Surishtiruv va maʼmuriy amaliyot boshqarmasi boshligʻi Akramjon Ahlimirzayev, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi boshligʻi Tolibjon Saidov va boshqalar ishtirok etdi.

Unda maʼlum qilinishicha, shu yilning 22-noyabr holatiga koʻra, respublikamiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi turli idoralar bilan hamkorlikda aniqlangan 314 ta (2021-yilning shu davrida 128 ta holat) huquqbuzarlik holatlarida qiymati salkam 19,2 milliard soʻmlik (2021-yilning shu davrida 17,5 mlrd. soʻm) 1 million 578 ming 346 quti (2021-yilning shu davrida 1 449 305 quti) tamaki mahsulotlari ushlab qolingan.

Oʻtgan yilning shu davriga nisbatan solishtirilganda, ushlab qolingan tamaki mahsulotlari 9 foizga koʻpaygan. Aniqlangan holatlarining 71 tasi boʻyicha jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?