3 qavatli bino 6 qavatga aylantirilgan, ekspertiza xulosasi oʻzgartirilgan: Jizzaxdagi bino qulashi sabablari maʼlum qilindi

14:09 14 Yanvar 2021 Jamiyat
485 0

Avval xabar berganimizdek, 10-yanvar kuni Jizzax shahridagi 6 qavatli binoning 7 ta xonadoni qulab tushgan edi.

Ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokama qilingan mazkur holat Bosh prokuratura nazoratiga olingani, binoning qulash sabablarini aniqlash borasida Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilayotgani maʼlum qilingan edi.

Binoning qulab tushishi sabablarini oʻrganish boʻyicha Hukumat komissiyasi ham tuzilgan edi.

Bugun Qurilish vazirligi tomonidan tashkil qilingan matbuot anjumanida mazkur voqeaning sabablari xususida ham toʻxtalib oʻtildi.

“Xalq soʻzi” nashri muxbiri ham tadbirda ishtirok etdi.

Uning xabar berishicha, Jizzax shahri “Zilol” MFY, Mustaqillik koʻchasida joylashgan 1-2 qavatlari savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shahobchasi, 3-6 qavatlari turar-joy binosi qurilish obyektining buyurtmachisi, “Barakali Qorakoʻl Chorvador”fermer xoʻjaligi, loyihachi “Discovery Architects Group” MCHJ, va pudratchi “Barakali Qorakoʻl Chorvador”fermer xoʻjaligi.

Vazir oʻrinbosari Kozim Toʻlaganovning maʼlum qilishicha, obyekt qurilishi boʻyicha buyurtmachi “Barakali Qorakoʻl Chorvador” F/X tomonidan Jizzax viloyat Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 370-qaroriga asosan Davlat xizmatlari markazi orqali 2020-yil 29-yanvar kuni murojaat qilingan, inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda roʻyxatga olingan va qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma berilgan.

Dastlab, “Jizzax Bunyodkor Loyiha” MCHJ tomonidan binoni 3 qavatli loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan.

Ushbu loyiha-smeta hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlari” DUK Jizzax viloyat filiali tomonidan 2020-yil 27-yanvarda ijobiy ekspert xulosasi olingan.

Shunga qaramasdan buyurtmachi-pudratchi tomonidan xoʻjalik usuli bilan 1-2 qavatlarida savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shahobchalari hamda 3-6 qavatlarida turar-joy binolari qurilishi boʻyicha loyiha hujjatlarini “Discovery Architects Group” MCHJ tomonidan qayta ishlab chiqilgan, Jizzax viloyat Qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik Kengashi bilan kelishilmagan, lekin Jizzax viloyati “Shaharsozlik hujjatlari” DUK Jizzax viloyat filialining 2020-yil 12-oktyabrda №393/1-20-son ijobiy yigʻma ekspert xulosasi olingan.

Buyurtmachi tomonidan loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilgan (uch qavatli binoni olti qavatli binoga oʻzgartirilgan, loyiha-smeta hamda ekspertiza xulosasi oʻzgartirilgan), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi qaroriga binoan 10 kunlik muddatda loyiha-smeta hujjatlariga oʻzgartirish kiritilib, ekspertizadan oʻtkazilganligi yuzasidan hududiy inspeksiyaga maʼlumot kiritilmagan.

Obyektda qurilish-montaj ishlari 2020-yilning mart oyida boshlangan.

Jizzax viloyat QSʼHN inspeksiyasi tomonidan obyektda bajarilayotgan qurilish-montaj ishlarining loyihaga mosligi, bajarilgan ishlarning sifati ustidan hududiy nazorat inspeksiya inspektorlari tomonidan

6 marotaba nazorat ishlari oʻtkazilgan.

Nazorat ishlari boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishi yuzasidan 2020-yil 21-avgustda buyurtmachi va pudratchi tashkilot “Barakali qorakoʻl chorvador” fermer xoʻjaligi ish yurituvchisi A.Boboyevga obyektda:

- “Qurilish ishlab chiqarishni tashkil qilish”ning talabiga zid ravishda qurilish obyektida, loyihada keltirilgan oʻlchamlarni naturaga koʻchirish va vertikal rejalashtirish dalolatnomalari taqdim etilmaganligi;

- “Qurilish ishlab chiqarishni tashkil qilish”ning talablariga asosan qurilish obyektiga olib kelingan temir-beton plita, gʻisht, armatura va sement mahsulotlariga muvofiqlik sertifikati taqdim etilmaganligi;

- Obyektda umumiy va maxsus ish yuritish jurnallari yuritilmaganligi va yashirin ishlarni guvohlash dalolatnomalari rasmiylashtirilmaganligi;

- “Qurilishda texnika xavfsizligi”ning 1.12-bandlari talablariga amal qilgan holda qurilish maydonidagi ishchilar maxsus kiyim va himoya vositalari bilan toʻliq taʼminlanmaganligi;

- Uy-joyning poydevor va devor ishlarida bajarilgan quyma betonlarning loyihaviy mustahkamligiga mos kelishi boʻyicha qurilish-sinov xulosasi taqdim etilmaganligi;

- Qurilish obyektiga buyurtmachi tomonidan texnik nazoratchi va ishlarni yuritish uchun ish yurituvchi (prorab) buyruq bilan biriktirilmaganligi sababli inspeksiya tomonidan muddatli yozma koʻrsatma berilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?